4 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Andijonda «qizil toifa»ga kiritilgan maktab o‘quvchilari, sholichilikda 78 foizga yetgan takroriy ekish, maktablarda start olgan «1 million dasturchi» tanlovi va Germaniyadan O‘zbekistonga yashil grantlar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Andijonda o‘quvchilar «qizil toifa»ga ajratildi
Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida tuman IIB boshlig‘i Rustam Jaloldinov maktablarning ayrim «qizil toifa»ga kiritilgan o‘quvchilari bilan uchrashuv o‘tkazgani shov-shuv bo‘ldi.
O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, bolalarni kamsitish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini poymol qilish mumkin emas. «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasida bolalarning kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, 10-moddasida esa davlat tomonidan ularning qadr-qimmati himoya qilinishi belgilangan.
Tuman hokimligi matbuot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra, uchrashuvda 18 nafar o‘quvchi bilan ularning maktabdan keyingi rejalari muhokama qilingan va kerakli tavsiyalar berilgan. Xabarga ilova qilingan suratlarda ro‘mol o‘ragan o‘quvchi qizlar va bir necha yigitlar ko‘rinadi. Ammo bolalarning qanday asosga ko‘ra «qizil toifa»ga kiritilgani haqida izoh berilmagan.
Mazkur bolalarning «qizil toifa»ga ajratilgani va ularning yuzlari ommaga ochiq holda ko‘rsatilgani qonuniy va axloqiy bahslarga sabab bo‘ldi.
Sholichilikda takroriy ekish 78 foizga yetdi
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalar va islohotlar natijasida katta natijalarga erishildi.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovga ko‘ra, islohotlar paxtachilik, g‘allachilik va sholichilik kabi tarmoqlarda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va qo‘shilgan qiymat yaratishga qaratilgan yangi mexanizmlarni joriy qildi.
Sholichilikda esa takroriy maydonlarga ekish miqdori 78 foizni tashkil etib, zamonaviy texnologiyalar yordamida 30 foiz suv va 50 foiz urug‘ tejaldi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida yangi usullar, jumladan, lazerli tekislash, tejamkor seyalkalardan foydalanish hamda ilm-fan yutuqlari orqali hosildorlik oshmoqda.
Toshkentdan Guangjouga havo qatnovi
O‘zbekistoning Centrum Air aviakompaniyasi Toshkentdan Xitoyning Guangjou shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri havo qatnovini boshladi. Ilk parvoz Guangjouning «Bayyun» xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi.
Centrum Air yangi qatnov doirasida Xitoyning 20 dan ortiq sayyohlik kompaniyalari va tur agentliklari vakillarini O‘zbekistonga olib keldi. Ular mamlakatning turizm salohiyati bilan tanishib, yangi mavsum uchun sayyohlik dasturlari ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.
Endi aviaqatnovlar chorshanba va yakshanba kunlari muntazam amalga oshiriladi.
«1 million dasturchi»: g‘olib maktabga elektromobil
O‘zbekistonda «Bir million o‘zbek dasturchisi» loyihasining yangi mavsumi boshlandi.
Loyiha doirasida eng yaxshi ikki maktabga Prezident sovg‘asi sifatida elektromobillar, yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilarga 700 ta noutbuk, Top-10 o‘qituvchi uchun chet el sayohatlari va muvaffaqiyatli 100 o‘qituvchiga pul mukofotlari ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Loyihadan ko‘zlangan maqsad 2025-2026 yillarga kelib xalqaro IT sertifikatiga ega bo‘lgan ishtirokchilar sonini 1 million nafarga yetkazishdir.
Raqamli texnologiyalar vazirligining ta’kidlashicha, IT-texnologiyalarni o‘zlashtirgan yoshlar masofadan turib jahonning yetakchi kompaniyalarida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Hozirgi kunda 10 mingdan ortiq dasturchi masofadan turib ishlamoqda va bu raqam 2030 yilgacha 30 mingga yetishi kutilmoqda.
Germaniyadan O‘zbekistonga yashil grantlar
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) O‘zbekistonga yashil master-rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun 9 mln yevro grant ajratadi. Bu mablag‘lar orqali iqlim o‘zgarishiga moslashuvchan hudud va shaharlarni barpo etish maqsad qilingan.
Grant kelishuvi 3 dekabr kuni O‘zbekiston hududiy rivojlanish forumi doirasida, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati o‘rtasida imzolandi.
Shuningdek, GIZ «yashil» sanoatlashtirishda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash uchun 3 mln yevro miqdoridagi grant ajratishi ma’lum qilingan. Jamiyat 2023 yilda ham O‘zbekistonning xususiy sektori salohiyatini oshirish hamda iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahat berish uchun 9 mln yevrolik qo‘shimcha mablag‘ taqdim etgan edi.
Germaniyada mehnat migratsiyasi vakolatxonasi
Germaniyaning Paderborn shahrida SBH West ta’lim markazi va Kreishandwerkerschaft Paderborn-Lippe hunarmandlar uyushmasi O‘zbekistondan malakali ishchilarni jalb qilish mavzusida davra suhbati tashkil etdi.
Migratsiya agentligi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekistonda nemis tilini o‘rganish va kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha markazlarni tashkil etish va Germaniyada mehnat migratsiyasi vakolatxonasi ochilishi haqida ma’lum qilindi.
Nemis tomoni Germaniyada kadrlar tanqisligi muammosini hal qilish uchun o‘zbekistonlik ishchi kuchlarining katta salohiyatini qayd etdi. Davra suhbati doirasida avtobus haydovchilari, teplovoz mashinistlari, logistika mutaxassislari va boshqa sohalarda kadrlar tayyorlash bo‘yicha manfaatli hamkorlik muhokama qilindi.
Germaniya tomoni o‘zbekistonlik yoshlar uchun elektronika va metall texnologiyalari bo‘yicha o‘quv dasturlarini taklif qilib, ularni stajyor va malakali ishchi sifatida jalb etishga qiziqish bildirdi. 2025 yilda Germaniyaning boshqa federal yerlarida ham shunday tadbirlar o‘tkazish rejalashtirildi.
Mavzuga oid
21:16 / 20.12.2024
20 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
20:30 / 19.12.2024
19 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:10 / 18.12.2024
18 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
20:54 / 17.12.2024