KGB boshlig‘idan davlat rahbariga aylangan shaxs – qattiqqo‘l Andropov suiqasd qurboni bo‘lganmi?
1984 yil 9 fevral kuni SSSR rahbari Yuriy Andropov vafot etadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, uning o‘limiga buyrak ishdan chiqishi sabab bo‘lgan. Biroq ittifoq parchalanib ketgandan so‘ng 1982 yilda Andropovga suiqasd uyushtirilgani va u o‘shandan qolgan jarohat tufayli halok bo‘lgani haqida gaplar tarqaladi.
Yuriy Andropov bor-yo‘g‘i 69 yil «yashagan» SSSR tarixidagi muhim shaxslardan biri hisoblanadi. U 1967 yildan 1982 yilgacha KGB (Davlat xavfsizlik qo‘mitasi)ni boshqaradi.
Ungacha 1962-1967 yillar oralig‘ida KPSS markaziy qo‘mitasi kotibi lavozimida ishlagan.
1982 yil 24 may kuni Suslovning o‘limidan so‘ng Andropov KGB rahbarligini Vitaliy Fedorchukka topshirib, KPSS markaziy qo‘mitasi kotibi lavozimini qayta egallaydi.
Tarixchilarga ko‘ra, Andropov nafaqat SSSRdagi balki dunyodagi eng qudratli tashkilot rahbarligini topshirib, KPSS markaziy qo‘mitasi kotibi lavozimini olishi kelajakda SSSR rahbari bo‘lish rejasi bilan bog‘liq.
Chunki O‘zbekistonga tashrif bilan kelgan Leonid Brejnev 1982 yil 23 mart kuni Toshkent aviatsiya zavodida jarohat oladi va sog‘ligi birmuncha yomonlashadi.
Shundan so‘ng Andropov ko‘p o‘tmay KGB rahbarligidan ketadi va atrofiga tarafdorlarini to‘plab, SSSR rahbari bo‘lish uchun tadorik ko‘ra boshlaydi.
1982 yil 10 noyabr kuni SSSR rahbari Leonid Brejnev vafot etadi. Oradan ikki kun o‘tib, hali u qabrga qo‘yilmasidan avval Yuriy Andropov mamlakatning yangi rahbari bo‘ladi.
Andropov KGB rahbari
Andropov 1967 yil 18 may kuni KGB raisi lavozimiga tayinlanadi. O‘sha paytda Brejnevning atrofida ishonchli odamlar ko‘p edi. Biroq u bu mas’uliyatli lavozimni Andropovga bergani ko‘pchilikni ajablantiradi.
Keyinchalik Brejnev bu ishidan afsuslanadi, ammo KGB rahbari sifatida «temir mushti» bilan mamlakatni qo‘lga olgan Andropovni ishdan bo‘shatishga haddi sig‘maydi.
Andropovdan avval KGB rahbari bo‘lgan Vladimir Semichastniy Iosif Stalinning qizi Svetlana Alliluyevaning SSSRdan qochib, AQShdan siyosiy boshpana so‘rashi ortidan ishdan olingan deyiladi. Aslida esa Brejnev Semichastniyni o‘ziga qarshi fitna tayyorlashda gumon qilib ishdan olgandi.
Andropov KGB rahbari bo‘lgandan so‘ng SSSRning tashqi va ichki siyosatiga faol aralasha boshlaydi. Bu ishlar Brejnevga yoqmagan, biroq u qo‘rquv tufayli Andropovga inday olmagan.
Andropovning ana shunday ishlaridan biri Afg‘onistonda amalga oshiriladi. Avvaliga KGBning maxsus bo‘linmalari bu mamlakatdagi notinchlikni avj oldiradi. So‘ng sovet qo‘shinlari Afg‘onistonga bostirib kiradi.
Oxir-oqibat bu urush o‘n yilga cho‘ziladi va SSSRning ichdan yemirilishiga hamda sovet qo‘shinlarining Afg‘onistonni sharmandalarcha tashlab chiqishiga sabab bo‘ladi.
Ichki ishlar vaziri bilan o‘zaro dushmanlik
1970-yillar oxirida Andropov SSSR ichki ishlar vaziri Shchyolokov bilan teskari bo‘lib qoladi. Ular o‘rtasidagi birinchi tortishuv Kremlni kim qo‘riqlashi yuzasidan kelib chiqadi.
Andropov KGB rahbari bo‘lgach Kremlni qo‘riqlashni IIVdan tortib oladi. Biroq Shchyolokov mamlakat qonunlari bo‘yicha Kremlni KGB xodimlari emas, IIV xodimlari qo‘riqlashi lozimligini aytib, «chekist»larni Kremldan quvib yuboradi.
Uning bu ishi Andropovning g‘azabini qo‘zg‘atadi. Biroq KGB rahbari qanchalik qudratli bo‘lmasin, Shchyolokovga hech narsa qila olmaydi. Chunki vazir mamlakat rahbari Brejnev bilan yaqin do‘st edi.
Andropov va Shchyolokov rahbarlik lavozimiga qariyb bir vaqtda kelgan. Shchyolokov 1966 yil sentabrda SSSR ichki ishlar vaziri etib tayinlangan. Andropov esa 1967 may oyida KGB rahbari bo‘lgan.
KGB rahbari davlatning ichki va tashqi ishlariga aralasha boshlar ekan, tom ma’noda militsiyani ham o‘ziga tobe hisoblardi. Biroq Brejnevning himoyasida bo‘lgan Shchyolokov Andropovga bo‘ysunishni xohlamasdi.
Andropovning hatto Brejnevni ham pisand qilmay o‘zini mamlakatdagi eng qudratli shaxs hisoblashi Shchyolokovga yoqmasdi.
1980 yilda sodir bo‘lgan bir hodisa tufayli ikki rahbarning o‘zaro zimdan olib borgan nizosi o‘zining cho‘qqisiga chiqadi. Militsiya xodimlari KGB mayorini o‘ldirib qo‘yishadi.
Biroq ana shunday vaziyatda ham ichki ishlar vaziridan o‘ch ololmagan Andropov alamini Moskva shahar militsiyasidan oladi. O‘ldirilgan KGB mayori uchun to‘rt nafar militsiya xodimi o‘lim jazosiga hukm qilinadi. Yana ko‘plab xodimlar turli jazolarni olishadi.
O‘shanda Shchyolokov mamlakatdagi eng qudratli shaxs bilan qarama-qarshilik keyinchalik ayanchli oqibatlarga olib kelishini bilmasdi.
Andropov SSSR rahbari va Shchyolokovdan o‘ch olish
1982 yil 10 noyabr kuni kutilmaganda Brejnev vafot etadi. Uning o‘limi haqida ommaga 11 noyabr kuni xabar beriladi va 15 noyabr kuni Brejnev dafn etiladi.
Andropov Brejnevning dafn marosimi o‘tishini ham kutib o‘tirmaydi va 12 noyabr kuni KPSS markaziy qo‘mitasining birinchi sekretari lavozimini egallab, SSSR rahbari bo‘ladi.
SSSR tarqab ketganidan keyin Brejnev o‘z ajali bilan o‘lmagani va unga Andropov suiqasd qilgani haqida gap-so‘zlar o‘rtaga chiqadi.
Keyinchalik, ayrim tarixchilar hamda Kremlda sodir bo‘lgan voqealarning tirik guvohlari 10 noyabr kuni Brejnev o‘z ajali bilan o‘lmaganini, unga Andropovning xos odamlari suiqasd uyushtirganini aytishadi.
Unga ko‘ra, 1982 yil oktyabr oyi o‘rtalarida Brejnev KPSS markaziy qo‘mitasi kotibi I.Kapitonovga 15 noyabr kuni iste’foga chiqishini va o‘z o‘rniga Ukraina rahbari V.Sherbitskiyni tayinlashini aytadi.
O‘z navbatida Kapitonov bu xabarni Andropovga yetkazadi. Andropov esa fursatni boy bermaydi va Brejnevni tibbiy yordamsiz qoldirib, uning vafotiga sababchi bo‘ladi.
Andropov davlat rahbari bo‘lgandan 35 kun o‘tib, 17 dekabr kuni uning birinchi qilgan ishi Shchyolokovni ishdan bo‘shatish bo‘ladi.
Ko‘p o‘tmay KGB Andropovning topshirig‘i bilan Shchyolokovga qarshi kampaniya boshlanadi. Sobiq vazir mansabni suiiste’mol qilishda, pora olishda ayblanadi. KGB Shchyolokovning uyida tintuv o‘tkazadi va u yerdan qimmat avtomobillar, suratlar va qimmatbaho buyumlar topiladi.
Aslida o‘sha paytda yuqori lavozimli istalgan amaldorning uyidan Shchyolokovning uyidan topilgandan ko‘p narsa topilardi. Biroq Andropovga faqat Shchyolokov yoqmay qolgandi.
Shchyolokovning davlatga yetkazgan zarari 500 ming rublga baholanadi.
1983 yil 19 fevral kuni KGB tomonidan uyushtirilayotgan bosimlarga chiday olmagan Shchyolokovning xotini Svetlana Shchyolokova o‘z joniga qasd qiladi.
Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra Svetlana o‘z joniga qasd qilmagan. Uni KGB xodimlari o‘ldirishgan va «joniga qasd qilish» sahnasi uyushtirilgan.
1983 yil 15 iyun kuni Shchyolokov KPSS markaziy qo‘mitasi a’zoligidan chiqariladi. KGB xodimlari sobiq vazirni tergov qilishda davom etishadi.
Andropovni Shchyolokovning xotini otganmi?
1984 yil 9 fevralda Andropov 69 yoshida vafot etadi. Ko‘p o‘tmay o‘z ajali bilan o‘lmagani haqida gap-so‘zlar tarqaydi.
Aytishlaricha, Andropovni Shchyolokovning xotini Svetlana o‘q otar quroldan o‘q uzib jarohatlagan. Oxir-oqibat SSSR rahbari shu jarohat tufayli vafot etgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra Andropov o‘tkir buyrak yetishmovchiligidan o‘lgan.
Sovet davlati rahbarining sog‘lig‘i 1983 yilning yozidan boshlab birdaniga keskin yomonlashadi. Andropov o‘zini shunchalik yomon his qiladiki, Moskvaga tashrif bilan kelgan Germaniya kansleri Helmut Kol bilan rasmiy uchrashuvga uni tansoqchilar suyab olib borishadi.
1983 yil sentabrda Andropov sog‘ligini tiklash uchun Qrimga boradi. Ammo kasallikdan zaiflashgan tana u yerda tutgan sovuqqa dosh bera olmaydi. Andropovning dardi battarlashadi va u operatsiya qilinadi.
Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkaziladi, ammo undan keyingi tiklanish muolajalarida u qattiq qiynaladi. Yaralarning bitishi ham qiyin kechadi va oxir-oqibat Andropov 1984 yil 9 fevralda vafot etadi.
Ayrim manbalarga ko‘ra, o‘limidan qariyb 1 yil avval 1983 yil 19 fevral kuni Andropovga Shchyolokovning xotini Svetlana Shchyolokova o‘q uzgan.
Gap shundaki, Andropov va Shchyolokov hukumatga qarashli Kutuzov prospektidagi ko‘p qavatli 26-uyda qo‘shni turishgan. Andropov davlat rahbari bo‘lgandan keyin ham shu yerda yashashda davom etadi.
Keyinchalik, SSSR tarqab ketgach Andropov va Shchelokovlar yashagan uyda farrosh bo‘lib ishlagan ayol Svetlana Shchyolokova Andropovga qanday qilib o‘q uzganini aytib bergan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Andropov har doim liftga bir o‘zi chiqadi. Qo‘riqchilar u liftga chiqayotganda boshqalarning davlat rahbariga hamroh bo‘lishiga yo‘l qo‘yishmagan.
Biroq 1983 yil 19 fevral kuni oqshom payti Andropov birinchi marta bu odatni buzishiga to‘g‘ri keladi. U chiqqach eshik yopilishidan avval bir ayol shoshilgancha liftga o‘zini uradi.
Ayol Shchyolokovning xotini Svetlana Shchyolokova edi va o‘sha paytda uning sumkasida to‘pponcha bo‘lgan. Svetlana Shchyolokova malakali shifokor edi va u SSSR rahbarining buyragiga o‘q uzsa ham Andropov uzoq yashay olmasligini bilardi.
Ayol Brejnevga liftda o‘q uzadi. So‘ng uyiga kirib o‘z joniga qasd qiladi. Svetlana Shchyolokovaning davlat rahbariga o‘q uzgani haqidagi gaplar biroz shubhali tuyuladi.
Chunki Andropov KGB boshlig‘i bo‘lganda ham, SSSR rahbariga aylanganda ham har doim qo‘riqchilar bilan yurgan. Qolaversa, qo‘riqchilar nazoratidan o‘tib liftga u bilan birga kirish mutlaqo mumkin emasdi.
Ammo qo‘riqchilar asosan liftgacha kelishar, boshqalari Andropov yashaydigan xonadon eshigi oldida turgan. Unda ham u davlat rahbari bo‘lganidan so‘ng. Qolaversa, eriga qilinayotgan azoblar uchun Svetlana Shchyolokova har narsaga tayyor edi.
Boshqa manbalarga ko‘ra, Svetlana Shchyolokova Andropovni otmagan. Unda jiddiy kasallik bo‘lgan va u o‘sha tufayli vafot etgan.
Andropovning kasallikdan o‘lgani ham biroz shubhali. Chunki SSSR rahbariga mamlakatdagi eng mahoratli shifokorlar qarashgan. Ana shunday holatda Andropovning 69 yoshda vafot etishi biroz shubhali va unga Svetlana suiqasd uyushtirgan bo‘lishi ham mumkin.
Shchyolokovning ayanchli o‘limi
1984 yil 9 fevral kuni kutilmaganda Andropov vafot etadi. Biroq uning sadoqatli shogirdlari amal kursisida bo‘lgani uchun Shchyolokovga o‘tkazilayotgan bosim yanada battar ko‘rinish oladi.
1984 yil 6 noyabr kuni undan general unvoni tortib olinadi. Oradan bir oy o‘tgach 1984 yil 7 dekabr kuni sobiq vazir partiya safidan o‘chiriladi. O‘sha paytda Shchyolokovga qilinayotgan munosabat uning javobgarlikka tortilishiga va qamalishiga qarab borayotgandi.
1984 yil 12 dekabr kuni Shchyolokovga so‘nggi zarba beriladi. Undan barcha davlat mukofotlari tortib olinadi. O‘shanda sobiq vazirda to‘rtta Lenin ordeni, yana yigirmadan oshiq boshqa orden va medallar bo‘lgan.
Bu ishdan so‘ng uning asabi dosh bermay qoladi va oradan bir kun o‘tib, 1984 yil 13 dekabr kuni uyida ov miltig‘i bilan o‘zini otib, joniga qasd qiladi.
Keyinchalik, Andropov va undan qolgan tuzum sobiq vazirni bir qancha ishlarda ayblar ekan, uni bolalari bilan qo‘rqitib, bosim o‘tkazgani va bunga chiday olmagan Shchyolokov o‘z joniga qasd qilgani oydinlashadi.
Sovetlar mamlakatdagi eng muhim tashkilot, ichki ishlar vazirligi rahbarini ishdan bo‘shatib, uni turli jinoyatlarda ayblar ekan, tafsilotlar ommadan yashiriladi.
Shu jumladan, uning o‘z joniga qasd qilgani ham yashiriladi. Chunki sobiq SSSR ichki ishlar vazirining o‘z joniga qasd qilishi mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘yini tushirardi.
Shu sababli Shchyolokov vafot etdi, degan xabar beriladi va uning o‘z joniga qasd qilgani haqida lom-lim deyilmaydi.
1991 yilda SSSR parchalanib ketgach bir muddat arxivlar ochiladi va sobiq SSSR ichki ishlar vazirining o‘limi sirlari oshkor qilinadi. Shunda Shchyolokovning ayanchli taqdiri va u asosan Andropov bilan qarama-qarshilik tufayli jabrlangani ommaga oshkor bo‘ladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
14:59 / 15.12.2024
KGBni dog‘da qoldirgan ayol – Stalinning qizi nega AQShga qochib ketgandi?
12:13 / 07.12.2024
9 marta qamoqdan qochgan ashaddiy jinoyatchi: “Ayyor Vanka” kim edi?
15:18 / 24.11.2024
Lotereyaga yutuqqa chiqqan «Volga»ning sarguzashtlari – SSSRdagi eng shov-shuvli hodisa tarixi
19:39 / 21.11.2024