Sport | 20:49 / 02.12.2024
8198
3 daqiqa o‘qiladi

MOQ yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari-2025 mezbonligi O‘zbekistondan olib qo‘yilganiga izoh berdi

Pandemiyadan keyingi cheklovlar sababli Olimpiya shaharchasi qurilishi uchun zarur vositalar yetkazish jarayonida uzilishlar kuzatilgani va foydalanishga topshirish muddati kechikishini inobatga olgan holda O‘zbekiston tomoni OOKdan musobaqani yana bir yilga surishni so‘ragan.

Osiyo Olimpiya kengashi O‘zbekiston mezbonligida Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Yoshlar o‘rtasidagi 3-Osiyo o‘yinlari 2025 yilda Bahraynda o‘tkazilishini ma’lum qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Osiyo yoshlar o‘yinlariga mezbonlik qiladigan davlat nomi nima sababdan o‘zgargani yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 2 dekabr kuni Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Onlayn formatda tashkil etilgan majlis kun tartibidan O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi va Sport vazirligining murojaatini ko‘rib chiqish ham o‘rin olgan.

Toshkentda qurilayotgan Olimpiya shaharchasi faqatgina yoshlar Osiyo o‘yinlari uchun emas, majmuani kelgusida o‘zbek sportining taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadigan ilmiy-metodik klasterga aylantirish ko‘zda tutilgan. Unda zamonaviy sport obektlaridan tashqari Sport vazirligi, ko‘plab federatsiya va assotsiatsiyalar, sport akademiyasi, sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi kabi inshootlar ham o‘rin olib, bu maskanda terma jamoalarimizni tayyorlashdagi nazariya va amaliyot birlashadi.

Ta’kidlanishicha, pandemiyadan keyingi cheklovlar sababli Olimpiya shaharchasi qurilishi uchun zarur vositalar yetkazish jarayonida uzilishlar kuzatilgani va foydalanishga topshirish muddati kechikishini inobatga olgan holda O‘zbekiston tomoni OOKdan musobaqani yana bir yilga surishni so‘ragan.

Biroq Olimpiya sport turlaridagi bellashuvlar kelgusida Dakar-2026 o‘smirlar yozgi Olimpiya o‘yinlariga saralash vazifasini bajarishi nazarda tutilgani bois OOK III yoshlar Osiyo o‘yinlari 2025 yilda tashkil etilishi muhimligini bildirgan.

Shu tufayli, OOK III yoshlar Osiyo o‘yinlari mezbonligini Bahraynga topshirgan va O‘zbekistonga Islom birdamligi o‘yinlari yoki Jang san’ati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari kabi kattalar miqyosidagi yirik kompleks tadbirlarni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishni tavsiya qilgan.

«Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston ommaviy sport va olimpiya harakatini rivojlantirishga sodiq qolmoqda. Shu ma’noda, Olimpiya shaharchasini barpo etish, undan unumli foydalanish va uning negizida sportimizni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha prezidentimiz tomonidan berilgan barcha topshiriqlar ijrosi ta’minlanadi va kelajakda bu majmua yirik sport tadbirlarini o‘tkazishga har tomonlama tayyor bo‘ladi», — deyiladi munosabatda.

Mavzuga oid