Jahon | 16:29 / 30.11.2024
20461
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda 30 yil nohaq qamalgan erkakka 13 mln dollar kompensatsiya belgilandi. Ammo u pulning hammasini olmaydi

Maykl Sallivan qamoqda o‘tkazgan yillari davomida onasi va to‘rt aka-uka, opa-singillaridan ayrilgan.

Foto: AP

AQShning Massachusets shtatida yashovchi erkak qariyb 30 yil nohaq qamoqda o‘tirgandan so‘ng 13 million dollar miqdorida tovon puliga loyiq deb topildi. Bu haqda AP xabar bermoqda.

Noyabr oyida 64 yoshli Maykl Sallivan nihoyat oqlandi. U 1986 yildan 2013 yilgacha qamoqda bo‘lgan. Erkak 1986 yilda Uilfred Makgrat ismli kishini o‘marish va o‘ldirishda ayblanib, umrbod qamoqqa hukm qilingandi. Yaqinda hay’at a’zolari Sallivanni bu ishda aybsiz deb topdi.

Sud sobiq mahbusga 13 million dollar tovon puli to‘lashga qaror qildi, ammo shtat qonunlariga ko‘ra, bunday holatlarda maksimal kompensatsiya miqdori 1 million dollarni tashkil etadi. Shuningdek, sud hay’ati politsiyadagi kimyogar sud jarayonida yolg‘on ko‘rsatma berganini aniqladi. Bundan tashqari, 1987 yilgi sud jarayonida jinoyatga sheriklikda ayblangan Geri Greys Sallivanga qarshi ko‘rsatma bergani uchun o‘ziga qo‘yilgan jazoni yengillashtirishga muvaffaq bo‘lgan. Ayblov tomonining Sallivan kiyimida qon bor edi, degan da’vosi qayta o‘tkazilgan testlar natijasida rad etildi.

Adolatga erishgan Sallivan qamoqda o‘tkazgan vaqtlari davomida onasi va to‘rt aka-uka, opa-singillaridan ayrilganini, sevgilisi tashlab ketganini, o‘zi esa boshqa mahbuslar tomonidan bir necha bor hujumga uchraganini aytdi. Ozodlikka chiqqach u jamiyatga moslashishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda, tajribasizligi sabab ish topa olmayapti. Moliyaviy tovon puliga qaramay, Sallivan o‘z hayotida sezilarli o‘zgarishlar kutmayotganini bildirdi. U pulni jiyanlariga yordam berish uchun ishlatishni rejalashtirmoqda, shuningdek, o‘z hayotini yaxshilash maqsadida terapiyadan o‘tib, o‘qishga qaytishga umid qilmoqda.

Mavzuga oid