Jahon | 13:39 / 05.12.2024
25930
19 daqiqa o‘qiladi

Suiqasd, suitsid yoki eng kamida impichment - Janubiy Koreya prezidentlarining ayanchli taqdirlari

Janubiy Koreya shunday davlatki, u yerda prezident bo‘lgan shaxslarning bu lavozimdan keyingi taqdiri ko‘pincha ayanchli bo‘ladi. 1948 yildan buyon mamlakatni 13 prezident boshqargan bo‘lsa, ularning atigi 3 nafari hokimiyatdan “silliq” ketgan. Qolganlarining qismati haqida ushbu maqolada o‘qiysiz

So‘nggi kunlarda Janubiy Koreyada jiddiy siyosiy voqealar sodir bo‘ldi. 3 dekabr kuni tunda prezident Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

Shundan keyin armiya generali Pak An Su harbiy komendant etib tayinlandi va u darhol qator taqiqlar joriy etdi. Generalning topshirig‘i bilan harbiylar mamlakat parlamenti binosiga kirish yo‘lini to‘sib qo‘yishdi.

Shundan bo‘lsa ham deputatlarning aksariyati binoga kirishga muvaffaq bo‘ldi va harbiy holatni bekor qilishni yoqlab ovoz berdi. Yun Sok Yol harbiy holatni bekor qilishga majbur bo‘ldi.

Shundan so‘ng muxolifat prezidentga impichment e’lon qilishga chaqira boshladi va jarayon boshlandi. Bu orada mamlakat mudofaa vaziri barcha aybni gardaniga olib, iste’fo berdi.

Janubiy Koreya tarixida mamlakatni boshqargan prezidentlarning aksariyati davlat to‘ntarishi yoki impichment tufayli vakolatidan voz kechgan. Ularning bir nechasi qamalgan. Ayrimlari o‘z joniga qasd qilgan. Quyida mojaroli vaziyatga tushib qolgan Janubiy Koreya prezidentlari haqida ma’lumotlarni keltiramiz.

Li Sin Man – korrupsiya tufayli impichment

Li Sin Man Koreya yarimoroli ikkiga bo‘lingandan so‘ng uning janubiy qismida tashkil etilgan Koreya respublikasining birinchi prezidenti bo‘lgan.

Li Sin Man Koreyani 1948 yildan 1960 yilgacha boshqaradi va o‘shanda respublika juda og‘ir sinovlarni boshidan kechiradi. Jumladan, 1950-1953 yillarda Koreya yarimorolida shimolni egallab olgan kommunistlar va janubliklar o‘rtasida urush bo‘lib o‘tadi.

Xalqaro hamjamiyat yordami bilan janubliklar mustaqilligini saqlab qoladi. Urush 1953 yilda shimol va janub o‘rtasida demarkatsion chegara tortilishi bilan tugaydi.

1960 yil 15 mart kuni Koreyada navbatdagi prezidentlik saylovi o‘tkaziladi. Li Sin Man to‘rtinchi marta nomzodini qo‘yadi va saylovda g‘alaba qozonadi.

Saylov o‘tgandan so‘ng Li Sin Man hukmronligiga qarshi namoyishlar boshlanadi. Namoyishlar bir necha hafta davom etadi va mamlakat parlamenti Li Sin Manga impichment e’lon qilib, uni iste’foga chiqarish bo‘yicha rezolyutsiya qabul qiladi.

26 aprel kuni Li Sin Man iste’fo berishga majbur bo‘ladi va Markaziy razvedka boshqarmasi yordamida xotini bilan Havayi orollariga qochib ketadi. O‘sha paytda Li Sin Man 85 yoshda edi. Oradan 5 yil o‘tgach u 90 yoshida vafot etadi.

Yun Bo Son – davlat to‘ntarishida ag‘darilgan

1960 yilda Li Sin Man iste’foga chiqib mamlakatni tark etgach Vakillar palatasi va Senat tomonidan Yun Bo Son prezident etib saylanadi. Biroq uning prezidentlik muddati uzoqqa cho‘zilmaydi.

1961 yil 16 may kuni Koreyada general Pak Chon Xi harbiy to‘ntarish uyushtiradi. General o‘zini hukumat raisi deb e’lon qiladi. Yun Bo Son esa prezidentligini davom ettiradi.

Biroq u 1962 yil 22 mart kuni prezidentlikdan ag‘dariladi. Chak Pon Xi uning o‘rniga mamlakat prezidenti bo‘lib qoladi. Yun Bo Son prezidentlikdan ag‘darilgach muxolifat lideriga aylanadi va prezidentlik uchun siyosiy kurashni davom ettiradi.

U yana ikki marta 1963 va 1967 yillarda prezidentlikka nomzodini qo‘yadi va yutqazadi. Yun Bo Son bir necha marta hukumatga qarshi namoyishlarda qatnashgani uchun hibsga olinadi. Yun Bo Son katta siyosatdan 1980 yilda ketadi va 1990 yilda 92 yoshida vafot etadi.

Pak Chon Xi – isyonchilar o‘ldirgan

Pak Chon Xi Koreya armiyasi generali edi. U 1961 yil 16 may kuni harbiy to‘ntarishni amalga oshiradi. So‘ng avvaliga hukumat raisi, so‘ng prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchi, 1963 yil 17 dekabrdan boshlab mamlakat prezidenti bo‘ladi. U Koreyani 1979 yilgacha boshqaradi.

Pak Chon Xi Koreyani boshqarar ekan, bir necha marta unga suiqasd uyushtiriladi. Suiqasdlarning birinchisi 1968 yilda Shimoliy Koreya harbiylari tomonidan amalga oshiriladi.

O‘shanda politsiyachilar prezident qarorgohidan bor-yo‘g‘i 800 metr narida shimollik harbiylarning yo‘lini to‘sib, ularni to‘xtatib qolishadi. Otishmada shimolliklarning bir nechasi o‘ldiriladi. Qolganlari hibsga olinadi.

Ikkinchi suiqasd 1974 yil 15 avgust kuni sodir etiladi. Pak Chon Xi Milliy teatrda Koreyaning yaponlar mustamlakasidan ozod bo‘lganining 29 yilligini nishonlash tadbirida qatnashayotganida 22 yoshli yigit unga o‘q uzadi.

O‘q prezidentga emas, uning xotiniga tegadi. Oqibatda ayol o‘sha kuni vafot etadi. Ikkinchi o‘q ham xato ketadi va o‘sha atrofda bo‘lgan o‘quvchilardan biriga tegadi.

O‘q uzgan yigit ushlanadi va tekshirib ko‘rilganda u Shimoliy Koreya maxsus xizmatlariga yollangani aniqlanadi. Yigitga o‘lim jazosi beriladi.

Uchinchi suiqasd 1979 yil 26 oktyabrda uyushtiriladi. Bu safar prezidentga Koreya respublikasi Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Kim Jye Gyu o‘q uzadi.

Oqibatda og‘ir yaralangan 62 yoshli Pak Chon Xi halok bo‘ladi. Kim Jye Gyu va uning maslakdoshlari ushlanadi va ular o‘lim jazosiga hukm qilinadi.

Chxve Gyu Xa – davlat to‘ntarishida ag‘darilgan

Pak Chon Xining o‘limidan so‘ng Koreyaga Chxve Gyu Xa prezident bo‘ladi. O‘shangacha u Koreya bosh vaziri lavozimida ishlagandi.

Chxve Gyu Xa avvaliga mamlakatni prezident vazifasini bajaruvchi sifatida boshqaradi. Keyin 1979 yil dekabrda o‘tkazilgan saylovda g‘alaba qozonib mamlakat prezidentiga aylanadi.

Saylovdan 4 kun o‘tgach armiya generali Chon Du Xvan harbiy to‘ntarish uyushtiradi. To‘ntarishdan so‘ng Chxve Gyu Xa prezident bo‘lib qolaveradi. Biroq mamlakatni general boshchiligidagi harbiylar boshqarishadi.

1980 yil 16 avgust kuni harbiylar Chxve Gyu Xani prezidentlikdan ketkazishadi. Uning o‘rniga harbiy to‘ntarish uyushtirgan Chon Du Xvan mamlakat rahbari bo‘ladi. Chxve Gyu Xa 2006 yil 22 oktyabrda 87 yoshida vafot etadi.

Chon Du Xvan – korrupsiya tufayli o‘lim jazosi va afv

Koreya armiyasi generali bo‘lgan Chon Du Xvan 1979 yilda harbiy davlat to‘ntarishi uyushtiradi. Oradan qariyb bir yil o‘tgach, 1980 yil 1 sentabr kuni u Koreya prezidentiga aylanadi.

1983 yilda general Chon Du Xvan Myanmaga (Birmaga) tashrif buyuradi. U poytaxt Rangundagi yodgorlik majmuasiga borganda bomba portlaydi va Koreya hukumatining 21 a’zosi halok bo‘ladi. Chon Du Xvan ikki daqiqa kech borgani uchun tirik qoladi.

Chon Du Xvan davrida Koreya iqtisodiy taraqqiyotga erishadi. Biroq mamlakatni harbiylar boshqarayotgani ko‘pchilikka yoqmasdi. Shu sababli 1987 yilda namoyishlar boshlanadi.

Oxir-oqibat Chon Du Xvan 1988 yilda iste’foga chiqishga majbur bo‘ladi. Shundan so‘ng uni va oilasini korrupsiyada ayblashadi va 1988 yilda sobiq prezident xizmat qilish uchun ibodatxonaga ketadi.

Oradan ikki yil o‘tgach uni hibsga olishadi va tergov boshlanadi. Bir necha yil davom etgan tergov jarayonlaridan so‘ng 1995 yilda Chon Du Xvan hokimiyatni kuch bilan bosib olishda ayblanadi va o‘lim jazosiga hukm qilinadi.

Biroq ko‘p o‘tmay o‘lim jazosi umrbod qamoq jazosi bilan almashtiriladi. Keyinroq u afv etiladi. Chon Du Xvan 2021 yil 23 noyabr kuni 91 yoshida vafot etgan.

Ro De U – korrupsiyada ayblanib qamalgan

Ro De U ham harbiy bo‘lgan va o‘zidan avval Koreyani boshqargan Chon Du Xvanning “odami” edi. Shu sababli Chon Du Xvan 1987 yilda uni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatadi.

1987 yil 16 dekabr kuni o‘tkazilgan saylovda Ro De U g‘alaba qozonadi. Uning inauguratsiya marosimi 1988 yil 25 fevral kuni o‘tkaziladi.

1993 yilda Ro De U korrupsiyada ayblanib hibsga olinadi. Shuningdek, unga Chon Du Xvan bilan birga hokimiyatni kuch bilan bosib olish ayblovi qo‘yiladi.

Uch yil davom etgan tergovlardan so‘ng 1996 yilda sud Ro De Uga 22 yil qamoq jazosi tayinlaydi. Keyinchalik avvaliga qamoq muddati 17 yilga qisqartiriladi. So‘ng 1998 yilda prezident Kim De Chjun uni afv etadi. Ro De U 2021 yilda 89 yoshida vafot etadi.

Kim Yon Sam – o‘g‘li korrupsiyada ayblanib qamalgan

Kim Yon Sam Koreyani 1993 yildan 1998 yilgacha bir muddat boshqargan va jinoiy javobgarlikka tortilmasdan vakolatini topshirgan.

Uni ham bir necha marta korrupsiyaga qarshi kurash bahonasida korrupsiyaga yo‘l qo‘yganlikda gumonlashadi. Biroq bu gumonlar impichment e’lon qilinib, jinoyat ishi ochish uchun yetarli bo‘lmaydi.

Biroq uning o‘g‘li korrupsiyada ayblanib qamaladi. Gap shundaki, kompaniyalardan biri 6 mlrd dollar kredit oladi va pullarni o‘zlashtirib o‘zini bankrot deb e’lon qiladi.

Holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazilganda kompaniyaga prezidentning o‘g‘li yordam bergani aniqlanadi. Shundan so‘ng prezidentning o‘g‘li ham ayblanadi va shu jinoyat figurantlari bilan birga qamaladi.

O‘g‘lining aybi oshkor bo‘lgach Kim Yon Samning reytingi juda pastlab ketadi. 2015 yilda 87 yoshida vafot etgan.

Kim De Chjun – ayblanmagan rahbar

Koreyani 1998 yildan 2003 yilgacha boshqargan Kim De Chjun bu davlat tarixidagi mamlakatni tinchgina boshqargan kam sonli rahbarlardan biri hisoblanadi.

U 1997 yilda o‘tkazilgan prezidentlik saylovida g‘alaba qozongan. 2003 yilda muddat tugagandan so‘ng navbatdagi saylovga nomzodini qo‘ymaydi va katta siyosatdan ketadi.

Kim De Chjun o‘z prezidentlik davrida korrupsiya va hokimiyatni bosib olishda ayblanib umrbod qamoq jazosi olgan sobiq prezident Chon Du Xvan va 22 yilga qamalgan sobiq prezident Ro De Uni afv etgan.

U o‘z rahbarligi davrida Shimoliy Koreya bilan qarama-qarshilikni ancha yumshatadi. 2000 yilda Pxenyanga tashrif buyurib Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Ir bilan uchrashadi.

Ana shu xizmatlari uchun 2000 yilda Kim De Chjun Tinchlik bo‘yicha xalqaro Nobel mukofotini olgan. U 2009 yilda 85 yoshida vafot etgan.

No Mu Xyon – o‘z joniga qasd qilgan

lanhdao.net

Kim De Chjundan so‘ng 2003 yilda Koreyaga No Mu Xyon prezident bo‘ladi. U 2002 yilda o‘tkazilgan saylovda g‘alaba qozongandi.

Oradan bir yil o‘tgach unga impichment e’lon qilinadi. Biroq mamlakat Konstitutsion sudi impichmentni bekor qiladi.

2007 yilda o‘tkazilgan saylovda u nomzodini qo‘ymaydi va 2008 yil 25 fevralda muddati tugagach prezidentlikdan ketadi. 2009 yilda unga pora olganlik ayblovi qo‘yiladi.

Shundan so‘ng No Mu Xyon tug‘ilib-o‘sgan qishlog‘i yaqinida joylashgan Ponxvasan tog‘idagi qoyadan o‘zini pastga tashlab joniga qasd qiladi. O‘shanda u 63 yoshda edi.

U o‘limidan avval kompyuteriga joniga qasd qilmoqchi ekanini aytib videoyozuv qoldiradi. Politsiya shunga asoslanib sobiq prezident o‘zini o‘ldirgani haqidagi faktni tasdiqlaydi.

Li Myon Bak – korrupsiya tufayli qamalgan

alamy.com

Li Myon Bak 2007 yilda o‘tkazilgan saylovda g‘alaba qozonadi va 2008 yil 25 fevraldan boshlab Koreya prezidenti bo‘ladi.

O‘shanda saylovchilarning 48,7 foizi Li Myon Bakka ovoz beradi va Koreya tarixidagi saylovlarda eng past ko‘rsatkich edi. Inauguratsiyadan ikki oy o‘tib Li Myon Bakning reytingi 28 foizgacha, to‘rt oydan so‘ng 17 foizgacha pastlaydi.

2012 yilda o‘tkazilgan saylovda Li Myon Bak qatnashmaydi va 2013 yil 25 fevral kuni vakolati tugagach rahbarlikni yangi saylangan prezidentga topshiradi.

Li Myon Bak prezidentlik davrida akasi Li Sang Dukni o‘ziga shaxsiy yordamchi qilib olgandi. U prezidentlikdan ketgach akasiga kompaniyalarning biridan yarim mln dollar pora olganlik aybi qo‘yilib, jinoyat ishi ochiladi.

Bungacha Li Sang Duk Koreya bosh prokuroridan pora olganlikda ayblanib 14 oy qamoqda o‘tirgandi.

2018 yil 22 mart kuni Li Myon Bak 10 mln AQSh dollari miqdorida pora olganlikda ayblanib hibsga olinadi. Shuningdek, u Samsung kompaniyasidan 6 mln dollar pora olganlikda ayblanadi.

Gap shundaki, Samsung rahbari Li Gon Xi soliqlardan qochish va firibgarlikda ayblanib qamalgandi. Li Myon Bak uni afv etish evaziga kompaniya vakillaridan 6 mln dollar olgan.

2018 yil 5 oktyabr pora olish, kamomad va mansabni suiiste’mol qilishda aybdor deb topiladi va 15 yilga qamaladi. Shuningdek, uning gardaniga davlat foydasiga 11,5 mln dollar to‘lash majburiyati qo‘yiladi. Keyinroq muddatga yana 2 yil qo‘shiladi.

Oradan olti oy o‘tgach sog‘ligi yomonlashgani tufayli u qamoqdan ozod qilinadi. 2020 yil 29 oktyabr kuni Koreya Oliy sudi Li Myon Bakka berilgan 17 yil qamoq jazosini o‘z kuchida qoldiradi. Sobiq prezident yana qamoqxonaga joylashtiriladi.

2022 yil 27 dekabr kuni sog‘ligi yomonlashgani tufayli Li Myon Bak afv etiladi, qamoqdan ozod qilinadi. Sobiq prezident hozir 82 yoshda.

Pak Kin Xe — korrupsiya tufayli impichment va qamoq

alamy.com

Pak Kin Xe Koreya tarixida prezident bo‘lib saylangan yagona ayol hisoblanadi. U 2012 yil dekabrda o‘tkazilgan saylovlarda 51,55 foiz ovoz bilan g‘alaba qozonadi.

2016 yilda Koreyada jiddiy siyosiy mojaro yuz beradi. Ma’lum bo‘lishicha, prezident tashqi va ichki siyosat yuritishda yaqin do‘stlarining maslahati bilan ish tutgan. Ayniqsa, prezidentga yaqin dugonasi Chxve Sun Sil mudom maslahat bergan.

Pak Kin Xega dugonasining maslahat berib yurishi tashlab yuborilgan planshet tufayli oshkor bo‘lgan. Ya’ni Koreya OAV Chxve Sun Sil ishlatgan va tashlab yuborilgan planshetni qo‘lga kiritadi.

Planshetda ikki dugonaning muloqoti saqlanib qolgan va unda prezidentning dugonasidan maslahat so‘ragani, Chxve Sun Sil unga javob qaytargani bor edi.

Prezidentning bu ishi ommaga oshkor bo‘lgach odamlar namoyishga chiqishadi va prezidentning iste’fosini talab qilishadi.

2016 yil 29 noyabrda Pak Kin Xe parlamentga murojaat qilib, o‘zini iste’foga chiqarishni so‘raydi. Muxolifat buni impichmentdan qochish deb baholaydi.

Oradan 10 kun o‘tib, parlament prezidentga impichment e’lon qiladi. 2017 yil mart oyida mamlakat konstitutsion sudi impichmentni tasdiqlaydi. Shu tariqa Pak Kin Xe prezidentlik faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ladi.

2017 yil 30 mart kuni u hibsga olinadi. Ayolga davlat sirlarini oshkor qilish, korrupsiya, xizmat vakolatini suiiste’mol qilish va boshqa ayblar qo‘yiladi.

2018 yil 6 aprel kuni sud Pak Kin Xega 24 yil qamoq jazosi va 16,8 mln dollar jarima jazosi belgilaydi. 2020 yilda uning qamoq muddati 20 yilga qisqartiriladi.

2021 yilda mamlakat prezidenti Mun Chjye In Pak Kin Xeni afv etadi.

Mun Chjye In — ayblanmagan prezident

Korea.net

Mun Chjye In mamlakatni 2017 yildan 2022 yilgacha bir muddat boshqargan. U Koreyada prezidentlik qilib, ayblanmagan uchinchi prezident hisoblanadi.

Bunday prezidentlarning birinchisi Koreyani 1993 yildan 1998 yilgacha boshqargan Kim Yon Sam, ikkinchisi 1998 yildan 2003 yilgacha prezident bo‘lgan Kim De Chjun bo‘lgan.

Bular orasida Mun Chjye In va Kim De Chjun prezidentlikdan “toza” ketishgan. Kim Yon Samning o‘g‘li esa korrupsiyada ayblanib qamalgan. Biroq ayblov uning o‘zigacha yetib kelmagan.

Yun Sok Yol – harbiy holat e’lon qilgan yangi “qahramon”

alamy.com

2024 yil 3 dekabr kuni tunda prezident Yun Sok Yol Koreyada harbiy holat e’lon qildi. Shu munosabat bilan xalqqa videomurojaat qilgan prezident bu ishdan maqsad “konstitutsiyaviy tartibni qayta tiklash, davlatga qarshi kuchlarni bartaraf etish va mamlakat xavfsizligini ta’minlash” ekanini aytgan.

Muxolifat darhol prezidentning mamlakatni inqirozga uchratishga urinayotgani uchun shunday choraga qo‘l urganini aytib chiqdi. Ma’lumot uchun, Janubiy Koreyada harbiy holat oxirgi marta 1980 yilda e’lon qilingandi.

Harbiy holat e’lon qilingach, armiya generali Pak An Su harbiy komendant etib tayinlandi va u darhol qator taqiqlar joriy etdi. Generalning topshirig‘i bilan harbiylar mamlakat parlamenti binosiga kirish yo‘lini to‘sib qo‘yishdi.

Shunday bo‘lsa ham deputatlarning bir qismi binoga kirishga muvaffaq bo‘ldi va harbiy holatni bekor qilishni yoqlab ovoz berdi. Yun Sok Yol harbiy holatni bekor qildi.

Shundan so‘ng muxolifat prezidentga impichment e’lon qilishga chaqira boshladi va jarayon boshlandi. Bu orada mamlakat mudofaa vaziri barcha aybni gardaniga olib iste’fo berdi.

Vaziyat shu tarzda davom etsa katta ehtimol bilan Yun Sok Yol prezidentlik vakolatini topshiradi va hatto qamalishi ham mumkin. Yaqin orada bunga oydinlik kiritiladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid