Xotinining barmog‘ini sindirgan shaxsga oilaviy zo‘ravonlik ayblovi bilan hukm o‘qildi. U Qurilish vazirligi mutaxassisi bo‘lgan
Vazirlik mutaxassisi sudda o‘zaro janjal vaqtida turmush o‘rtog‘ining barmog‘i uning “qo‘liga kirib qolganini” bildirgan. Ayol esa aksincha ko‘rsatma berib, eri barmog‘ini ataylab qayirib sindirganini ma’lum qilgan. Sud mutaxassisni oilaviy zo‘ravonlik jinoyatini sodir qilganlikda aybli deb topib, jazo qo‘lladi.
Toshkentda turmush o‘rtog‘ining barmog‘ini sindirgan shaxs jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Hukmga ko‘ra, 1992 yilda tug‘ilgan S.F. Qurilish vazirligida mutaxassis bo‘lib ishlagan. U 2024 yil 21 avgust tunda Olmazor tumanidagi xonadonida xotini B.F.ning chap qo‘l barmog‘ini qasddan sindirib, unga tan jarohati yetkazgan. O‘tkazilgan sudga oid tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ayolga “sog‘ligining uzoq, 21 kundan ko‘p bo‘lgan muddatga buzilishiga olib keladigan o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati” yetkazilgan.
S.F. sudda aybiga iqrorlik bildirmagan va janjal vaqtida xotinining barmog‘i “qo‘liga kirib qolganini”, qo‘lini tortib olayotganida B.F. “barmog‘im sindi” deya baqirib yuborganini aytgan. Shuningdek, erkak hozirda qilmishidan pushaymonligini, jabrlanuvchidan kechirim so‘rashini ma’lum qilgan hamda suddan yengillik berishni so‘ragan.
Jabrlanuvchi B.F. esa 21 avgust kuni kechqurun S.F. bilan kasal qiziga e’tibor bermayotgani masalasida janjallashib qolganini, turmush o‘rtog‘i uni urmoqchi bo‘lganida qo‘lini ko‘tarib, himoyalanganini, ammo eri barmog‘ini ushlab olgan holda ataylab qayirib sindirganini bildirgan. Bundan tashqari, ayol turmush o‘rtog‘i bilan yarashish niyati yo‘qligini, sababi bu oilaviy janjal anchadan beri davom etib kelishini, S.F.ga nisbatan qonuniy jazo tayinlashni so‘ragan.
Sud hukmi bilan S.F. Jinoyat kodeksining 162-1-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Mavzuga oid
16:35 / 23.12.2024
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024