Xitoy yangi kosmodromdan yangi raketa uchirdi: missiya qanday o‘tdi?
Raketa quyi Yer atrofi orbitasiga 12 000 kilogrammgacha yuk chiqara oladi.
Xitoy kosmik agentligi (CNSA) “Buyuk yurish – 12” raketasi muvaffaqiyatli uchirilgani haqida xabar qildi. Yuk tashuvchi yangi raketa kerosin va kislorod yordamida ishlaydi. Parvoz Venchan kosmodromining asosiy hududiga yaqin qurilgan yangi start maydonidan amalga oshirildi. Ushbu majmuadan tijoriy kompaniyalar ham o‘z tashuvchi raketalari uchun foydalanishi rejalashtirilmoqda.
“Buyuk yurish – 12” ning ilk parvozida foydali yuk sifatida aloqa texnologiyalarini sinash uchun tajribaviy sun’iy yo‘ldosh uchirildi. Qurilma haqida boshqa ma’lumotlar oshkor etilmagan. Asosiy e’tibor raketaning o‘ziga qaratildi. U diametri 3,8 metr bo‘lgan birinchi Xitoy tashuvchi raketasidir. 62 metr keladigan ikki pog‘onali raketa quyi Yer atrofi orbitasiga 12 000 kilogrammgacha, quyosh-sinxron orbitasiga esa 6000 kilogrammgacha yuk chiqarishi mumkin.
Raketaning foydali yuk uchun mo‘ljallangan obtekateli (havo qarshiligini kamaytirishga yordam beruvchi qism) hajmi kattalashtirilgan, bu uning asosiy xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Shu tariqa “Buyuk yurish – 12” ko‘p sonli sun’iy yo‘ldoshlarni bir vaqtning o‘zida orbitaga chiqara oladi. Hozirda Xitoy quyi orbitada minglab qurilmalarni joylashtirish ko‘zda tutilgan bir nechta loyihalarni amalga oshirmoqda. Ushbu raketa mazkur vazifalarni bajarishda asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Parvozda ilk bor YF-100K dvigatellari ham sinab ko‘rildi. Tashuvchi raketaning birinchi pog‘onasiga to‘rtta shunday qurilma o‘rnatilgan. Modifikatsiyalangan dvigatellar Xitoyning boshqa yangi avlod raketalarida qo‘llanmoqda.
Mutaxassislar yangi raketani “Buyuk yurish – 7” bilan taqqoslamoqda. Ammo yangi raketa undan tejamkorroq va uchish massasi kamroq bo‘lib, foydali yuk uchun mo‘ljallangan obtekatel hajmi ham katta.
Eslatib o‘tamiz, “Buyuk yurish – 7” dastlab “Tyangun” orbital stansiyasiga odamlar ishtirokidagi missiyalar va yuk kemalarini uchirish uchun ishlab chiqilgandi.
Mavzuga oid
23:24 / 23.12.2024
Xitoyda murakkab vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolari vatanga qaytarildi
22:10 / 23.12.2024
AQSh Xitoyning eski chiplariga nisbatan tergov boshladi
11:25 / 23.12.2024
Xitoyda 2024 yilning eng yaxshi avtomobillari e’lon qilindi
21:44 / 22.12.2024