Jahon | 00:01 / 08.12.2024
17686
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Parijda Tramp va Makron bilan uchrashdi

Notr-Dam soborining ochilishiga borgan Volodimir Zelenskiy Parijda AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Reuters

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Parijdagi Yelisey saroyida AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashdi. 

Zelenskiy mazkur uchrashuvni «sermahsul» deb atadi. «Prezident Tramp doimgidek qat’iy. Buning uchun rahmat», — deb yozadi Ukraina prezidenti o‘zining Telegramʼdagi kanaliga.

Zelenskiyning ta’kidlashicha, uch tomonlama uchrashuvda «odamlar, jang maydonidagi vaziyat va Ukraina uchun adolatli tinchlik to‘g‘risida gapirilgan».

«Barchamiz ushbu urushni imkon qadar tezroq va adolatli tugatishni istaymiz. Biz ishlashni davom ettirishga kelishib oldik. Kuch bilan tinchlikka erishish mumkin!», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Zelenskiy va Tramp Parijga restavratsiya qilingan Notr-Dam soborining ochilishiga bag‘ishlangan tantanli marosimga tashrif buyurdi. Tramp AQSh prezidentligi saylovlarida g‘alaba qozonganidan keyin birinchi marta Zelenskiy bilan uchrashmoqda. 

2019 yilning 15 aprel kuni Fransiya poytaxtining asosiy ramzlaridan biri bo‘lgan gotika uslubidagi Notr-Dam soborida kuchli yong‘in sodir bo‘lgandi. Sobor gumbazli shiftining qismlari vayron bo‘lgan, XIX asrga tegishli shpil qulab tushgan va ichki qismi katta zarar ko‘rgan. Yong‘in sodir bo‘lgan kechadayoq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Notr-Damning besh yil ichida qayta tiklanishiga va «har doimgidan ham go‘zal» bo‘lishiga va’da bergan edi.

Mavzuga oid