Jahon | 22:15 / 02.12.2024
5886
6 daqiqa o‘qiladi

2 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Toshkentdan Bahraynga ko‘chirilgan musobaqa, 20 ming so‘mni tejagan prokuror reydi, Xitoyga ochilayotgan vizasiz sayohat va bir yilda 2,1 foizga ko‘paygan O‘zbekiston aholisi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Osiyo o‘yinlari Toshkentdan Bahraynga ko‘chirildi

O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri 2025 yilgi Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari mezbonligidan mahrum bo‘ldi.

Osiyo Olimpiya kengashi bu musobaqani Bahraynga topshirishini ma’lum qildi. Qaror kengashning 2 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan ijro qo‘mitasi yig‘ilishida qabul qilingan.

Mazkur musobaqa 43 ta mamlakat vakillari o‘rtasida 9 sport turidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.

O‘zbekiston hozircha bu qaror bo‘yicha rasmiy munosabat bildirmadi.

Ilgari Toshkent va Samarqand shaharlari 2030 yilgi Osiyo o‘yinlari mezbonligi uchun da’vogar bo‘lishi rejalashtirilgan edi, ammo hozircha bu turnir uchun ariza topshirilmagan.

Xitoyga vizasiz sayohat

O‘zbekiston fuqarolari endi Xitoyga 30 kun vizasiz sayohat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mazkur bitim ikki davlat tashqi ishlar vazirlari tomonidan imzolandi. Vizasiz rejimning kuchga kirish sanasi hozircha aniq emas.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bu qadam ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo, iqtisodiy va madaniy aloqalarni yanada faollashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

«O‘zbekiston va Xitoy davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida bugun hamkasbim bilan birgalikda fuqarolarimizga ikki mamlakatga 30 kun davomida vizasiz sayohat qilish imkonini beruvchi bitimni imzoladik. Bu hujjat aloqalarimizni yanada faollashtirish, savdo aylanmasini oshirish va xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir», – deyiladi vazir xabarida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2020 yildan Xitoy fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etgan edi. Endi bu jarayon ikki tomonlama bo‘ladi.

20 so‘mi kam 20 ming so‘mni tejagan prokuror reydi

Mirobod tumani prokurori Bobur Abdullayev rahbarligidagi ishchi guruh kunduz kuni elektr energiyasidan asossiz foydalangan yuridik iste’molchilarga nisbatan reyd o‘tkazdi. Tadbir natijasida 22,2 kW energiya tejalgan bo‘lib, buning qiymati soatiga 19 980 so‘mni tashkil qiladi.

Reyd davomida 10 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va 30 dan ortiq yuridik iste’molchilardagi kamchiliklar joyida bartaraf etildi. Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, bunday reydlar davom ettiriladi.

Qonunbuzarlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra 5–15 BHMgacha jarimaga tortilgan. Shunday holatlar takrorlansa, jarima 30 BHMgacha oshishi mumkin.

Malayziyada hadisshunoslar tanlovi

Putrajayya shahridagi Putra masjidida 2024 yilgi Sahih ul-Buxoriy xalqaro hadisshunoslar tanlovi ochildi. Tadbirda Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim, turli davlatlardan ulamolar va diplomatlar ishtirok etdi.

Ochilish marosimida 15 dan ortiq ulamolar faxriy mehmon sifatida qatnashdi. O‘zbekistondan shayx Ismoiljon Muhammad Sodiq ishtirok etib, Imom al-Buxoriy merosini o‘rganishda O‘zbekistondagi ilmiy va bunyodkorlik ishlari haqida ma’lumot berdi.

Tadbir davomida Samarqanddagi Imom al-Buxoriy maqbarasi va ilmiy markaz haqida videorolik namoyish etildi. Malayziya bosh vaziri va Hindiston bosh muftiysi o‘z nutqlarida Imom al-Buxoriyning islom olamiga qo‘shgan hissasini ta’kidladi.

Tanlovda alloma merosini o‘rganuvchi mutaxassislar o‘zaro bilimlarini sinab ko‘radi.

Konstitutsiya bayramida necha kun dam olinadi?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni 8 dekabr yakshanba kuniga to‘g‘ri kelgani sababli, Mehnat kodeksining 131-moddasiga muvofiq, ushbu dam olish kuni 9 dekabr, dushanba kuniga ko‘chiriladi.

Shu tariqa, haftasiga besh kun ishlaydigan xodimlar 7 dekabr, shanba kunidan boshlab ketma-ket uch kun: 7 dekabr (shanba), 8 dekabr (yakshanba) va 9 dekabr (dushanba) kunlari dam olishadi.

Haftasiga olti kun ishlaydigan xodimlar esa 8 dekabr (yakshanba) va 9 dekabr (dushanba) kunlari dam oladi.

Bu tartib O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2023 yil 22 dekabrdagi PF-213-son farmoniga muvofiq belgilangan.

O‘zbekistonda aholi soni 37,4 millionga yetdi

O‘zbekistonda doimiy yashovchi aholi soni 2024 yilning 1 oktyabri holatiga 37,4 million kishini tashkil qilgan. Bu 2023 yilning shu davriga nisbatan 2,1 foizga oshgan.

Shahar aholisi qishloq aholisidan ko‘proq bo‘lib, ularning soni mos ravishda 19 mln 47,1 ming va 18 mln 308,3 ming kishini tashkil qilmoqda.

Aholi tarkibida erkaklar soni ayollar sonidan biroz ko‘proq:

  • Erkaklar: 18 mln 809,5 ming kishi
  • Ayollar: 18 mln 545,9 ming kishi

Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, bu ko‘rsatkichlar aholining shaharlashuv darajasi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Mavzuga oid