Sport | 11:55 / 01.12.2024
12819
20 daqiqa o‘qiladi

«Barsa» autsayderga yutqazdi, «Arsenal» raqiblarni qo‘rqitmoqda. Kun o‘yinlari

Shanba kuni Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: «Arsenal»da yana yirik hisob

«Vest Hem» — «Arsenal» 2:5
Gollar:
Van-Bissaka (38), Emerson (40) — Gabriel (10), Trossar (27), Edegor (34, penalti), Haverts (36), Saka (45+5, penalti).
«Vest Hem» – Fabianski, Emerson (Tsoufal, 65), Kilmen, Todibo, Van-Bissaka, Paketa (Rodriges, 78), Souchek, Sammervill (Alvares, 46), Soler (Irving, 78), Bouen, Antonio (Ingz, 65).
«Arsenal» – Rayya, Kalafiori (Zinchenko, 56), Gabriel (Kivyor, 46), Saliba, Timber, Rays, Jorjinio, Edegor (Jyezus, 74), Trossard (Nvaneri, 85), Haverts, Saka (Sterling, 74).
Ogohlantirishlar: Emerson (42), Saka (42), Sammervill (45+1), Fabianski (45+3), Souchek (90+4).

Edegor jarohatidan tuzalgach va bir necha o‘yinni o‘tkazib yuborgan Saka ham oldingi formasiga qaytgach — «Arsenal» o‘yinini kuzatish yana estetik zavq bera boshladi. «Vest Hem» bilan derbi esa YeChLda «Sporting»ga qarshi kechgan o‘yinning (5:1) o‘ziga xos davomiga aylandi. Birinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib «bolg‘achilar» darvozasi to‘rt marta ishg‘ol etib bo‘lingandi, barchasi «kanonirlar» uchun odatiy gol bilan boshlandi. Saka kornerdan to‘p uzatdi — Gabriel Magalyans bosh bilan gol urdi.

Ikkinchi golli hujum — gurmanlarning ishtahasini qo‘zg‘aydigan yegulik misoli bo‘ldi. Edegor yumshoq pas bilan to‘pni himoyachilar ortiga tashlab berishidan — Saka bo‘sh darvoza qarshisida turgan Trossarni golli pas bilan ta’minlashigacha. Yevropa ligalarida bu mavsumda 10 ta golli uzatma amalga oshirgan ilk futbolchiga aylangan Saka uchinchi golda ham asosiy ishni bajardi, u jarima maydoniga ikki himoyachi orasidan yorib kirdi va Lukas Paketani fol ishlatishga majbur qildi, shundan keyin Edegorga mavsumdagi ilk golini urishi uchun imkoniyat taqdim etdi. Bundan ikki daqiqa o‘tib Trossar maydon markazidan turib Haversni yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi.

Ko‘pchilik fevral oyida bo‘lgani kabi «Arsenal» yana ushbu raqibini safarda 6:0 hisobida mag‘lub etishini kuta boshladi. Lekin mezbonlar uyg‘onishdi va ikki daqiqa ichida jamoaning ikki laterali — Van-Bissaka va Emerson ikkita javob golini urishdi. Faqat birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Fabianski to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘yib, Magalyansning boshiga zarba berib yubordi va belgilangan 11 metrlik jarima zarbasini bu safar Saka aniq ijro etib, amalda «Vest Hem»ning kambek uchun umidlarini ko‘mdi. Ikkinchi bo‘limda mezbonlar qo‘polroq o‘ynay boshladi, Arteta o‘z yetakchilarini maydondan oldi va muxlislar boshqa gol ko‘rishmadi. Lekin birinchi bo‘limdagi gollar «kanonirlar» APL tarixida bir jamoa darvozasiga safarda 60 gol urgan ilk jamoaga aylanishi uchun yetarli bo‘ldi.

Ispaniya: «Barsa»da bunaqasi 41 yildan beri bo‘lmagandi

«Barselona» — «Las-Palmas» 1:2
Gollar:
Rafinya (61) — Ramires (49), Silva (67).
«Barselona» – Penya, Balde (Martin, 26), Martines, Kubarsi (Viktor, 90+2), Kunde (Fort, 56), Pedri, Gavi (de Yong, 57), Torre (Yamal, 46), Lopes (Ferran Torres, 57), Rafinya, Levandovski.
«Las-Palmas» – Sillessen, Marmol (Makberni, 90+2), Makkenna, Suares, Viti (Benito Ramires, 83), Kampanya (Luaodis, 68), Rodriges (Fabio Gonsales, 83), Moleyro, Xavi Munyos, Sandro Ramires (Marvin, 73), Fabiu Silva (Mata, 73).

«Barselona» Ispaniya chempionatining bu mavsumida yaxshi start olgandi, ammo «Real» bilan orada yuzaga kelgan farq yo‘qqa chiqa boshladi. Bu tur oldidan bu farq yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha atigi bir ochkoni tashkil etayotgandi (madridliklarda «Valensiya»ga qarshi zaxira o‘yini bor). 15-turda 17-o‘rindagi «Las-Palmas» kataloniyaliklar mehmoni bo‘ldi. Bu o‘yin arafasida Yamal, Torres va Garsiya safga qaytdi, ammo ularning barchasi zaxirada qoldirildi. Lekin Gavi va Pedri juftligi boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi, chunki o‘tgan turda Kasado qizil kartochka tufayli diskvalifikatsiyaga uchragandi.

«Barselona» to‘pga egalik qildi va raqibning kam sonli qarshi hujumlarida ofsayd qopqonini ishga tushirdi. Lekin mezbonlar darvozasi yaqinida baribir xavfli vaziyatlar yuzaga keltirildi. 21-daqiqada esa o‘ta yoqimsiz epizod ro‘y berdi.

Ramires Baldening yo‘lini to‘sdi, «Barselona» himoyachisi esa yo‘talib, tomog‘ini ushlagancha uzoq vaqt gazonda yotdi. Videotakror raqib uning tomog‘iga yelkasi bilan zarba berganini ko‘rsatdi. Futbolchiga uzoq vaqt davomida yordam ko‘rsatildi, keyin esa u maydonni zambilda tark etdi. 26-daqiqada uning o‘rniga Xerard Martin tushdi.

Ko‘p o‘tmay aynan u Ramiresga xuddi shunday zarba berib, jamoadoshi uchun qasos oldi. Ikki holatda ham hakam hatto sariq ham ko‘rsatmadi, VAR esa follarni qizilga tortmaydi deb hisoblab, vaziyatga aralashmadi (umuman olganda, bu o‘yinda birorta kartochka ko‘rsatilmadi).

Birinchi bo‘limda «Barsa» ko‘proq vaziyat yaratdi, ammo gol urolmadi. Tanaffus arafasida kataloniyaliklar golga juda yaqin kelishdi, Rafinya qarshi hujumda raqiblardan qochib ketib zarba yo‘lladi, ammo to‘p to‘singa tegdi.

Ikkinchi bo‘lim boshida Torre o‘rniga Yamal maydonga chiqdi, ammo mehmonlar hisobni ochishdi. Ular o‘z darvozasi oldidan to‘pni o‘yinga kiritib, uch pas bilan butun maydonni bosib o‘tishdi. Ramires jarima maydoni chizig‘i ustida turib olis burchakni aniq nishonga oldi. «Barselona» noqulay vaziyatga tushib qoldi. Flik darhol reaksiya qildi – Fort, de Yong va Torresni ham maydonga tashladi. Mezbonlar kuchli bosim qilishdi va muvozanatni tiklashdi. Rafinya jarima maydoni tashqarisida to‘pni qabul qilishi bilanoq aniq zarba berdi – 1:1.

Endi «Barsa» autsayderni taslim qiladigandek ko‘rinayotgandi, ammo mehmonlar kutilmaganda ikkinchi golni ham urishdi. Munyos maydonning ikkinchi qismidan na Fabiu Silvaga ajoyib assist uzatdi, Fort ofsayd chizig‘ini ushlashda xatoga yo‘l qo‘ydi va raqibga ham yeta olmadi. «Las-Palmas» oxirgi bor «Barselona» maydonida 1983 yilda ikki gol urgandi.

«Barsa» raqib darvozasini qamal qildi, ammo himoyachilar yaxshi turib berishdi. O‘yin oxirlarida Yamal jarima zarbasi ishladi, ammo Rafinya tepgan to‘pni Sillessen to‘sin ostida to‘xtatdi. Kataloniyaliklarning sobiq posboni shu kuni yetti seyv amalga oshirdi.

«Barsa» qo‘shimcha daqiqalarda ikki bor penalti so‘radi, avvaliga burchak to‘pi uzatib berilganida raqib himoyachilaridan biri mezbonlar futbolchisining oyog‘ini bosib oldi, 90+5-daqiqada esa Makkenna Pau Viktorning futbolkasidan ushlab qoldi, ammo ikki holatda ham penalti qo‘yilmadi. «Las-Palmas» Kataloniyada 1972 yildan buyon ilk bor g‘alabaga erishdi. Flik jamoasi La Liganing so‘nggi uch turida faqat bir ochko oldi. Ko‘k-anorranglilar darvoza to‘sini yoki ustunlarini mo‘ljalga olish bo‘yicha «katta beshlik»da yaqqol yetakchi (14). «Real» esa zaxirada ikki o‘yini bor holda to‘rt ochkolik farq bilan ta’qib qilmoqda.

«Valyadolid» — «Atletiko» 0:5
Gollar:
Langle (26), Alvares (35), De Paul (37), Grizmann (52), Syorlot (90+2).
«Valyadolid» – Xeyn, Lukas Roza, Peres, Sanches (Anuar, 46), Jyemert, Ba, Kike Peres (Martin, 85), Amalla (Yurich, 12), Sanches, Moro (Meseger, 46), Silla (Latasa, 62).
«Atletiko» – Oblak, Galan (Reynildu, 46), Langle, Ximenes, Lorente, Gallaher, Barrios (Lino, 79), De Paul (Koke, 64), Simeone, Alvares (Korrea, 64), Grizmann (Syorlot, 64).
Ogohlantirishlar: Kike Peres (32), Galan (41), Simeone (75).

Diyego Simeone hech qachon «Valyadolid»ga yutqazmagan, bu klub uning uchun «Xetafe» bilan birgalikda eng qulay raqib hisoblanadi. «Matraschilar» bu safar barcha masalani birinchi bo‘limdayoq hal qilib, uch gol urishdi, yana ikki gol inobatga olinmadi. Madridliklar safidagi o‘ninchi golini urgan Alvares uchun bu odatiy holatga aylanib boratgan bo‘lsa, hisobni ochgan Langlening goli — alohida voqea bo‘ldi. Bu ushbu fransuz himoyachi uchun so‘nggi ikki yil davomidagi ilk gol edi. U Ispaniyada to‘rt yildan buyon gol urmayotgandi. Uning oxirgi goli ham Valyadolidda, «Barselona» safida urilgandi. Yakuniy 5:0 hisobi hozircha «Atletiko»ni ikkinchi o‘ringa olib chiqdi. Birinchi o‘rin bilan farq — atigi ikki ochko.

Italiya: «Milan» uchun yengil sayr

«Milan» — «Empoli» 3:0
Gollar:
Morata (19), Reynders (44, 69).
«Milan» – Menyan, Teo, Tiav, Gabbiya (Pavlovich, 75), Emerson, Reynders, Fofana (Loftus-Chik, 75), Leau (Kamarda, 84), Pulishich, Musa (Chukvueze, 75), Morata (Abraham, 81).
«Empoli» – Vaskes, Viti, Ismayli, Goglichidze (Maryanuchchi, 71), Petssella (Kakache, 46), Male, Anjorin (Espozito, 66), Henderson, Gyasi, Pellegri (Ekong, 75), Kolombo (Solbakken, 46).
Ogohlantirishlar: Gabbiya (25), Kolombo (35), Musa (57), Henderson (67).

«Milan» va uning bosh murabbiyi Paulu Fonseku joriy mavsumda ko‘p bor tanqidga uchramoqda. Holbuki rossonerilar so‘nggi yigirma yildan ortiq vaqt davomida ilk bor o‘z maydonidagi yetti uchrashuvdan beshtasida darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. «Empoli» bilan o‘yin — Menyan uchun eng oson kechgan uchrashuvlardan biri bo‘ldi. Milanliklar tashabbusni qo‘lga olishdi va uni oxirgi daqiqaga qadar raqibga topshirishmadi. O‘rtamiyona raqib ustidan qozonilgan yirik hisobli g‘alaba Morataning goli bilan boshlandi, u Rafael Leauning zarbasi himoyachidan qaytganidan keyin to‘pni egallab olib, yaqin burchakni aniq nishonga oldi. Qolganini esa shu oqshom dublni rasmiylashtirgan Reynders bajardi. Uning birinchi goli ayniqsa chiroyli chiqdi, niderlandiyalik yarimhimoyachi qaytgan to‘pni o‘ziga bo‘ysundirdi va uni ustun yonidan darvozaga kiritib yubordi. Reyndersning ikkinchi goli esa — tezkor qarshi hujum samarasi bo‘ldi, havbek to‘pni jarima maydoniga qadar olib bordi va unga kirmasdan kuchli zarba yo‘lladi. Lekin bu g‘alaba «Milan»ni faqat yevrokuboklar zonasiga yaqinlashtirishga yaradi va yakshanba kuni yetakchilar guruhidagi raqiblar buni ham yo‘qqa chiqarishi mumkin.

Germaniya: Shikni to‘xtatib bo‘lmayapti

«Union» Berlin — «Bayyer» 1:2
Gollar:
Chon Vu Yon (29) — Frimpong (2), Shik (71). 
«Union» Berlin – Rennov, Kverfeld (Folland, 85), Fogt, Duki, Chon Vu Yon (Skov, 79), Xollerbax, Rote, Xedira (Shefer, 79), Kemlyayn, Trimmel (Yuranovich, 79), Skarke (Vertessen, 69).
«Bayyer» – Gradetski, Inkapie, Ta, Tapsoba, Artur (Mukiyele, 79), Grimaldo, Aleish Garsiya (Virts, 59), Andrix (Palasios, 58), Frimpong (Tella, 79), Jaka, Shik.
Ogohlantirishlar: Andrix (21), Rote (28), Kverfeld (63), Trimmel (67), Mukiyele (90+3), Skov (90+3).

«Bayyer» ichki chempionatda safar o‘yinlarida sentabr oyidan buyon g‘alaba qozona olmayotgandi, ammo Berlinda «Union»ning qarshiligi sindirildi, bu jamoa shanba kungi o‘yingacha amaldagi chempionlarni yaqindan ta’qib qilib kelayotgandi. Frimpongning tezkor goliga mezbonlar birinchi bo‘limdayoq javob qaytarishdi, ammo shu kuni bundesligada yuzinchi o‘yinini o‘tkazgan Shikni to‘xtatishning imkoni bo‘lmadi. Bonifeys jarohat olgani uchun asosiy tarkibga qaytgan chexiyalik hujumchi qatorasiga to‘rtinchi o‘yinda gol urdi (jami oltita), u bu o‘yindagi g‘alaba golini Virsning uzatmasidan keyin ko‘krak qismi bilan darvoza to‘riga yo‘naltirdi.

Bu zarba Xabi Alonso jamoasini uchinchi o‘ringa olib chiqdi, bunda parallel uchrashuvda «Leypsig» «Volfsburg»ga sharmandali hisobda yutqazgani ham yordam berdi. O‘z maydonidagi 1:5 — haqiqiy falokat. Jamoaning g‘alabasiz seriyasi olti o‘yinga yetdi (=1-5). Marko Roze shogirdlari oxirgi marta 29 oktyabr kuni Germaniya kubogida g‘alaba qozongandi.

«Borussiya» D — «Bavariya» 1:1
Gollar:
Gittens (27) — Musiala (85).
«Borussiya» D – Kobel, Bensebayni, Shlotterbek, Anton (Zyule, 18), Ryuerson (Kouto, 74), Gross, Nmecha, Gittens (Malen, 74), Zabitser (Reyna, 90), Bayyer, Girassi.
«Bavariya» – Noyyer, Devis, Kim Min Je (Olise, 80), Upamekano, Laymer (Boe, 62), Goretska, Kimmih, Tel (Koman, 62), Musiala, Sane, Keyn (Myuller, 33).
Ogohlantirishlar: Ryuerson (71), Sane (88), Upamekano (90+3), Bayyer (90+5).

Turning markaziy uchrashuvi esa Dortmundda o‘tkazildi, bu yerda «Borussiya» barcha turnirlar doirasida qatorasiga 11 uchrashuvda g‘alaba qozonayotgandi. Va «Signal Iduna Park» sehri yakunda «Bavariya»ga o‘tmadi. Holbuki «asalarilar» avvaliga myunxenliklar mudofaasini yorib o‘ta olgandi. Bu himoyachilar bungacha yetti uchrashuv davomida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlagandi, ammo quruq seriya 697-daqiqada to‘xtadi. Mavsum kashfiyotlaridan biri Bayno-Gittens Shlotterbekning pasidan keyin yon chiziqda Laymerni aldab o‘tdi va to‘pni raqib jarima maydonigacha olib borib, o‘tkir burchakdan gol urdi.

20 yoshli angliyalik faoliyatidagi eng yaxshi mavsumni o‘tkazmoqda, u o‘n to‘qqiz o‘yinda 11 (8+3) samarali ball ishlashga ulgurdi, bu sariq-qoralar formasidagi oldingi 58 o‘yindagi bilan teng. Bir necha daqiqa o‘tib esa «Bavariya» jarohat tufayli Keyndan ayrildi.

Ikkinchi bo‘lim baribir «Bavariya»niki bo‘ldi va mehmonlar mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi. Hisobni tenglashtiruvchi golni, tabiiyki, bundesligada safar gollari bo‘yicha mutaxassis (qatorasiga olti gol) Musiala urdi. Myunxenliklarning jarima zarbasidan keyin to‘p «devor»dan qaytdi, ammo Olise to‘pga ega chiqib, golli pas uzatdi. Musiala yana bir bor o‘ziga xos bo‘lmagan tarzda boshi bilan gol urdi va shunday gollari uchun maxsus nishonlash uslubini namoyish etdi. Bu gol evaziga «Bavariya» chempionatning joriy mavsumida mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirmoqda, Dortmunddagi mag‘lubiyatsiz seriya ham besh yildan buyon davom etadi.

Fransiya: Markinosning g‘amgin yubileyi

«PSJ» — «Nant» 1:1
Gollar:
Hakimi (2) — Ablin (38).
«PSJ» – Donnarumma, Mendesh, Pacho, Markinos, Hakimi, Fabian Ruis, Vitinya, Nevesh (Zair-Emeri, 61), Barkolya (Due, 73), Li Kan In (Dembele, 73), Ramush.
«Nant» – Karlgren, Kotssa, Santonz (Amyan, 46), Pallua, Zeze, Kastelletto (Dyuvern, 73), Duglas, Chirivelya (Gbamen, 89), Lepenan, Saymon (Girassi, 82), Ablin (Ganago, 82).

«Park de Prens»dagi o‘yinda asosiy diqqat markazida braziliyalik himoyachi Markinos edi, u parijliklar safida liga 1 da 300-o‘yinida maydonga tushdi. Mudofaaning boshqa vakili Hakimi esa tezkor gol urdi. Ammo mavsumni o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tkazayotgan va turnir jadvalining quyi qismiga tushib ketgan «Nant» bo‘limni durang hisobda yakunlashni uddaladi. Parijliklar himoyachisi Pacho raqib hujumchisi Ablinni osonlik bilan o‘tkazib yubordi va u Donnarummaga imkon qoldirmadi. Tanaffus arafasida esa Joau Nevesh o‘ta qulay pozitsiyadan gol urolmadi. Parijliklar ikkinchi bo‘lim yakunida ham qator qulay vaziyatlardan foydalana olmadi va o‘ziga xos sensatsiya ro‘y berdi. «Monako» yakshanba kuni Marselda g‘alaba qozonsa, birinchi o‘rin bilan oradagi farqni maksimum qisqartirishi mumkin.

Kun statistikasi

«Bornmut» hujumchisi Patrik Klyuyvert APLda uchta penalti orqali het-trik qilgan 1-futbolchi bo‘ldi. Uning jamoadoshi Evanilson — bir o‘yinda uch marta 11 metrlik jarima zarbasi ishlagan ilk futbolchi.

«Nottinghem» hujumchisi Kris Vud APLning ikki klubida eng yaxshi to‘purar bo‘lgan 2-futbolchi. U «o‘rmonchilar» safidagi gollari sonini 24 taga yetkazib, ushbu klubning yuqori ligada eng ko‘p gol urgan futbolchisiga aylandi, avvalroq «Byornli» safida 49 gol urgandi. Bungacha bunday natija bilan faqat «Blekbern» va «Nyukasl» klublarida yorqin mavsumlar o‘tkazgan Alan Shirergina maqtanishi mumkin edi.

«Brentford» hujumchisi Shade Yurgen Klinsmann (1988), Fredi Bobich (2002) va Andre Shyurrle (2014) ortidan APLda het-trik qayd etgan 4-nemis futbolchisi bo‘ldi.

Joriy mavsumda «Sent-Etyyen» darvozasiga 7 bor penalti qo‘yildi — bu liga 1ning eng ko‘p jazolanayotgan jamoasi.

«Bolonya» vingeri Orsolini 7 mavsumdan buyon kamida besh gol urmoqda. A seriyada bu oraliqda bunday natijani hech kim qayd eta olmagan, top-5 ligalar bo‘yicha esa faqat Keyn, Saloh, Levandovski va Mbappe undan oldinda.

«Sent-Etyyen» Fransiya chempionatining 13 turida 30 gol o‘tkazdi, bunaqasi klub tarixida 1952 yildan buyon kuzatilmagandi.

«Sporting» Portugaliya chempionatida 33 o‘yindan buyon yutqazmagandi. Bu lissabonliklar uchun rekord seriya va yangi mavsum startidagi 12 uchrashuvdan iborat seriya «Santa-Klara»dan uchralgan mag‘lubiyat (0:1) bilan to‘xtadi.

«Bavariya» darvozaboni Noyyer bundesligadagi o‘yinlari sonini 512 taga yetkazdi. U darvozabonlardan Uli Shtayn bilan tenglashib oldi, yuqoriroqda — faqat Oliver Kan (557) va Ayke Immel (534) joylashgan.

Mavzuga oid