Jahon | 10:16 / 03.12.2024
6959
7 daqiqa o‘qiladi

«Trampsiz ruslarni muzokaraga o‘tqazib bo‘lmaydi» - Ukraina mulozimlari inauguratsiyani kutishmoqda

Volodimir Zelenskiy va uning jamoasi Trampning yangi prezidentlik muddatiga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda? «Ukrainska pravda» nashri shu haqida maqola tayyorladi.

Saul Loeb / AFP / Scanpix / LETA

Ukrainaning AQShdagi elchixonasi, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi va prezident Volodimir Zelenskiy idorasi AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp jamoasi bilan aloqa o‘rnatishga harakat qilmoqda. Bu haqda «Ukrainska pravda» nashrining Amerika saylovlaridan so‘ng ukrain amaldorlarining harakatlariga bag‘ishlangan maqolasida hikoya qilinadi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Zelenskiy ofisi AQShning Germaniyadagi sobiq elchisi Richard Grenell bilan ma’lum bir darajada muloqot o‘rnatgan. Grenell Tramp ma’muriyatida Davlat kotibi lavozimiga nomzodlardan biri sifatida tilga olinayotgan edi. Ammo pirovard natijada bu lavozimga Floridadan senator Marko Rubio tayinlanadigan bo‘ldi. Shuningdek, Grenell Rossiya-Ukraina urushi bo‘yicha maxsus elchi lavozimiga nomzodlardan biri sifatida ko‘rilgandi. Grenell bilan aloqalar Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi sentabr oyidagi uchrashuvdan so‘ng Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andriy Yermak tomonidan yo‘lga qo‘yilgan.

Ammo, maqolada ta’kidlanishicha, Tramp jamoasidan kelayotgan turli qarama-qarshi va bir-birini rad etuvchi signallar ukrain amaldorlarining aloqa o‘rnatish harakatlarini murakkablashtirmoqda.

«Ayrim manbalar Tramp hali ham Zelenskiy va Yermakni 2020 yildagi impichment jarayonida uni faol qo‘llab-quvvatlamagani uchun kechirmaganini aytmoqda. Biroq Tramp o‘shanda ukrainlarga qo‘llov uchun tashakkur bildirgandi. Yana boshqalar Tramp tomonidan hech qanday qo‘llab-quvvatlash bo‘lmasligini ta’kidlasa, Trampning o‘zi hammasi OK bo‘lishi va u ukrainlarni yolg‘iz tashlab qo‘ymasligini aytgan. Bu ular ataylab noaniqlik urug‘ini sepishiga o‘xshaydi», — degan nashrga ukrain amaldorlaridan biri.

Boshqa bir manbaning aytishicha, Tramp hozircha boshqa masalalar bilan band va Ukraina masalasi uning ustuvor vazifalar ro‘yxati tepasida emas. «Ukrainada ko‘pchilik Tramp kunni Ukraina haqida qayg‘urib, u bilan yakunlaydi, deb o‘ylaydi. Bu shunchaki sarob. Hozir u 90 foiz vaqtini ma’muriyati uchun nomzodlar tanlashga sarflamoqda, qolgan 10 foiz vaqt chegara, migratsiya, abortlar va Xitoy masalasiga ketyapti. Shundan vaqt orsagina Ukraina tilga olinadi», — deydi ukrain diplomatlaridan biri.

Nashrga ko‘ra, buni Tramp jamoasi atrofidagi vaziyat haqidagi OAV xabarlari ham tasdiqlaydi. Saylovda g‘alaba qozonganidan so‘ng Tramp Rossiya-Ukraina urushini tugatishga oid jiddiy bayonot bermagan va biror reja tafsilotlarini oshkor qilmagan.

«Tramp shtabida aloqalarga ega» deya ishoniladigan ukrain siyosatchilaridan biri jurnalistlarga ma’lum qilishicha, AQShning saylangan prezidentida «hozircha tayinli rejaning o‘zi ham yo‘q». Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp urushga oid maxfiy ma’lumotlarni endi qo‘lga kiritgan. «Bu ma’lumotlarning barchasi ishlarning real ahvoliga bo‘lgan qarashlarni juda o‘zgartirib yuborishi mumkin. Shu sababli, Trampda avvaldan qandaydir reja mavjud bo‘lsa ham uni reallikka moslashtirish kerak bo‘ladi. Hozircha qorong‘ilik ortidan keladigan yorug‘lik ko‘rinmayapti», — degan manba.

«Ukrainska pravda» nashrining Zelenskiy jamoasiga yaqin boshqa bir hamsuhbatiga ko‘ra, Trampning atrofidagilar Ukrainadan urushni tugatishning qandaydir «realistik» ssenariysini kutishmoqda. «Hozir Ukraina Trampga bosim qilishidan ma’ni yo‘q, chunki unda yechimning o‘zi yo‘q. Hozir biz qanchalik kuchli bosim uyushtirsak, alal-oqibatda bizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan yechimga duchor bo‘lishimiz xavfi oshib boraveradi», — degan ukrain diplomatlaridan biri.

Nashrning diplomatik manbalaridan yana biri Ukraina hukumati hozir AQSh Kongressining har ikki palatasida ukrainaparast ko‘pchilikni saqlab qolish ustida ish olib borishi lozim, deb hisoblashini aytgan. «Ularning ikki partiyaviyligi — bizning baxtimiz. Biz o‘zimizning haqiqiy do‘stlarimizga vaziyatga bizning nuqtayi nazarimizni Trampga yetkazishlari, uni Ukraina tomonga og‘dirish uchun vaqt berishimiz kerak», — deya qo‘shimcha qilgan suhbatdosh.

Tramp jamoasi a’zolari bilan gaplashgan nashr manbalarining so‘zlaridan kelib chiqiladigan bo‘lsa, AQShning yangi saylangan prezidentiga MAGA (Make America Great Again) muhitida yetakchilikka intilayotgan ultrakonservativ yosh siyosatchilar guruhi ta’sir o‘tkazishga intilmoqda). Nashr ular sirasiga kenja Donald Tramp, shuningdek, Rossiya-Ukraina urushini doim ukrainlarga yoqmaydigan tarzda sharhlab kelayotgan Ilon Maskni kiritmoqda.

«Ha, hammasini Tramp hal qiladi. Lekin respublikachilar partiyasi faqat Trampdan yoki uning «yoshlar jamoasi»dan iborat emas. Klassik partiyachilar Maskka o‘xshaganlarni jini suymaydi, hali janjallar bo‘lishi tayin. Agar Senatda ham, Vakillar Palatasida ham respublikachilarning ustunligi omonat ekani hisobga olinsa, har bir ovoz muhim. Demak, Tramp partiyaning talablarini eshitishga majbur bo‘ladi», — deya AQShning saylangan prezidenti atrofidagi vaziyatni tasvirlamoqda Ukraina diplomatik doiralaridagi manbalar. Boshqa bir suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, hozircha Tramp o‘z jamoasini uzil-kesil shakllantirmagan, respublikachilar orasidagi «Ukraina do‘stlari» hozircha «shunchaki heytga duchor bo‘lib qolmaslik uchun o‘zlarini omma oldida vazmin tutishmoqda».

«Agar amerikaliklar bilan suhbatlashsangiz, hozircha shunday xulosaga kelasiz: hammasini toza varaqdan boshlaymiz. Bizning hozirgi asosiy vazifamiz biror nojo‘ya holatga o‘ralashib qolmaslik va ortiqcha bosim uyushtirmaslik, — degan «Ukrainska pravda»ning kiyevlik mulozimlar orasidagi suhbatdoshlaridan biri. — Trampning jamoasida bizning do‘stimiz bo‘lmagan odamlar juda ko‘p. Shuning uchun qishdan o‘tib, inauguratsiyani kutib, shundan so‘ng batafsil gaplashish kerak».

«Biz hozir Trampning yangi ma’muriyati bilan bir birimizga yoqmasligimiz mumkin, biroq Ukrainaning o‘zi rossiyaliklarni muzokara stoliga o‘tqaza olmaydi. Biz ularni hech narsa bilan qo‘rqita olmaymiz, ortga chekinishi uchun bosim qila oladigan narsamiz yo‘q. Trampsiz bu yerda hech narsa qo‘limizdan kelmaydi. Shuning uchun tinchgina o‘tirib, Kurskni qo‘ldan boy bermasdan yanvarni kutishimiz kerak», — degan Zelenskiy jamoasidagi manba.

Mavzuga oid