Jamiyat | 12:18 / 08.12.2024
2747
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda qarovsiz qolgan 14 yoshli qiz vaqtincha qarindoshlari qaroviga topshirildi

Samarqand viloyatida yolg‘iz qolgan 14 yoshli qizga yordam ko‘rsatilgan. Bu haqda bolalar Ombudsmani xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2024 yil 6 dekabr kuni Bolalar ombudsmaniga Samarqand viloyatida yashovchi voyaga yetmagan 14 yoshli qiz F.U. telefon orqali murojaat qilgan.

Qiz murojaatida bir necha yil avval ota-onasi ajrashib ketganini, otasi bilan aloqa yo‘qligi, yaqin qarindoshlari – onasi va akasi bugungi kunda jinoiy ta’qib ostida bo‘lib, ularga tergov vaqtida qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangani sababli hozirda u mutlaqo yolg‘iz qolganini bildirgan.

Holat Bolalar ombudsmani tomonidan bolaning xavfsizligi va eng ustun manfaatlarini tezkor ta’minlash zaruratidan kelib chiqib, darhol o‘rganilgan.

Xususan, Ijtimoiy himoya agentligiga kiritilgan so‘rov asosida murakkab holatda bo‘lgan qizning vaziyati tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazi tomonidan zudlik bilan o‘rganilib, qizga vaqtincha vasiy tayinlash chorasi ko‘rilgan.

Qiz qarindoshlari qaramog‘iga topshirilgan. Uning vaziyati vasiylik organi tomonidan nazorat qilinmoqda.

“Bolalar ombudsmani holat yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettiradi”, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid