Husanovdagi o‘sish, fantastik final, «Nasaf» chempionligi va Parij yo‘llanmasi – o‘zbek futbolining 2024 yildagi eng esda qolarli 10 voqeasi
O‘zbek futbolida navbatdagi yil ham o‘z nihoyasiga yetdi. Turli esda qolarli voqealarga, o‘yinlarga boy bo‘lgan ushbu mavsumga xulosa berishga harakat qilgan sharhlovchi va jurnalist Orif Tolipov ahamiyat darajasiga qarab, o‘ziga xos reytingini tuzdi. Albatta, voqealarning muhimligi muallifning sub’yektiv qarashlariga asoslangan va har bir o‘quvchi uchun o‘rinlar almashishi tabiiy.
10-o‘rin: Erondagi chempion va vitse-chempion o‘zbeklar
Ha, ilgari ham o‘zbekistonlik futbolchilar Eron chempionatida to‘p tepishgan, biroq milliy jamoa yetakchisi bo‘lgan ikki ismning bir vaqtda bu mamlakatdagi ikki top klub safida paydo bo‘lib, mavsum yakunida chempionlik uchun kurashishi, muvaffaqiyatli o‘ynashi avval bo‘lmagan. Oston O‘runov «Persepolis» tarkibida chempion bo‘ldi. Jaloliddin Masharipov esa «Istiqlol» bilan kumush medallarga ega chiqdi.
Tan olish kerak, fors futboli qit’ada peshqadamlardan, doim mundialda ishtirok etadigan milliy jamoasi bor bu mamlakatning. Ichki chempionati ham stadionga tashriflariga qarasak, katta raqobatda o‘tadi.
9-o‘rin: Abbos Fayzullayevning progressi
Rossiya chempionati hozir o‘zining eng yaxshi davrlarini o‘tkazmayotgani aniq. RPL jamoalari UYeFA turnirlaridan chetlatilgan, jamoalar tarkibida nomdor legionerlar kamaygan va hokazo. Ammo shunda ham o‘zbek futbolchisi bu chempionatning yetakchi klublaridan biri tarkibida asosiyga aylanib olishi yetarli darajada katta voqea.
Birinchi navbatda uning salohiyati ko‘pchilik kutgandek bo‘lib chiqdi, Abbos sinib qolmadi yoki moslashuvi cho‘zilib ketmadi. Aynan 2024 yilga o‘tib u TsSKA asosiylaridan biriga aylandi. Bu nazdimda biz uchun muhim voqea.
Abbos Fayzullayev OFK tomonidan yilning eng yaxshi yosh futbolchisi deb e’lon qilinganini esa yosh futbolchi bilan bog‘liq yana bir katta voqea.
Endi qo‘yiladigan qadam shubhasiz chempionatni o‘zgartirish. Umid qilaman, Fayzullayev va uning atrofidagi insonlar to‘g‘ri yo‘lni tanlay olishadi.
8-o‘rin: Milliy jamoa saralashda 18 imkoniyatdan 13 ochko jamg‘ardi
Ha, maydondagi o‘yin bo‘yicha ko‘pchilik qatori mening ham xavotirlarim bor. Futbolchilardan kutilmam ko‘pchilik qatori menda ham baland. Aksar singari menda ham janob Katanetsga savol va e’tiroz bisyor.
Ammo fakt shundaki, hozir milliy jamoa tarixida JChlari saralashining 3-bosqichidani eng yaxshi ko‘rsatkich hozir qayd etilmoqda. Raqamlarda, ochkolarda shunaqa.
Saralashning bu bosqichi 2024 yil kuzida boshlandi. Hozircha buni yilning e’tiborli voqealari qatoriga qo‘yish mumkin.
Juda tanqid sevar do‘stlarimizga yana bir bor alohida aytaman - bu yerda gap o‘yin tasviri, tahlili yoki tanqidi haqida emas. Gap natijada.
7-o‘rin: Tantashev eng muhim o‘yinda
Osiyo chempionlar ligasi 2023/24 yillar mavsumining ikki finalidan ikkinchisi, ya’ni AFC klublar futbolidagi eng katta o‘yin, tom ma’nodagi finalni (25.05.2024) o‘zbekistonlik hakam Ilgiz Tantashev boshchiligidagi guruh boshqarib bordi. «Al Ayn» va «Yokohama» o‘rtasidagi bahsda ishlagan hamyurtimiz o‘z vazifasini munosib uddaladi.
Ochig‘ini aytaman, men Ravshan Ermatovdan so‘ng o‘zbek hakami endi xalqaro darajada nufuzga ega bo‘lishi qiyin bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim.
6-o‘rin: Abduqodir Husanov top-5 ligada oy futbolchisi
Bu o‘rinda ham Abbos Fayzullayev kabi shunchaki progress so‘zini ishlatib qo‘yish mumkin edi, biroq Fransiya chempionatida oy futbolchisi bo‘lish meni nazarimda juda katta voqea, shunchaki o‘sishdan ko‘ra kattaroq voqea. Abduqodir buni uddaladi.
Buni o‘zbek futboli uchun yangi sahifa deyish mumkin, 4 yil avval Eldor Shomurodovning Italiya A Seriyasiga o‘tishi qanday voqea bo‘lsa, Husanovning oktyabrda eng yaxshi deb topilishi shunday ulkan impuls beruvchi voqeadir.
Husanov hozir o‘z o‘yin uslubi, fazilatlari (skills) bilan Yevropaning kattaroq klublari nishoniga tushib qolmoqda.
Muhimi to‘xtamaslik. Nafaqat oy, balki yil futbolchisi bo‘lish, kerak bo‘lsa «Oltin to‘p» uchun ro‘yxatlarga kirish mumkin. Ilojsiz emas.
5-o‘rin: «Andijon» - O‘zbekiston kubogi g‘olibi
«Andijon» uchun ertaknamo mavsum, fantastik yakun bo‘lgan final. O‘yin ssenariysi hollivudchilar tomonidan bitilgandek edi go‘yo. Voqealar rivoji, murabbiylar ta’siri, stadiondagi muhit (bu haqida alohida albatta), barchasi mazkur g‘oliblikni noodatiy qilib, tarixiy darajasiga ko‘taradi.
Toza o‘yin nuqtai nazaridan finaldagi derbi JCh-2022 finalini eslatgani rost. Albatta jahon darajasida misol keltirayotgan vaqt mubolag‘a ketib qoladi, biroq bu tashbehda mubolag‘a juda kam deb ayta olaman.
Translatsiya va sharhni alohida aytish zarur. Xuddi o‘sha Qatardagi finalda bo‘lgani kabi bu o‘yin sharhida ham Sport TVda Xayrulla Hamidov va Davron Fayziyev birga ishlashdi. Bir-birini to‘ldirish, uyg‘unlik, kadr va his translatsiyasi muvaffaqiyatli uddalandi.
4-o‘rin: «Nasaf» - O‘zbekiston chempioni
Klublar futboli tarixida hali mamlakat chempionligini qo‘lga kiritmagan Qarshining «Nasaf» jamoasi kutilgan titulga ega chiqdi. Shubhasiz bu katta voqea.
«Nasaf» - o‘zbek futbolida nisbatan to‘g‘ri shakllangan klub hisoblanadi. Ya’ni davlat yoki davlat tashkilotlari mablag‘i evaziga Qarshida bir vaqtlar sifatli akademiya, infratuzilma tashkil qilingandi. Ayni holatdagi boshqa aksar o‘zbek klublari katta maoshlar, ulkan yig‘inlarga pulni sarflab, oqibatda na natija, na infratuzilmaga ega bo‘la oldi.
«Nasaf»ning yondashuvi natijasida milliy jamoa darajasida juda ko‘p futbolchilar Qashqadaryo orqali yetishib chiqdi va chiqmoqda. Aslida mamlakat chempionligi vaqt masalasi edi. 2024 yil bu voqea yuz berdi!
Endi Berdiyev jamoasi raqobatdardosh qolishi, Elit ligada muvaffaqiyatli ishtirok etishi zarur. Mavsum oxiridagi sifatsiz o‘yinlar, bo‘sh harakatlar jamoaga yarashmaganini aytish zarur.
3-o‘rin: Futzal bo‘yicha Jahon chempionati O‘zbekistonda
Albatta futzal alohida sport turi. Ayni vaqtda u FIFA shafeligida o‘z turnirlarini o‘tkazar ekan biz buni futbol voqealari qatorida sanay olamiz. Qo‘shimchasiga bu futzal bo‘yicha eng katta turnir hisoblandi. Andijon, Buxoro va Toshkent bir oy davomda nufuzli musobaqaga munosib mezbonlik qildi.
Janni Infantino finalni «Humo Arena»dan kuzatib bordi. Braziliya 12 yildan so‘ng yana dunyoda tengsiz bo‘ldi.
Supergollar, chiroyli kombinatsiyalar, minglab sayyohlar va ajoyib sport muhiti futzal bo‘yicha jahon chempionatini biz uchun qadrli qiladi.
Garchi terma jamoamiz turnirni muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan bo‘lsa ham, mezbonlik pozitsiyasi bizga yaxshi tasalli bo‘lib berdi.
2-o‘rin: Farg‘onadagi final
Yuqoriroqda men «Andijon»ning O‘zbekiston kubogi sohibi bo‘lganini alohida eslab o‘tgandim. Endi umumiy finalni, uning atmosferasi, tashkilotchiligini e’tirof etmoqchiman. Jarayonda namanganlik muxlislarning ham hissasi juda katta!
O‘yin kuni Farg‘onada bo‘lgan inson sifatida aytaman - «Istiqlol» stadioni o‘sha kuni Angliya yoki Germaniya o‘yingohlari kabi qaynadi. Qizil va moviy ranglar, atributlar, o‘zgacha tayyorgarlik bilan ikki qo‘shni viloyatdan oqib kelgan muxlislar, o‘yin vaqtida tribunada kechgan raqobat o‘zbek futboli uchun mutlaq yangilik edi. Bu rostmana bayram edi.
Ko‘z oldimda uchrashuv chiptasini 450 ming so‘mga sotib olgan muxlislarni ko‘rdim. Tushunyapsizmi? O‘zbek klublar futbolidagi o‘yinni stadiondan ko‘rish uchun muxlislar 30-40 $ harajat qilishga tayyor bo‘lib turishibdi. O‘sha payt menda klublar futboli kelajagiga, sog‘lom va mustaqil kelajagiga umid uyg‘ondi. Cho‘ntagidagi pulini o‘z ixtiyori (!) bilan klubi uchun sarflashga tayyor muxlislargina o‘zbek futboli kelajagidir.
Davlat qaromog‘idan chiqib, bozor tamoyilida ishlashini istayotgan futbolimiz qachondir buning ilojisi borligiga 5 oktabr kuni umid berdi. Men uchun shunday har holda. O‘zPFL buni uddaladi.
1-o‘rin: O‘zbekiston Olimpiya o‘yinlarida
O‘zbekistonlik futbol muxlisining bitta katta orzusi bor, bu - milliy jamoani jahon chempionatida katta ko‘rish. Undan keyin keladigan maqsadga 2024 yilda erishildi, olimpiya jamoamiz Parijdagi olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Temur Kapadze murabbiyligida erishilgan bu yutuq bahssiz ravishda futbolimiz tarixidagi eng katta natijaga aylandi.
E’tiborlisi, jamoamiz maydonda chiroyli o‘ynab, izchil harakatlar ko‘rsatib, alohida individual yetakchilarni ham taqdim etib vazifani uddaladi. Hatto shuday bo‘ldiki, biz tarixida birinchi bor bu turnirga borayotgan jamoadan natija kutdik, ishondik, ular bizni ishontira olishdi. Katta ish qilishdi yigitlar! Har biri ayro-ayro tarix yozdi. Saralashdagi o‘yinlarni mamlakat ulkan hayajon bilan kuzatdi. Jamoa bizga butun O‘zbekiston bo‘ylab bayram taqdim eta oldi!
Parijdagi o‘yinlar esa bizga katta dars berdi. Ertaga milliy jamoa jahon chempionatiga chiqsa nima qilishi kerak, nima qilmasligi kerak ko‘rsatib berdi. Yana biz endi katta turnirga bir marta chiqish emas, doim yo‘llanmaga ega chiqadigan tizim kerakligini tushundik, menimcha.
Hozircha shular. Futbolimizga davriy nuqtai nazardan qaraganimizda tugayotgan mavsum o‘tish yili bo‘ladi va asosiy xosil 2025 yilda yig‘ilishi sir emas. Olimpiyachilarimizning Parijdagi ishtiroki ham, Fayzullayev Xusanovning individual yutuqlari ham bir umumiy maqsadga – milliy jamoamizning jahon chempionatiga chiqishiga xizmat qilishi kerak. Demak, kelasi yilda o‘z ahamiyati bo‘yicha birinchi o‘rindagi voqea aniq. Nasib qilsa, reyting asosida yoziladigan keyingi maqolamizni ijobiy hissiyotlar bilan yakunlashga umidimiz bor.
Orif Tolipov
Mavzuga oid
12:33
Husanovning «o‘g‘irlangan» goli va Londonda tennischa hisob. Kun o‘yinlari
14:21 / 21.12.2024
Hokimlar va futbol. Yil boshidagi maqsad va xarajatga yarasha qanday natijaga erishildi?
15:34 / 14.12.2024
Fayzullayev – yil futbolchisi, Kapadze – eng yaxshi murabbiy. O‘zbek futbolining 2024 yildagi eng yaxshilarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi
11:06 / 14.12.2024