Jahon | 23:00 / 04.12.2024
11686
2 daqiqa o‘qiladi

Ramzan Qodirov Ilon Mask unga Cybertruck sovg‘a qilmaganini tan oldi

Checheniston yetakchisi unga «Ilon Maskning xarakteri, hayot tarzi, o‘zini qanday tutishi qiziq» ekanini aytib, «biron bir tarzda xafa qilgan bo‘lsa» amerikalik milliarderdan kechirim so‘rashini bildirdi.

Foto: Telegram/Ramzan Qodirov

Checheniston yetkachisi Ramzan Qodirov «to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir» vaqtida amerikalik milliarder Ilon Mask unga Cybertruck’ni sovg‘a qilmaganini tan oldi.

Qodirov unga «Ilon Mask, uning xarakteri, hayot tarzi, o‘zini qanday tutishi qiziq» ekanini ta’kidlagan. «Men u bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali hazillashishni yaxshi ko‘raman. Mashinani u menga sovg‘a qilmadi, mashina meniki emasdi — men shunchaki bu hazilni o‘ylab topdim va tarqatdim», — deydi Ramzan Qodirov.

Checheniston yetakchisi «biron bir tarzda xafa qilgan bo‘lsa» Maskdan kechirim so‘rashini aytgan. «Shunday davom et. Sening xaraktering, o‘z nuqtai nazaring bor, bizga bunday odamlar yoqadi», — deydi Qodirov.

17 avgust kuni Qodirov o‘zining Telegram-kanalida tomga pulemyot o‘rnatilgan Cybertruck’da Grozniy bo‘ylab harakatlanayotgani aks etgan videoni e’lon qilgandi. Qodirov yozganidek, u «elektromobilni hurmatli Ilon Maskdan olgan». Cybertruck «tez orada Shimoliy harbiy okrug zonasiga yuboriladi» va «askarlarimizga katta foyda keltiradi», degan Checheniston rahbari. 

Keyinroq amerikalik tadbirkor Ilon Mask Ramzan Qodirovga Cybertruck elektromobilini sovg‘a qilmaganini aytdi. «Siz haqiqatan ham rossiyalik generalga Cybertruck berdim, deb o‘ylaysizmi? Ajoyib. Sen OAVning eskirgan yolg‘onlari yana bir misolisan», deb yozgandi Mask o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida The New York Times jurnalisti Set Abramson postiga izoh berib.

Mavzuga oid