Jahon | 14:04 / 30.11.2024
3948
10 daqiqa o‘qiladi

Muxolifat qo‘liga o‘tgan Halab, yon berishga tayyor Zelenskiy va qora ro‘yxatdan chiqarilayotgan «Tolibon» - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

 Suriya: Halab uchun janglar

Suriyada Halab shahri uchun qayta to‘qnashuvlar boshlandi. Qurollangan muxolifat kuchlari Turkiya chegarasiga yaqin Halab shahriga kirganini e’lon qildi. CNN xabarni jangarilar bayonotiga asoslanib tarqatgan bo‘lsa-da, hozircha bu mustaqil manbalar orqali tasdiqlanmagan.

27 noyabrdan boshlab, isyonchilar Asad hukumatining g‘arbiy Halabdagi pozitsiyalariga keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Anadolu agentligi ma’lumotiga ko‘ra, jangarilar ikki kun ichida Halab va Idlib hududlarida 56 ta aholi punktini nazoratga oldi va hukumatning og‘ir qurollari hamda omborlarini egalladi.

Shuningdek, Hukumat kuchlari jangarilarning bunday muvaffaqiyatlarini inkor etib, ularni yolg‘on tarqatishda aybladi. Ular jangarilarning dronlari va og‘ir texnikasini yo‘q qilganini bildirdi.

Halab shahri Suriyaning eng yirik aholi markazi bo‘lib, u ko‘p yillardan buyon qurolli to‘qnashuvlar markazida qolmoqda. Oxirgi marta hukumat kuchlari va Rossiyaning qo‘shma hujumi natijasida 2020 yilda jangarilar shahardan butunlay quvilgan edi.

Bashar Asad rejimiga qarshi qurolli muxolifat Saroqib shahrini ham o‘z nazoratiga oldi. Ushbu strategik muhim shahar Idlib viloyatida joylashgan bo‘lib, Damashq-Halab va Lataqiya-Halab avtomagistrallari kesishgan nuqtada joylashgan.

28 noyabr kuni muxolif kuchlar rejimi nazoratida bo‘lgan bir necha qishloqlarni, jumladan, Trimbe, Dadih, Kafirbattih va boshqa hududlarni egalladi. Saroqibni nazoratga olish uchun ikki kunlik shiddatli janglar olib borildi. Hukumat kuchlari juda ko‘p yo‘qotishlarga duch keldi va tumanni tark etishga majbur bo‘ldi.

Janglar 27 noyabrda Halab viloyatining g‘arbida boshlanib, umumiy hisobda 70 dan ortiq aholi punkti muxolifat nazoratiga o‘tdi. Saroqib muxolifat uchun strategik ustunlik yaratdi.

Qurbon bo‘layotgan jurnalistlar

Isroil armiyasi Livanning Hiam qishlog‘ida jurnalistlarga qarata ot ochdi. Hodisa chegaradan 6 kilometr uzoqlikda, muxbirlar qochqinlarning o‘z uylariga qaytishini hujjatlashtirayotgan vaqtda sodir bo‘ldi.

Kam deganda uch nafar jurnalist yaralangan, jumladan, American Associated Press agentligining fotojurnalisti Muhammad Zaatariy o‘qdan ikki jarohat olgan, rossiyalik Sputnik agentligi muxbiri Abdulqodir al-Bay esa zo‘ravonlikdan jabrlangan.

Livan matbuoti muharrirlar uyushmasi rahbari Yusuf Qusayfiy bu hodisani «sulhning birinchi buzilishi», deb atadi. Uning aytishicha, 2023 yildan buyon Isroil Livanda kamida 12 jurnalistni o‘ldirgan.

G‘azo sektorida esa Isroil hujumlari natijasida halok bo‘lgan jurnalistlar soni 190 nafarga yetdi. So‘nggi qurbon A’lo Barhum bo‘lib, u bir necha media nashrlari uchun ishlar edi. Uning o‘limi bo‘yicha batafsil ma’lumot berilmagan.

G‘azo hukumatining media ofisi xalqaro jamoatchilikka murojaat qilib, Isroilning jurnalistlarga qarshi jinoyatlari uchun xalqaro sud oldida javobgarlikka tortilishi lozimligini ta’kidladi.

Borrel G‘azodagi fojia haqida

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar rahbari Jozep Borrel G‘azoda davom etayotgan insonparvarlik inqirozini to‘xtata olmaganidan afsusda. Uning aytishicha, G‘azoning shimolidagi 250 mingdan ortiq inson BMT yordamining yetib bormasligi sababli ochlik va kasalliklardan aziyat chekmoqda.

«Ular qiynoqlardan o‘lmoqda, dunyo esa buni ko‘rmayapti yoki qila oladigan chorani topmayapti. Biz esa bunday sharoitlarda ularga yordam qo‘lini cho‘za olmayapmiz», — degan taassuf bilan Borrel.

Shuningdek, u Livanda erishilgan tinchlikni ijobiy, biroq barqaror bo‘lmagan qadam, deya ta’kidladi. Ukraina haqida so‘zlar ekan, Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordamning to‘xtatilishi Rossiyaning Kiyevga yetib borishi uchun sharoit yaratishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Yevropa Ittifoqi diplomatiyasining yangi rahbari Kaya Kallas lavozimiga kirishgach, Ukrainaga tashrif buyurishini ma’lum qildi.

«Yevropa o‘z kuchini tiklashi kerak. Biz dunyo markazi bo‘lishdan uzoqdamiz va uyg‘onish va harakat qilish uchun fursat yetdi», — dedi Borrel.

Zelenskiy yon berishga tayyor

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy agar mamlakat hududi NATO himoyasi ostiga olinsa, Rossiya bilan urushning «qaynoq fazasi»ni to‘xtatishga tayyorligini bildirdi.

Uning aytishicha, NATO a’zoligi Rossiyaning hududiy ekspansiyaga qayta urinishining oldini oladi va ishg‘ol qilingan hududlarni diplomatik yo‘llar bilan qaytarish imkonini yaratadi.

Zelenskiyning ta’kidlashicha, gap yo‘qolgan hududlardan voz kechish haqida ketmayapti. U Qrimni bilan birga Ukraina hududlarini xalqaro darajada tan olingan chegaralarda NATOga qo‘shilishni reja qilmoqda. Bu, uning fikricha, Ukrainaga xavfsizlik kafolatini taqdim etadi.

Avvalroq Oq uy Ukrainani NATOga a’zo bo‘lishga rasman taklif qilmaslikka qaror qilgani xabar berilgan edi. Bayden ma’muriyati ikki tomonlama xavfsizlik kelishuvlari orqali Ukrainaga yordam ko‘rsatishga e’tibor qaratmoqda.

AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga G‘arb qurollari bilan zarba berishga ruxsat bergani hamda suverenitet va hududiy yaxlitlikni qo‘llab-quvvatlayotganini ma’lum qilgandi.

Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlari

Rossiya armiyasining Ukrainadagi yo‘qotishlari soni 80 ming 973 kishiga yetdi, deb xabar berdi «Mediazona» va BBC rus xizmati jurnalistlari. Ular bu ma’lumotlarni ochiq manbalar va volontyorlar guruhi yordamida aniqlashgan.

Qayd etilishicha, qurbonlarning 22 foizi urush boshlanganidan so‘ng shartnoma imzolagan harbiylardir. Jurnalistlarning tahliliga ko‘ra, ko‘ngillilar frontga jo‘natilgandan keyin bir necha hafta ichida halok bo‘lyapti. Umumiy qurbonlar orasida mahkumlarning ulushi kamayib, noyabrdagi 26 foizdan hozirda 18 foizga tushgan. Hozirgacha 14 ming 738 mahkumning halok bo‘lgani tasdiqlangan.

Shuningdek, 9861 mobilizatsiya qilingan harbiy va 14 ming 542 shartnomali askarning qurbon bo‘lgani aniqlangan. Halok bo‘lganlar orasida 3067 desantchi, 1189 dengiz piyodasi, 575 maxsus xizmat xodimi va 265 uchuvchi bor. Eng ko‘p yo‘qotishlar Boshqirdiston, Tatariston va Sverdlovsk oblastiga to‘g‘ri kelmoqda.

Jurnalistlar ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlarning 52 foizi urush boshlangunga qadar armiya bilan aloqasi bo‘lmagan. 2023 yilning birinchi haftalari eng ko‘p yo‘qotishlar qayd etilgan davr bo‘lib, bu paytda har kuni 700 nafardan ortiq harbiy halok bo‘lgan.

Qora ro‘yxatdan chiqayotgan «Tolibon»

Rossiyada «Tolibon»ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish uchun qadamlar qo‘yilmoqda. Davlat Dumasiga bu borada qonun loyihasi kiritildi. Unga ko‘ra, «Tolibon» o‘z faoliyatini terrorizmni qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib qilishdan to‘xtatsa, ro‘yxatdan chiqarilishi mumkin. Qonundagi yakuniy qaror sud tomonidan qabul qilinadi.

Ekspertlarga ko‘ra, Rossiya «Tolibon» bilan aloqalarni kuchaytirish orqali ularni Ukrainadagi mojaroga jalb qilishni ko‘rib chiqayotgan bo‘lishi mumkin. Ayrim tahlilchilar «Tolibon»ning ko‘p miqdordagi jangarilari mavjudligini va ular Rossiya uchun strategik ahamiyat kasb etishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Shuningdek, bu masala Rossiyada hozirgi siyosiy va xalqaro vaziyatda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. «Tolibon» hukumatidagi ba’zi amallar, xususan, inson huquqlarini buzish holatlari, qaror jarayonida katta rol o‘ynashi mumkin.

Tbilisidagi namoyishlar

30 noyabr kuni ertalab Gurjiston poytaxti Tbilisidagi Shota Rustaveli xiyobonida namoyishchilar o‘z harakatlarini davom ettirmoqda. Ular o‘rindiq va chiqindi qutilaridan barrikadalar qurib, vaziyatni keskinlashtirmoqda. Jurnalistlarning xabar berishicha, namoyishchilar vaqt-vaqti bilan olov yoqib, «Sakartvelo!» deb hayqirishmoqda.

Kecha kechasi bo‘lib o‘tgan namoyishlarda parlament binosi oldida muxolifat va politsiya o‘rtasida keskin to‘qnashuvlar yuz berdi. Namoyishchilar parlament darvozalarini sindirishga urinib, politsiyaga petarda va bo‘yoq idishlarini uloqtirgan. Hukumat esa miting «qonun doirasidan tashqariga chiqqanini» ta’kidlab, suv purkagichlar va qalampir gazidan foydalandi. Natijada, namoyishchilar parlament binosidan siqib chiqarilgan.

Gurjistondagi bu keng ko‘lamli norozilik aksiyalari Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish muzokaralarining 2028 yilgacha to‘xtatilgani e’lon qilinganidan so‘ng boshlandi. Namoyishlarda Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili ham ishtirok etib, yangi saylovlar o‘tkazilishi zarurligini ta’kidladi.

Mavzuga oid