Huquq organlarida “tozalash”, gazdan uzilayotgan biznes va shifokorlar oyligi masalasi - hafta dayjesti
Komil Allamjonovga suiqasddan bir oy o‘tib kuch tuzilmalarida iste’folar seriyasi kuzatildi. Hukumat tibbiyot xodimlarining oyligi masalasida nimani o‘ylayotganini ochiqladi. Qish ostonasida yana tadbirkorlarni gazdan uzish boshlandi. Dollar kursi 13 ming so‘mga yaqinlashmoqda. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.
JSTga a’zolik jarayonida Xitoy bilan ham muzokalar yakunlandi
O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lida ikki muhim hamkor – AQSh va Xitoy bilan muzokaralarni yakunladi. Bosh muzokarachi Azizbek Urunov shu oy boshida Vashingtonda, joriy haftada esa Pekinda bo‘lib, ikki tomonlama muzokaralar yakunlanganini e’lon qildi. Tegishli protokollar endi imzolanishi kutilmoqda.
Shu tariqa, O‘zbekiston faol muzokara o‘tkazish istagini bildirgan JSTning 31 ta a’zosidan 22 tasi bilan bozorga kirish shartlarini kelishib oldi. Kelasi hafta bo‘lib o‘tadigan ishchi guruhning 9-yig‘ilishi doirasida ham yangi kelishuvlar bo‘lishi mumkin. Bu kelishuvlarning tafsilotlari va olingan majburiyatlar a’zolik jarayoni yakuniga yetganidan keyin e’lon qilinadi.
JSTga kirish tayyorgarligi doirasida, 1 yanvardan boshlab eksport tushumidan foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq imtiyozlari bekor qilinadi, transport xarajatlarini qisman qoplab berish to‘xtatiladi. Shuning hisobiga davlat budjetining yuki 1,6 trillion so‘mdan ortiqqa yengillashadi. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovning so‘zlariga ko‘ra, bu choralardan kimlardir zarar ko‘rishi mumkin, lekin adolatli savdo shuni taqozo qiladi. “O‘zbekistonning har bir tadbirkori mana shu ochiq raqobat sharoitida tadbirkorlik yuritishga o‘rganishi kerak”, dedi Qo‘chqorov seshanba kuni parlamentdagi chiqishida.
Eslatib o‘tamiz, hukumat tashkilotga a’zo bo‘lib kirishni 2026 yilga rejalashtirgan. Yirik sanoat tarmoqlari shundan keyin ham bir necha yillik o‘tish davri yengilliklaridan foydalanadi.
Qo‘chqorov – shifokorlarning oyligi haqida
O‘zbekiston hukumati pedagoglarning oylik maoshiga nisbatan tatbiq etilgan yondashuvni tibbiyot sohasida ham qo‘llamoqchi. Bu yondashuvga ko‘ra, xodimlar orasidan yuqori malakalilari ajratib olinadi va ularga yuqoriroq maosh to‘lanadi. Shu prinsip asosida, bir necha oy oldin 1000 dollar maosh olayotgan o‘qituvchilar soni 6 mingga yetgani e’lon qilingandi. Lekin muammo shundaki, bu 6 ming nafar o‘qituvchi – xalq ta’limi tizimidagi jami ustozlarning atigi 1 foizini tashkil etadi. Ular boshqa pedagoglardan oliy toifali ekani, sertifikatga egaligi va vazir jamg‘armasidan ustama olishi bilan ajralib turadi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovning aytishicha, pedagoglarning maoshiga nisbatan joriy etilgan bunday yondashuvni shifokorlarga nisbatan ham qo‘llash bo‘yicha topshiriq berilgan. Lekin eng ilg‘or shifokorlarni qanday qilib saralab olish mumkin degan savolga hozircha javob topilmagan.
“Masalaning eng murakkab tomoni shundaki, hammaga 15 foizga, yo 50 foizga, balki 40 foizga ko‘paytirish biz kutayotgan natijani beradimi-yo‘qmi degan savol bor. Shuning uchun topshiriq shunday bo‘lganki, oldinda yurayotgan, malakasi yuqori bo‘lgan, o‘zining ishini sidqidildan bajarayotgan tibbiyot xodimlarining oyligini ko‘paytirish bo‘yicha, to‘g‘risi, hozir yechimlarimiz yo‘q. Bo‘lganida aytib berardik. Bu bo‘yicha ishlayapmiz. Men fikrimni aniq tushuntirish uchun yana bir bor takrorlamoqchiman: asosiy masala – kimga va nima uchun yuqori oylik to‘lash. Shu masalaning yechimi bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birga ishlayapmiz”, – dedi Qo‘chqorov.
Sog‘liqni saqlash sohasi uzoq yillardan beri o‘rtacha maoshlarning sohalar kesimidagi taqsimotida eng oxirgi o‘rinni egallab kelyapti. Statistika agentligining oxirgi hisobotiga ko‘ra, 1 oktyabr holatiga tibbiyot sohasidagi o‘rtacha maoshlar 3 mln 300 ming so‘mni tashkil etgan. Bu – O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik ish haqidan 36 foizga kam.
Dollar kursi 12 925 so‘mgacha ko‘tarildi
O‘zbekistonda 1 AQSh dollarining qiymati 12 900 so‘mdan oshdi. Juma kuni tijorat banklarining ayirboshlash shoxobchalarida Amerika valutasini sotish operatsiyalari 12 870 so‘mdan 12 925 so‘mgacha bo‘lgan kurslarda amalga oshirildi. Shu kuni Markaziy bank 2 dekabrdan boshlab dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursini 12 852 so‘m deb belgiladi. Yil boshidagi kurs bilan taqqoslaganda, 11 oy davomida so‘m dollarga nisbatan 4,2 foizga qadrsizlandi.
O‘zbekistonning eng asosiy savdo hamkorlaridan bo‘lgan biri bo‘lgan Rossiyada rublning qadrsizlanayotgani biroz vaqt o‘tib so‘m kursiga nisbatan ham bosim yaratishi mumkinligi aytilmoqda. Joriy hafta o‘rtalarida 1 dollar 108 rublgacha, 1 yevro 113 rublgacha ko‘tarildi, ko‘p o‘tmay, regulyatorning muayyan choralari ortidan Rossiya valutasi biroz mustahkamlandi. Ushbu fonda qozoq tengesi ham tebranishlarga uchrashi ortidan, Qozog‘iston Milliy banki inflatsiya va iqtisodiy o‘sish prognozlarini salbiy tarafga qayta ko‘rib chiqib, 2022 yildan buyon ilk marta asosiy stavkani ko‘tarishga majbur bo‘ldi.
O‘zbekistonga kelsak, 2025 yilgi budjeti parametrlarida AQSh dollarining kursi o‘rtacha yillik 13 250 so‘mdan hisoblangan. Hukumat prognozlariga ko‘ra, yillik o‘rtacha kurs 2026 yilda 13 725 so‘m, 2027 yilda esa 14 150 so‘mni tashkil etishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Markaziy banki bir oy oldin 2025 yil uchun inflatsiya prognozini 6-7 foiz darajasida tasdiqlagan edi.
Allamjonovga suiqasddan keyingi “tozalash”
O‘tgan hafta oxiri, shu hafta boshi Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd atrofidagi xabarlarga boy bo‘ldi. Avvaliga Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov ishdan olingani, uning o‘rniga mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov tayinlangani xabar qilingandi. Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mudofaa vaziri lavozimiga Shuhrat Xolmuhammedov tayinlangan. U bungacha mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli kuchlar bosh shtabi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi. Abdusalom Azizov esa Xavfsizlik kengashi kotibiyatining ixtiyoriga o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, ushbu suiqasd yuzasidan o‘tkazilayotgan tekshiruvlar doirasida yana kamida 5 mulozim ishdan olingani ma’lum. IIV Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i Ahrorjon Adhamov, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev, Toshkent shahar IIBB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Timur Sobirov, DXX Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i Alijon Ashurov va uning bosh vazir yordamchisi bo‘lib ishlagan ukasi Sarvar Ashurov ishdan bo‘shatilgan. Ular Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd ishini fosh etishga to‘sqinlik qilgani aytilmoqda.
Dushanba kuni Bosh prokuratura hodisa bo‘yicha bergan bayonotida ilk marta Komil Allamjonov ismini tilga oldi. Bayonotda aytilishicha, jinoyat sodir etilganidan bir oy o‘tib, gumondor sifatida qamoqqa olinganlar soni 7 kishini tashkil etmoqda. Ulardan biri, K.S. ismli shaxs Qozog‘istonda qo‘lga olingan, yana bir gumondor Javlon Yunusov esa Janubiy Koreyada ushlanib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.
Hafta boshida, shuningdek, Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyatida ham o‘zgarish bo‘ldi. 2022 yildan beri bo‘sh turgan qo‘mita raisi lavozimiga dushanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev saylandi. Otabek Umarov qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, Sherzod Toshmatov rais o‘rinbosari, Oybek Qosimov bosh kotib lavozimini egalladi. Toshmatov va Qosimov bungacha ham ushbu lavozimlarida ishlab kelayotgan, Otabek Umarov esa Prezident davlat xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritayotgandi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Qish ostonasida yana tadbirkorlarni gazdan uzish boshlandi. Respublika bo‘yicha 15 mingdan ortiq tadbirkorning ro‘yxati tuzilib, ular bosqichma-bosqich gazdan uzilmoqda. Kun.uz'ga murojaat qilgan tadbirkorlar oldindan buyurtmalar olib qo‘ygani, gaz yo‘qligi uchun korxonasining faoliyati to‘xtab qolgani, xodimlariga ham oylik berolmay qolishini aytmoqda. “Hududgazta’minot”ning ma’lum qilishicha, ro‘yxatdagi tadbirkorlar bilan tuzilgan shartnomalarda gaz yetkazib berish kafolati ko‘zda tutilmagan. Vaholanki, avvalroq Energetika vazirligi issiqxonalarga gaz yetkazib berishda cheklov yo‘qligini aytib bayonot bergandi.
BAAda uch o‘zbekistonlik isroillik rohibning o‘limida gumonlanib hibsga olindi. 28 yoshda bo‘lgan Tsvi Kogan ismli ravvinning jasadi 24 noyabr kuni Al-Ayn shahridan topilgan. Isroil razvedkasi shubha ostiga olingan uch o‘zbekistonlikni Eronga aloqador guruhlarga yollanganlikda gumonlayapti. Eronning BAAdagi elchixonasi ayblovni rad etdi. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Isroil elchisi bilan uchrashib, hamdardlik bildirdi. “Terrorizm va ekstremizmning chegarasi va millati yo‘q. O‘zbekiston hukumati tergov jarayonlarida BAA va Isroil idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda”, dedi Baxtiyor Saidov.
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov lavozimini tark etdi. Viloyatga 6 yil rahbarlik qilgan 55 yoshli Turdimovni payshanba kuni bosh vazir Abdulla Aripov iliq tarzda lavozimdan kuzatib qo‘ydi. Viloyat kengashi uning o‘rniga Hisob palatasi raisi lavozimida ishlab kelgan Adiz Boboyev nomzodini ma’qulladi. Eslatib o‘tamiz, Erkinjon Turdimovning saylovdan keyin lavozimga qayta tasdiqlanganiga hali 1 oy ham bo‘lmagandi. Avvalroq Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida ham yangi saylangan deputatlar avvaliga eski hokimni, bir haftadan keyin esa boshqa mulozimni hokim lavozimiga tasdiqlab bergandi.
Toshkentda yo‘l bo‘ylarida parkomat bilan jihozlangan avtoturargohlar tashkil etish boshlanadi. Shahar bo‘ylab 86 ta ana shunday pulli avtoturargoh uchastkasini auksionda 120 mlrd so‘mga “Balcomuz” MChJ yutib oldi. Shahar hokimining qaroriga ko‘ra, yo‘l bo‘yi avtoturargohlarida to‘lov miqdori tarif zonasiga qarab soatiga 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgacha deb belgilangan. Tushumlarning kamida 1/12 qismi poytaxt yo‘l jamg‘armasiga o‘tkaziladi. Hafta davomida, shuningdek, Yakkasaroydagi Askiya bozorining hududi va binolari 17 mln dollarga yaqin boshlang‘ich narxda sotuvga qo‘yildi. Bozor o‘rnida savdo majmuasi va ehtimol mehmonxona qurilishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda g‘oyib bo‘lgan o‘nlab avtomobillar sirli tarzda Qozog‘istonga olib chiqib ketilgani ma’lum bo‘ldi. Kun.uz surishtiruvida aniqlanishicha, Toshkentda yashovchi shaxs odamlardan bo‘lib to‘lash sharti bilan avtomobil sotib olib, avtomobillarni “Yallama” posti orqali Qozog‘istonga chiqarib yuborgan. Bojxona xodimlari esa birovning mashinasining haydab kelgan shaxsni ishonchnomasi bo‘lmasa ham mashina bilan birga chegaradan o‘tkazib yuboravergan. Bojxonachilar bunga javoban haydovchilardan ishonchnoma talab qilish vakolatiga ega emasligini aytmoqda. Kun.uz Bojxona qo‘mitasining bu bayonoti va boshqa holatlar bo‘yicha o‘z surishtiruvini davom ettirmoqda.
Mavzuga oid
22:57 / 21.12.2024
Farg‘onadagi portlash, Jizzaxga yangi hokim va kadastrdan tadbirkorlarga “qora xat” - hafta dayjesti
20:10 / 14.12.2024
Energetiklarning ob-havo bahonasi, elektr toki defitsitining tugashi va MBda yangi rais - hafta dayjesti
21:00 / 07.12.2024
Parlamentdagi sukunat, BAAdagi hibslar va Turkmaniston bilan kelishuv - hafta dayjesti
22:05 / 23.11.2024