Jahon | 17:27 / 02.12.2024
23616
7 daqiqa o‘qiladi

OITVga qarshi yangi dori - deyarli 100 foiz samarali, ammo juda qimmat

AQShda ishlab chiqarilgan lenakapavir preparati sinovlari OITV yuqishidan himoyalashda katta natija ko‘rsatdi. Uni yiliga atigi ikki marta qabul qilish kifoya. Ammo hozircha unga ko‘pchilikning qurbi yetmayapti.

Foto: AP

2024 yilning iyulida OITS bo‘yicha Butunjahon konferensiyasida taqdim etilgan lenakapavir (lenacapavir) dorisi sinovlarining natijalari mutaxassislarni lol qoldirdi: ushbu preparat bilan OITSga qarshi kurashda hal qiluvchi yutuqlarga erishish mumkin.

“Qattiq hayajondaman. Bu ma’lumotlar taqdim etilganda, zaldagilarning ruhi shu qadar ko‘tarildiki, bunday holatni ilgari kamdan kam ko‘rganman”, — degan Kyoln universiteti klinikasining yuqumli kasalliklardan himoya qilish markazi rahbari, professor Klara Leman.

Lenakapavirning o‘ziga xos xususiyati nimada?

Ushbu antiretrovirus preparati OITV infeksiyasining oldini olish va davolashda deyarli 100 foiz samara ko‘rsatdi. Bundan tashqari, uni yiliga faqat ikki marta qo‘llash kifoya. Taqqoslash uchun, boshqa profilaktika vositalari, masalan, kabotegravir (CAB) inʼeksiyasi har 1-2 oyda qilinadi, truvada tabletkalarini esa har kuni qabul qilish lozim.

Gap faqat qulaylikda emas. In’yeksiyalarni juda kam — yarim yilda bir marta olish vaziyatni sezilarli darajada yengillashtirishi mumkin. Bu ayniqsa davolanish qiyin bo‘lgan yoki oilaviy vaziyat va stigmatizatsiya sababli har kuni dori qabul qilish imkonsiz bo‘lgan hollarda muhim, deydi Geydelberg global sog‘liqni saqlash institutining ilmiy xodimi Astrid Berner-Rodoreda.

Uning aytishicha, dori avvalo ayollar va yosh qizlarga foyda keltiradi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining OITV/OITS bo‘yicha Qo‘shma dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, aynan ular orasida OITV bilan kasallanish darajasi hamon yuqoriligicha qolmoqda.

Lenakapavir qachon bozorga chiqadi?

AQShning Gilead Sciences farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan dori Yevropa Ittifoqida OIV bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun allaqachon ruxsat etilgan. Biroq u hali sotuvda yo‘q. Kompaniya o‘z mahsulotidan OIVning kontakt oldi profilaktikasi uchun foydalanishga ruxsat berilishini kutayotgan bo‘lishi mumkin. Ruxsatnoma yaqin orada berilishi kutilmoqda.

Shuni aytish kerakki, hozircha lenakapavir OITSga qarshi kurashda uzoq kutilgan burilish nuqtasi bo‘ladimi yoki yo‘q, noma’lum — hammasi uni keng miqyosda qo‘llash boshlanganidan keyin aniq bo‘ladi. Buning uchun esa dori narxi arzon bo‘lishi kerak.

Yangi dori qancha turadi?

Hozircha lenakapavir ancha qimmatga tushmoqda: Gilead kompaniyasi bir kishi uchun yillik davolanish xarajatini 40 000 dollardan ortiq etib belgilagan. Holbuki, OITVning oldini olish uchun boshqa dori vositalari oyiga o‘rtacha 50-60 yevro, ya’ni yiliga 600-700 yevro atrofida turadi.

Gilead bunday narxni ko‘p yillik takomillashtirish xarajatlariga bog‘lamoqda. Ammo OITS bilan kurashish bo‘yicha mutaxassislar va faollar bu bahonani qabul qilmaydi. Astrid Berner-Rodoreda lenakapavirni ishlab chiqarish bo‘yicha Liverpul universitetining britaniyalik farmakologi Endryu Hill tomonidan hisoblangan haqiqiy summani misol qilib keltirdi.

Hillning fikricha, hatto rentabellik 30 foiz bo‘lgan taqdirda ham, dori narxi yiliga atigi 40 dollarni tashkil etishi kerak, ya’ni bu Gilead kompaniyasi belgilagan narxning mingdan bir qismiga teng.

Lenakapavir qaysi mamlakatlarga tatbiq etiladi?

Gilead kelajakda quyi daromadli mamlakatlarda dorini arzonroqqa ishlab chiqarish va sotish maqsadida bir nechta ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralar olib bormoqda.

Lisenziya amal qiladigan hudud 120 ta mamlakatni, jumladan Sahroyi Kabirdan janubdagi ba’zi Afrika mamlakatlarini ham qamrab oladi. Biroq Argentina, Braziliya, Meksika va Peru kabi o‘rta daromadli ayrim mamlakatlar ro‘yxatga kiritilmasligi mumkin, vaholanki Gilead allaqachon ushbu mamlakatlarda ham preparatni sinovdan o‘tkazgan. Berner-Rodoreda bu axloqiy va huquqiy masalalarni keltirib chiqarishini ta’kidlamoqda.

YuNeYDS bosh direktori o‘rinbosari Kristin Stegling ham shu fikrni qo‘llab-quvvatladi. “Bunday inqilobiy yangiliklar barcha undan foydalanish imkoniga ega bo‘lgan taqdirdagina yangi kasallanish holatlarini kamayitiradi”, — dedi u tashkilot yillik hisoboti taqdimotida.

Lenakapavir qanday ta’sir qiladi?

Lenakapavir — kapsid ingibitori: uning ta’sir qiluvchi moddasi OITV genomi atrofidagi konussimon oqsil qobig‘ini bloklaydi va virusning ko‘payishini to‘xtatadi.

Aksariyat antiretrovirus preparatlardan farqli o‘laroq, u inson immunitet tanqisligi virusi rivojlanishining bir necha bosqichlariga ta’sir ko‘rsatadi.

Dunyoda OITVga chalinish xavfi qanchalik yuqori?

Xalqaro hamjamiyat 2030 yilgacha OITV epidemiyasiga barham berishga intilmoqda. Biroq bu maqsadga erishish ehtimoli hali kam: butun dunyo bo‘ylab 40 milliondan ortiq kishi hamon virus tashuvchisi hisoblanadi. Taxminan 30 million kishi davolanyapti. Qolgan to‘rtdan bir qismi esa (umumiy tashuvchilar sonining chorak qismi) virusning qondagi miqdorini minimal darajaga tushirishi mumkin bo‘lgan antiretrovirus terapiyasini olayotgani yo‘q.

2010 yildan 2021 yilgacha bo‘lgan davrda dunyoda OITV bilan kasallanishning yangi holatlari soni 22 foizga kamaydi. Shunday bo‘lsa-da, YuNeYDS so‘nggi hisobotiga ko‘ra, 2023 yilda 1,3 millionga yaqin odam kasallangan.

Ko‘rsatkichlarning eng katta pasayishi Afrika va Janubiy Osiyo mamlakatlarida kuzatilgan. Shu bilan birga, Markaziy va Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq mintaqalarida tendensiya o‘sishda davom etmoqda.

“Profilaktikada katta yutuqlarga erisha olmayotganinizni tan olishimiz lozim. Agar chindan 2030 yilga kelib OITS epidemiyasini tugatmoqchi bo‘lsak, kelasi yilda yangi kasallanish holatlarini 370 minggacha qisqartirishimiz kerak bo‘ladi”, — deb ta’kidladi Astrid Berner-Rodoreda.

2010—2021 yillar oralig‘ida OITVdan o‘lim ko‘rsatkichi ham deyarli 40 foizga pasaygan. O‘tgan yili OITV bilan bog‘liq kasalliklardan taxminan 630 ming kishi vafot etdi — bu 2004 yildan buyon eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Dorining muqobillari bormi?

Intensiv tadqiqotlarga qaramay, hali ham OIVga qarshi vaksina mavjud emas. Ammo OITV yuqishining oldini oladigan bir nechta yuqori samarali kontakt oldi profilaktika vositalari mavjud. Ulardan foydalanish unchalik qulay bo‘lmasa-da, ular yordamida ba’zi mamlakatlarda virus yuqish darajasini sezilarli darajada kamaytirishga muvaffaq bo‘lindi.

Biroq bugungi kunga kelib, bu kabi arzonroq dorilar, asosan, boy mamlakatlarda samara ko‘rsatmoqda. OITV yuqtirish darajasi yuqori bo‘lgan ko‘plab kambag‘al mamlakatlarda esa, dorilar imkon darajasidan ancha qimmat. YuNeYDS hisobotida ta’kidlanishicha, “2023 yilda kontaktdan oldingi profilaktika vositalari unga muhtoj odamlarning atigi 15 foiziga yetib borgan”. 

Mavzuga oid