Jahon | 17:21 / 09.12.2024
1430
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko yana 32 nafar siyosiy mahbusni afv etdi

Siyosiy mahbuslarning ismlari bundan oldingi afv etilganlarniki kabi oshkor qilinmadi. Ta’kidlanishicha, ularning barchasi «qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, kechirim so‘ragan».

Foto: Getty Images 

Aleksandr Lukashenko Belarusda «ekstremizm» moddasi bo‘yicha qamalgan 29 mahbusni afv etdi. Bu haqda «BelTA» davlat agentligi xabar berdi.

Xabarda qayd etilishicha, afv etilganlarning 11 nafari ayollar, 18 nafari esa erkaklardir. Ularning olti nafari 25 yoshdan kichik, uch nafari — pensioner, ikki nafari — nogironligi bor shaxs, 15 nafarining esa surunkali kasalligi mavjud.

Ta’kidlanishicha, afv etilganlarning barchasi «qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, kechirim so‘ragan».

Siyosiy mahbuslarning ismlari bundan oldingi afv etilganlarniki kabi oshkor qilinmadi.

So‘nggi oylarda Belarusda bir necha bor siyosiy mahbuslar ozod etildi. Xususan, 16 avgust kuni Lukashenko 30 nafar mahbusni afv etgan bo‘lsa, 4 sentabrda — 30 kishi, 16 sentabrda — 37 mahbus, noyabr boshlarida — 31 kishi, noyabr oxirlarida esa 32 mahbus ozodlikka chiqdi. Lukashenkoning matbuot xizmati yuqoridagi barcha holatlarda afv etilganlar ismini oshkor etmadi.

Oktyabr oxirlarida Aleksandr Lukashenko belaruslik faol Mariya Kolesnikova afv etish haqida murojaat qilsa, uni afv etish masalasini ko‘rib chiqishga qarshi emasligini aytgandi.

Mavzuga oid