Jahon | 22:30 / 05.12.2024
6925
3 daqiqa o‘qiladi

Dubayda «nindzya» emojisini yuborgan irlandiyalik erkak bir necha yilga qamalishi mumkin

U o‘zining buyumlarini o‘g‘irlab ketgan shaxsga «nindzya» va «qon tomchisi» emojisini yuborgan. Dubay qonunlariga ko‘ra, hatto yaqin kishilar o‘rtasida ham haqorat yoki tahdid qiluvchi xabarlarni yuborish taqiqlanadi.

Foto: Daily Mail

Styuart Kuini ismli irlandiyalik erkak Dubayda o‘ziga tegishli buyumlarni o‘g‘irlab ketgan tanishiga «nindzya» emojisini yuborgani uchun bir necha yilga qamalishi mumkin, deb xabar beradi Daily Mail.

Hozirda irlandga mamlakatdan chiqib ketish taqiqlangan.

2022 yilning yanvarida Styuart Kuini do‘sti bilan Dubayga kelgan. U safar vaqtida do‘stiga kvartira ijaraga olishda yordam bergan belgiyalik shaxs bilan tanishib qolgan.

«Styuart va uning do‘sti uyda bo‘lmagan vaqtda belgiyalik kvartiraga ruxsatsiz kirgan va ularning barcha buyumlarini olib chiqib ketgan. Styuart bir nechta yuridik xat tayyorlagan, ammo ularning barchasi e’tiborsiz qoldirilgan», — deydi Detained in Dubai tashkiloti vakili.

«Menga kiyim-kechaklari unchalik muhim emas, u yerda buvim va do‘stimning men uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan sovg‘alari bor edi. O‘tgan yilning iyunida kelganimda unga buyumlarimni qaytarishini so‘rab bir nechta xabar yubordim, aks holda men politsiyaga murojaat qilishga tayyor edim. Ammo yana hech qanday javob bo‘lmadi», — degan Kuini Detained in Dubai asoschisi Rade Sterlingga.

Keyinroq u demensiyadan aziyat chekuvchi buvisi qariyalar uyiga o‘tkazilayotganidan xabar topgan. «Aftidan, mast paytida uning yodiga o‘g‘rilik tushib qolgan va telefonni olib belgiyalikka bir necha emoji yuborgan — «nindzya» va «qon tomchisi», — deydi Sterling.

Styuart Kuini 6 sentabr kuni Dubayga kelganida u qo‘lga olingan va politsiya uchastkasida unga mamlakatni tark eta olmasligini bildirishgan.

Tashkilot vakillarining so‘zlariga ko‘ra, qonunchilikka muvofiq u bir necha yilga qamalishi mumkin — mamlakatda hatto yaqin kishilar o‘rtasida ham haqorat yoki tahdid qiluvchi xabarlarni yuborish taqiqlanadi.

Sterlingning ta’kidlashicha, Dubayning qat’iy qonunlaridan firibgarlar tez-tez tovlamachilik maqsadlarida foydalanib turadi.

Mavzuga oid