Yevropa Ittifoqining yana bir davlati majburiy harbiy xizmatni qayta tiklashi mumkin
Avgust oyida Xorvatiya 2025 yil 1 yanvardan majburiy harbiy xizmatni qaytarishi ma’lum bo‘lgandi. 2023 yilda Latviyada muddatli harbiy xizmat yana yo‘lga qo‘yildi. Norvegiyada esa qo‘shimcha 20 ming askar va zaxiradagi harbiy xizmatchilar uchun reja ishlab chiqildi.
Niderlandiya Mudofaa vazirligi 27 yildan so‘ng majburiy harbiy xizmatga chaqiruvni tiklash masalasini ko‘rib chiqmoqda, bu haqda mamlakat mudofaa idorasi hujjatlariga tayanib, RTL Nieuws telekanali xabar berdi.
Niderlandiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 17 yoshli barchani muddatli harbiy xizmatga chaqirish har yili 200 ming nafargacha yangi askarni o‘qitish va joy bilan ta’minlash demak — ayni vaqtda buni amalga oshirish imkonsiz. Hozirda mudofaa idorasi yiliga uzog‘i bilan ming kishini o‘qitish va tayyorlashga qodir, 2029 yilga borib ushbu ko‘rsatkichni 9 mingga chiqarish rejalashtirilgan.
Ayni vaqtda Niderlandiya 42 ming askarli professional armiyaga ega, ammo katta jangovar mojaro yuz bersa, mamlakatga ko‘proq qo‘shin kerak bo‘ladi. Qonunga muvofiq, armiyaga 17 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan erkaklar va 17 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan ayollar chaqirilishi mumkin. Niderlandiyada majburiy harbiy xizmat hech qachon butunlay bekor bo‘lmagan. 1997 yilda mamlakat majburiy chaqiruvni to‘xtatgan edi.
Telekanalning qayd etishicha, professional harbiy xizmatchilarga bo‘lgan amaldagi talab, xususan, tibbiy ko‘rsatkichlar potensial chaqiriluvchilar uchun haddan ortiq yuqori. Mudofaa vazirligiga ko‘ra, idora bo‘lajak xizmatchilarni saralash uchun ko‘proq psixologlarni jalb etishga majbur bo‘ladi.
Eng katta muammo — resurslar yetishmasligi: o‘qitish uchun infratuzilma, uskunalar, qurollar, o‘q-dorilar va yotoqlar.
Niderlandiya Qurolli kuchlari qo‘mondoni Ono Eyxelsxeym RTL Nieuws’ga bergan intervyusida hozirda majburiy harbiy xizmatni qaytarish rejasi yo‘qligini ma’lum qildi. «Bu dolzarb ham, kerak ham emas», — deydi u. Shu bilan birga, qo‘mondon yuqoridagi masala muhokamasini «nazariy mashq» deb atab, armiyada o‘quv bazalari, kazarmalar kabi resurslar yo‘qligini bildirdi.
Avgust oyida Xorvatiya 2025 yil 1 yanvardan majburiy harbiy xizmatni qaytarishi ma’lum bo‘lgandi. Harbiy xizmat muddati — ikki oy. Ushbu qaror Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqini fonida Yevropada keskinlik oshgani sabab qabul qilingan. Shuningdek, Yevropaning boshqa davlatlari ham muddatli harbiy xizmatni qaytarish masalasini ko‘rib chiqmoqda, ayrimlari esa bunday choralarni ko‘rishga ulgurdi. Xususan, 2023 yilda Latviyada muddatli harbiy xizmat yana yo‘lga qo‘yildi. Harbiy xizmat majburiy bo‘lgan Norvegiyada esa qo‘shimcha 20 ming askar va zaxiradagi harbiy xizmatchilar uchun reja ishlab chiqildi.
Mavzuga oid
19:45 / 19.12.2024
Litva armiyasida Rossiya, Belarus va Xitoy fuqarolarining xizmat qilishi taqiqlandi
00:20 / 10.12.2024
Niderlandiyada ichki chegara nazorati joriy etiladi
20:40 / 06.12.2024
G‘ayrat Fozilov Niderlandiya qiroliga ishonch yorliqlarini topshirdi
13:55 / 18.11.2024