Jahon | 22:13 / 03.12.2024
8034
2 daqiqa o‘qiladi

Harbiylar Janubiy Koreya parlamentini tark etdi

Parlament harbiy holatni bekor qilishni yoqlab ovoz berganidan so‘ng, binodan harbiylar chiqib ketgani ta’kidlanmoqda.

Foto: Reuters

3 dekabr kuni Janubiy Koreya Milliy assambleyasi (parlamenti) binosini qurshab olgan va ichiga kirgan harbiylar binoni tark eta boshladi. Bu haqda YTN telekanali xabar berdi.

Deputatlar mamlakatda harbiy holatni bekor qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qilganidan keyin harbiylar binodan chiqib ketgani ta’kidlanmoqda.

Shunga qaramay, ayrim harbiylar hamon parlament binosi yaqinida navbatchilikni davom ettirmoqda, deb qayd etdi telekanal.

Avvalroq, prezident Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holatni e’lon qilganidan so‘ng, harbiylar bu qarorni ta’minlash uchun parlament binosiga kirgan edi.

Harbiy holat Janubiy Koreyada 1980 yildan beri birinchi marta e’lon qilindi. Unga ko‘ra, mamlakatda har qanday siyosiy faoliyat taqiqlanadi, siyosiy partiyalar faoliyati to‘xtatiladi, barcha ommaviy axborot vositalari davlat nazorati ostida bo‘ladi.

Shunga qaramay, 300 deputatdan 190 nafari harbiylar tomonidan qurshovga olingan Milliy assambleya binosiga kirib, prezident qarorini bekor qilishni yoqlab ovoz berdi. Parlament qarori kuchga kiradimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum.

Mavzuga oid