Jahon | 19:14 / 06.12.2024
9345
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy NATOga a’zolikdan hamon umid uzmagan. Bu endi imkonsizmi?

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy NATOga a’zo bo‘lish evaziga urushni muzlatishga tayyorligi aytilmoqda. Lekin Rossiya bunga rozi bo‘ladimi? Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Bektosh Berdiyev, Shuhrat Rasul va Oybek Sirojov bu borada o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Siyosatshunos Bektosh Berdiyevning fikricha, Rossiya bu urushga kirib juda katta yo‘qotishlarga duch keldi. Faqat qurol-yarog‘ emas, balki insoniy resurslar va xalqaro maydondagi imij ham yo‘qotildi.

Bu yo‘qotishlarning son-sanog‘i yo‘q. Mana shunday holatda ruslar qanday shart evaziga ko‘nadi, degan savol bor. Zelenskiy aytishi mumkin: “Men NATOga a’zo bo‘laman va urushni to‘xtatamiz”. Rossiyaga nima? Rossiya o‘zi aynan Ukrainaning NATOga kirish istagiga qarshiligini sabab qilib urush boshladi-ku.

Shuning uchun Rossiya boshqa shartlarga rozi bo‘lsa ham, harbiy alyans masalasida yon bermasa kerak. Chunki o‘z chegarasida NATOning yangi a’zosi paydo bo‘lishini Rossiya o‘ziga xavf deb ko‘radi”, – deydi Bektosh Berdiyev.

Tahlilchi Shuhrat Rasulga ko‘ra, NATO masalasi – Ukrainani bosib olish, o‘z ta’sirida ushlab turish uchun bahona xolos.

NATO a’zosi Finlandiya Sankt-Peterburg shahridan 132 km. Agar Ukrainaning eng shimoli-sharqiy nuqtasidan Moskva shahrigacha masofani oladigan bo‘lsak, 575 km. Otilgan raketa qayerdan qayerga necha daqiqada yetib borishi haqidagi ritorika – Putinning chalg‘itish siyosati.

Hamma gap – ukrainlar va beloruslarni alohida millat deb hisoblamaslik. Kreml Ukrainani “okraina”, ya’ni Rossiyaning chekkasidagi bir qismi, deb ko‘radi. Putinning o‘zi necha marta aytdi, ukrain degan millat yo‘q, biz bitta millatmiz dedi. Muammo shu yerda. Raketalarning masofasida emas”, – deydi Shuhrat Rasul.

Siyosiy tahlilchi Oybek Sirojov esa mavzuga geosiyosiy nazariyalar fonidan yondashib fikr bildirdi. “Heartland” nazariyasi bo‘yicha, Ukraina geosiyosiy markazlardan biri hisoblanadi va bu hududda kimning ta’sir doirasi kuchli bo‘lsa, butun Yevrosiyoga ta’sir doirasini kuchaytira oladi.

Yetuk G‘arb olimlari, jumladan Zbignev Bjyezinskiy aytadiki, Rossiya Ukrainasiz Yevrosiyoda kuchli imperiya yoki gegemon davlat bo‘la olmaydi. Aynan shu nuqtayi nazardan, Finlandiyaga yoki Boltiqbo‘yidagi davlatlarga nisbatan, Ukrainaning maqomi bu yerda yuqoriroq.

E’tibor bersak, keyingi vaqtlarda muzokaralarni ilgari suradigan eng asosiy kuchlar tomonidan ham NATOga Ukrainaning a’zo bo‘lishi masalasi kun tartibidan olib qo‘yildi. Jumladan, AQShning pozitsiyasida ham Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishini muayyan muddatga cheklash orqali Rossiyani muzokaralarga jalb qilishga ustuvorlik berilyapti. Ya’ni Zelenskiy o‘z pozitsiyasini ilgari surishi mumkin, lekin uni qo‘llab-quvvatlaydigan kuchlar tomonidan bu masala, nazarimda, uzil-kesil hal qilib bo‘lingan va yaqin orada Ukrainani hech kim NATOda kutib turmayapti”, – deydi Oybek Sirojov.

Mavzuga oid