Jahon | 18:28 / 04.12.2024
2249
2 daqiqa o‘qiladi

Italiya avstriyalik milliarder Rene Benkoni hibsga olishga order berdi

Avstriya o‘z fuqarolarini chet eldagi sud jarayonlarida ishtirok etishi uchun ekstraditsiya qilmaydi. Rene Benkoning advokatiga ko‘ra, Yevropadagi biror-bir order uning mijozi hibsga olinishini ta’minlay olmaydi.

Foto: AP

Italiyaning Trento shahri prokuraturasi avstriyalik milliarder Rene Benkoni hibsga olishga order berdi. Financial Times’ning yozishicha, u Janubiy Tiroldagi bitimlarni amalga oshirishda firibgarlik sodir etganlikda gumonlanmoqda. Ish doirasida gumonlanuvchisi sifatida 77 kishi so‘roq qilinyapti. Ularning ayrimlari allaqachon uy qamog‘iga olingan yoki qidiruvga berilgan.

Prokuraturaning ma’lum qilishicha, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha Italiya bo‘linmasi tomonidan o‘tkazilgan tergov «Janubiy Tirolda boshqaruv qarorlari qabul qilinishiga ta’sir ko‘rsatishga qodir biznes-guruh borligini» aniqlagan. «Tadbirkorlar davlat xizmatchilarining saylov kampaniyalarini moliyalashtirishga, buning evaziga esa imtiyozlar, bitimlar tuzishning soddalashtirilgan tartiblari va ko‘chmas mulk loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha konsessiyalar olishga tayyor», — deyiladi bayonotda.

Avstriya konstitutsiyasi o‘z fuqarolarining chet eldagi sud jarayonlarida ishtirok etishi uchun ekstraditsiya qilinishini taqiqlaydi. Rene Benkoning advokatiga ko‘ra, Yevropadagi biror-bir order uning mijozi hibsga olinishini ta’minlay olmaydi.

Rene Benkoga Avstriyadagi eng yirik ko‘chmas mulk holdingi — Signa tegishli. 2023 yil noyabrda holding bankrotlik bo‘yicha ariza bergan. Kreditorlar Signa’ni bankrotlik to‘g‘risida ariza berishidan oldin noqonuniy tranzaksiyalarni amalga oshirgani uchun sudga bergan. O‘shanda Signa’ning qarzi 13 milliard yevroni tashkil etgan, 120 ga yaqin bank esa uning kreditori bo‘lgan.

Mavzuga oid