Iqtisodiyot | 16:56 / 07.12.2024
22806
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy kreditlarining ikkita asosiy xavfi aytildi

Xitoyning “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusi ko‘plab rivojlanayotgan davlatlarda turlicha qabul qilinmoqda. Ushbu tashabbus orqali temir yo‘llar, portlar va quvurlar kabi muhim infratuzilma loyihalariga sarmoya kiritilayotgan bo‘lsa-da, bu kreditlar ko‘pincha yashirin moliyaviy va siyosiy xatarlarni o‘z ichiga oladi, deya yozadi The Economist.

Illustration: Satoshi Kambayashi

The Economist 5 dekabr kuni e’lon qilgan maqolada mualliflar Tsi Lyu va Leyna Mozli Xitoy kreditlarining davlatlar uchun ikki asosiy xavfini ta’kidlab o‘tgan.

Birinchi xavf – boshqa kreditlarning narxi oshib ketishi. Xitoydan kredit olgan mamlakatlar boshqa moliya tashkilotlaridan qarz olishda qiyinchilikka duch keladi. Chunki Xitoy kredit shartnomalarining shaffof emasligi xalqaro kreditorlarni xavotirga soladi, qarz oluvchi mamlakat mazkur kreditlar bilan yashirin majburiyatlarni ham olgan bo‘lishi mumkinligi nazarda tutiladi. Bunday ehtimolning borligi esa qarz riski va narxi oshishiga olib keladi.

Ikkinchi xavf iqtisodiy emas, balki siyosiy maqsadlar bilan bog‘liq. Jahon bankiga o‘xshash xalqaro tashkilotlardan farqli ravishda, Xitoyning kreditlari ko‘pincha siyosiy ta’sirni oshirishga qaratilgan bo‘lib, iqtisodiy samaradorlikni eng birinchi o‘ringa qo‘ymaydi. Bu esa sarmoyachilarda bunday kreditlarning qaytarilishiga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otadi.

Xitoy kreditlari ko‘plab kambag‘al mamlakatlarga infratuzilmani rivojlantirishga yordam bergan bo‘lsa-da, ularning qarz yuki ortishiga ham olib kelgan. Maqolada qayd etilishicha, dunyodagi 78 ta eng qashshoq mamlakatning kredit foizi bo‘yicha to‘lovlari 2012 yildan 2022 yilgacha 4 baravar oshib, 24 mlrd dollarga yetgan. Bu holat qarzdor davlatlarning iqtisodiy ahvolini yomonlashtirishi mumkin.

Mavzuga oid