Jahon | 18:03 / 06.12.2024
3103
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi harbiy holat tufayli uch nafar qo‘mondonni lavozimidan chetlatdi

Shuningdek, Janubiy Koreya harbiy prokuraturasi Adliya vazirligidan harbiy holat e’lon qilishiga bog‘liq voqea bo‘yicha davlat xiyonatida ayblanayotgan o‘n nafar harbiy xizmatchining mamlakatdan chiqishini taqiqlashni so‘ramoqda.

Foto: Getty Images

Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi harbiy rahbariyatning uch a’zosi — kontrrazvedka qo‘mondoni Yo In Xyon, maxsus kuchlar qo‘mondoni Kvak Chon Gin va Seul mudofaasi qo‘mondoni Li Jin U lavozimidan chetlatilganini e’lon qildi. Idoraga ko‘ra, ular prezident Yun Sok Yolga harbiy holatni amalga oshirishda ko‘maklashgan.

Yonhap agentligining yozishicha, uchala general-leytenent «boshqa bo‘linmalarga o‘tkazilgan». Shu bilan birga harbiy prokuratura Adliya vazirligiga harbiy holat e’lon qilishiga bog‘liq voqea bo‘yicha davlat xiyonatida ayblanayotgan o‘n nafar harbiy xizmatchining mamlakatdan chiqishini taqiqlashni so‘rab, murojaat qilgan.

Yuqorida nomi keltirilgan uch nafar general-leytenantdan tashqari gap quruqlikdagi qo‘shinlar shtabi boshlig‘i Pak An Su haqida ham ketmoqda — u harbiy holatning joriy etilishiga mas’ul bo‘lgan. Oldinroq u iste’fo so‘ragan edi, ammo prezident «armiyaning barqarorligini ta’minlash» zarurati tufayli uning iste’fosini rad etgan.

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol 3 dekabr kuni mamlakatda harbiy holat joriy etdi. Oradan bir necha soat o‘tib, Janubiy Koreya prezidenti harbiy holat rejimini bekor qildi. Muxolifatdagi «Toburo» demokratik partiyasi prezident Yun Sok Yolni isyonda ayblab, unga impichment e’lon qilishni talab etmoqchi. Fuqarolik tashkilotlari Janubiy Koreya hukumatining iste’fosini talab qilyapti.

Mavzuga oid