O‘zbekiston | 20:18 / 30.11.2024
14012
3 daqiqa o‘qiladi

Energetika sohasidagi sustkashlik uchun 14 nafar hokimga hayfsan berildi

Elektr energiyasi va tabiiy gazni iqtisod qilish hamda talon-toroj qilinishining oldini olish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan 18 nafar mansabdorga intizomiy jazo berildi. Aholiga ko‘mir tarqatish kechiktirilgani, sifatsiz ko‘mir tarqatilgani uchun “O‘zbekko‘mir” bosh direktori o‘rinbosari E.Yoqubov oxirgi marta ogohlantirildi.

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining farmoyishi bilan, iste’molchilarga yoqilg‘i-energiya resurslarini barqaror yetkazib berish va ularni tejash bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan ayrim rahbarlar intizomiy jazoga tortildi. Bu haqda bosh vazir matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, elektr energiyasi va tabiiy gazni iqtisod qilish bo‘yicha belgilangan rejaga amal qilmagani, energiya resurslaridan foydalanishda limitdan oshishiga yo‘l qo‘ygani hamda nazoratni ta’minlamagani uchun quyidagilarga hayfsan berildi:

— Oqoltin tumani hokimi K.Ernazarov, Mirzaobod tumani hokimi O.Rahmonqulov, Bo‘stonliq tumani hokimi J.Ahmedov, Bekobod tumani hokimi Sh.Do‘sbekov, Zangiota tumani hokimi E.Rustamov, Toshkent tumani hokimi S.Ergashev, Yangiyo‘l tumani hokimi O.Ataullayev, Qo‘qon shahar hokimi M.Usmonov, Bog‘dod tumani hokimi G‘.Soliyev, Beshariq tumani hokimi R.Jo‘rayev, So‘x tumani hokimi S.Saidmusayev, Furqat tumani hokimi E.Asronqulov.

Shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilinishiga yo‘l qo‘ygani uchun quyidagilar hayfsan oldi:

— Qoraqalpog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri B.Juzbayev, Andijon viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari K.Komilov, Namangan viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari G‘.Murodxo‘jayev, Toshkent viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari O.Sultonbekov, Andijon tumani hokimi B.Yo‘ldoshev, Beruniy tumani hokimi I.Xidirov.

Bundan tashqari, hududlarda aholiga ko‘mir tarqatishni kechiktirish, sifatsiz ko‘mir tarqatish kabi holatlar juda ko‘p kuzatilgani hamda ushbu holatlarni zarur darajada nazoratga olmagani uchun “O‘zbekko‘mir” AJ bosh direktori o‘rinbosari E.Yoqubov oxirgi marta ogohlantirildi.

Farmoyish bilan tegishli vazirlik va idoralarga ko‘rsatilgan shahar hamda tumanlar sektor rahbarlari faoliyatiga baho berib, ularga nisbatan tegishli chora ko‘rish hamda natijalari to‘g‘risida bir kun muddatda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritish topshirildi.

Mavzuga oid