Jahon | 17:10 / 08.12.2024
8400
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya sobiq mudofaa vaziri hibsga olindi

Sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon harbiy holat e’lon qilinishi ortidan iste’foga chiqqandi. U 8 dekabr kuni Seul prokuraturasiga o‘z xohishi bilan kelgan va hibsga olingan.

Foto: Getty Images 

Janubiy Koreya sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon mamlakatda harbiy holat joriy etilishidagi ishtiroki uchun 8 dekabr kuni hibsga olindi. Bu haqda prokuratura bayonotiga tayanib Reuters xabar berdi.

Qayd etilishicha, sobiq vazir Seul prokuraturasiga o‘z xohishi bilan kelgan va uni so‘roq qilishgan. Kim Yon Xyon hibsga olinganidan so‘ng uning telefoni olib qo‘yilgan.

Kim Yon Xyon 4 dekabr kuni prezident tomonidan joriy etilgan harbiy holat bo‘yicha mas’uliyatni zimmasiga olib iste’foga chiqqandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, aynan mudofaa vaziri prezident Yun Sok Yolga harbiy holatni joriy etish taklifini bergan.

Janubiy Koreya prokuraturasi harbiy holat joriy etilgani bo‘yicha ikkita jinoyat ishini tergov qilmoqda — isyon va hokimiyatni suiiste’mol qilish. Prezident Yun Sok Yol isyonda gumonlanmoqda.

7 dekabr kuni Janubiy Koreyaning hukmron «Xalq hokimiyati» partiyasi a’zolari Milliy assambleyada prezident Yun Sok Yolga impichment e’lon qilish taklifi bo‘yicha ovoz berish jarayonini boykot qilib, zalni tark etdi. Prezidentga impichment to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun deputatlarning 200 ta ovozini to‘plash kerak, bu parlament a’zolari umumiy sonining 2/3 qismini tashkil qiladi. Milliy assambleyadagi 300 o‘rindan 192 tasiga ega bo‘lgan muxolifat bloki ko‘pchilikni qo‘lga kiritish uchun hukmron «Xalq hokimiyati» partiyasidan kamida 8 deputatning qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj edi.

Mavzuga oid