Putin «Oreshnik» bilan Ukraina va G‘arbni qo‘rqitishda bardavom: u qanday qurol o‘zi?
Rossiyaning yangi deyilayotgan raketasi haqida nimalarni bilish muhim: u chindan ham qo‘rqinchli qurolmi? Bu qurol ishga solingach yadroviy urushga yaqinlashdikmi? «Meduza» Kreml tahdidlari va ular yuzaga keltirgan xavflar borasida tahlil o‘tkazdi.
Strategik ballistik raketa tarixda ilk bor haqiqiy nishonga qarshi qo‘llanganidan buyon ikki hafta o‘tdi. Shundan beri Rossiya va Ukraina o‘rtasida raketalar bilan zarba almashish va «verbal intervensiyalar» to‘xtadi. «So‘nggi so‘z» Ukraina qurolli kuchlari tomonida qoldi: 25 noyabrda ular ATACMS raketalari bilan Kursk aeroporti atrofini nishonga oldi. Rossiya mudofaa vazirligi «javob choralari tayyorlanmoqda», deb xabar berdi.
Biroq, Vladimir Putin tomonidan va’da qilingan qo‘shimcha o‘rta masofali ballistik raketalardan foydalanish o‘rniga, 28 noyabr kuni Ukrainadagi nishonlarga qarshi «oddiy» dronlar va «an’anaviy» raketalar bilan qo‘shma zarba berildi. Shu vaqtdan beri qarshi tomonlar eskalatsiyani kuchaytirishi mumkin bo‘lgan hujumlardan tiyilishmoqda.
Bu Ukraina yoki G‘arb yangi Rossiya qurolidan qo‘rqib qolganini anglatadimi? Nega Rossiya Ukrainaga qarshi strategik raketalarni yana qo‘llamayapti? Bu qurol aslida nima? Yadroviy kallaklarsiz ham bu raketalar «oddiy» raketalardan ancha xavflimi?
Rossiya Ukrainaga qarshi aynan qaysi raketani ishlatdi?
Bu borada ishonchli ma’lumot yo‘q. Vladimir Putin yangi qurolni «Oreshnik» deb atadi va unga ajoyib xususiyatlarini sanadi:
- Bu o‘rta masofaga mo‘ljallangan strategik raketa bo‘lib, u yadroviy zaryadga ega emas.
- Raketa kallagi zarar yetkazuvchi portlovchi moddalarga ega emas, mo‘ljalni (jumladan, yer ostida joylashgan bunkerlarni) «meteoritdek», kinetik energiya yordamida yo‘q qiladi.
- Raketa va uning kallaklarnini urib tushirib bo‘lmaydi, chunki ular 10 MAX tezlikda nishonga uriladi.
Yuqoridagi xususiyatlardan birginasi aniq: Dniprodagi «Pivdenmash» zavodiga zarba berishda o‘rta masofaga (besh ming kilometr) uchishga mo‘ljallangan ballistik raketa qo‘llangan. Formal jihatdan 2019 yilga qadar Rossiyada bunday qurol bo‘lmagan, chunki uni yaratish 1987 yilda AQSh va SSSR o‘rtasida imzolangan o‘rta va kichik masofali raketalarni yo‘q qilish haqidagi (INF) shartnoma bilan taqiqlangan. 2018 yilgacha Rossiya bu kelishuvga rioya qilayotgandek ko‘rinardi. Biroq AQSh Rossiyaning «Rubej» (RS-26) nomli perspektiv qurol tizimi shartnoma shartlariga mos emasligini ta’kidladi. Rossiya rasman uni «qit’alararo raketa» deb atagan, ammo AQShning fikricha, bu raketa besh ming kilometrdan kam masofaga zarba berish qobiliyatiga ega bo‘lgan «Yars» raketasining qisqartirilgan varianti edi.
INF shartnomasiga ko‘ra, qit’alararo raketa kamida besh ming kilometr masofaga mo‘ljallangan bo‘lishi kerak. AQShning «Rubej» haqidagi iddaosi asosida 2018 yilda shartnomadan chiqishi ortidan Rossiya garchi bunday raketalarni ishlab chiqarishni rejalashtirgan bo‘lsa ham, ularni qo‘llashdan tiyilishini aytgan.
Rossiya uchun o‘rta masofali raketalar nihoyatda ahamiyatli, chunki ular orqali Yevropa mamlakatlari va NATO obektlariga tahdid qilish qulay. Shu bois, Kreml INF shartnomasini deyarli ochiqchasiga buzdi. Biroq, Rossiyaning o‘zi ham Yevropadan uchirilgan o‘rta masofali raketalardan xavfsiraydi, chunki ularning tez yetib kelishi javob choralari uchun vaqtni qisqartiradi.
«Rubej» loyihasi bo‘yicha ishlar 2018 yilda to‘xtatilgani rasman e’lon qilingan (sababi sifatida moliyaviy imkoniyatlar boshqa loyihalarga qaratilishini bildirishgan). Shunga qaramay, raketa qator sinovlardan o‘tgan edi. Ko‘plab ekspertlar Rossiya qo‘llagan «Oreshnik» raketa tizimi aynan «Rubej» ekani, 2018 yildan keyin modifikatsiya qilingan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda. Bu versiyani «Rubej» va «Oreshnik»ning ishlab chiqaruvchisi bir xil — Moskva Teplotexnika instituti ekani qo‘llab-quvvatlaydi.
Ammo Putin «Oreshnik» rossiyalik konstruktorlarning yangi raketasi ekani, harbiylar esa u bir yil ichida yaratilganini ta’kidlashmoqda. Ukraina bosh razvedka boshqarmasi esa hujum «kelajakdan kelgani» va yaratilishi 2024 yilda boshlanishi kerak bo‘lgan, rivojlantirilishi va 2030 yilga borib navbatchilikka chiqishi kerak bo‘lgan istiqbolli o‘rta masofali «Kedr» raketasi bilan zarba berilganini aytadi.
Bu chindan ham Putin ta’riflaganidek dahshatli qurolmi?
Dniproga berilgan zarba tasvirlaridan ko‘rinishicha, raketaning ajraluvchi bosh qismida — avtonom yo‘naltiriluvchi maxsus blokka «qadoqlangan» jangovar kallaklarni tashigan (amerikacha noformal terminologiyada bu «avtobus» deb ataladi). Videolar Putinning jangovar kallaklarda portlovchi moddalar bo‘lmagani xususidagi so‘zlarini tasdiqlaydi: snaryadlarning tushish joylarida portlash kuzatilmagan.
Biroq keyinroq e’lon qilingan xiraroq sun’iy yo‘ldosh tasvirlari «Pivdenmash» zavodi hududidagi nishonlar Putinning «mayda bo‘laklarga, elementar zarralarga sochilib, changga aylantirilgan», degan so‘zlarini tasdiqlamadi. Kallaklarning bir qismi zavod yonidagi xususiy sektorga tushgan, yana bir qismi esa zavod binolari tomini teshib o‘tgan, xolos.
Zavodning ichki qismlariga qanday zarar yetgani noma’lum, ammo uning boshqa, «oddiy» bombardimonlardagi zarardan ko‘proq bo‘lishi shubhali, chunki «Pivdenmash» avval ham ko‘p marta shunday zarbalarga duchor bo‘lgan.
- «Ob’yasnyayem.rf» davlat portali Putin izidan borib, «Oreshnik» kompleksi raketasining otiladigan og‘irligi 1,5 tonnaligini ma’lum qildi (yuqorida zikr etilgan «Rubej»ning yaratilishi uchun asos bo‘lgan qit’alararo «Yars»da bu ko‘rsatkich taxminan 1,2 tonna bo‘lgan).
- «Yars» yoki «Rubej»ning har bir bo‘linuvchi bosh qismi (BBQ) to‘rtta snaryad tashiydi. Demak, har bir snaryad og‘irligi 300 kilogrammdan oshmaydi. Uning 10 MAX tezlikdagi kinetik energiyasi 1 736 000 000 Joulga teng bo‘lib, bu trotil ekvivalentidagi taxminan 400 kilogramm zaryad portlashiga teng. Masalan, «Iskander-M» kompleksi raketasining 480 kilogrammli oskolka-fugasli jangovar kallagi bir necha yuz kilogramm portlovchi moddalarni tashiydi.
- Solishtirish uchun: AQShda ishlab chiqilgan, ammo amalga oshirilmagan «kinetik qurollar» (masalan, «Tangrining tayoqlari») orbitadan volfram qoplamali 35 tonna og‘irlikdagi obektlarni 10 MAX tezlikda himoyalangan bunkerlarga tashlashni nazarda tutgan. Bu energiya 48 tonna trotil ekvivalentiga tengdir. Keyinchalik, ommaviy axborot vositalari Xitoyning shu kabi tajribalari volfram obektlari yerga tushgach, katta chuqurlikka kirmasdan, yuzada portlashini ko‘rsatgani haqida xabarlar berishgan.
- Shunday qilib, agar jangovar kallakning barcha kinetik energiyasi nishonga zarar yetkazish uchun ishlatilsa ham, «Oreshnik»/«Rubej» raketasining zarbasi «Iskander-M» raketasining bir necha oskolka-fugasli kallaklar zarbasidan sezilarli darajada farq qilmaydi. Bu holatda, «Iskander»ning bir dona raketasi taxminan 3 million dollar turasa, «Oreshnik»ning uzoq qarindoshi — «Yars» qit’alararo raketasi narxi 2011 yilda 30 million dollar deb baholangan.
Biroq bu solishtirishlar agar «Oreshnik» «Iskander-M» bilan bir xil darajadagi aniqlikka ega bo‘lsagina ma’noga ega bo‘ladi. Himoyalangan obektlarga zarba beriluvchi va nisbatan kichik noyadroviy zaryadlarga bo‘lgan raketalar albatta yuqori aniqlikka ega bo‘lishi kerak. Ularning o‘rtacha chetlanish koeffitsiyenti (O‘ChK) atigi bir necha metrga bo‘lishiga ruxsat beriladi. Masalan, «Iskander» raketalari uchun O‘ChK besh metr qilib belgilangan. Shu bilan birga, noyadroviy strategik raketalarni qo‘llash samaradorligi ularda aniqlik pastligi tufayli shubha ostiga olinadi, chunki bunday aniqlikni oshirish uchun juda murakkab texnik yechimlar talab etiladi.
- Ming kilometrdan ortiq masofaga uchuvchi ko‘pgina ballistik raketalarda O‘ChK 100 metrdan yuqori bo‘ladi (eng yaxshi holatda — o‘nlab metrlar). Aniqlikni oshirish yadroviy zaryad quvvatini kamaytirish imkonini bersa-da, O‘ChKni metrlargacha tushirish ko‘plab muammolarni hal etishni talab qiladi va iqtisodiy jihatdan ma’noga ega emas. Bunday raketalarning ko‘pi hanuz giroskoplar asosidagi inersial boshqaruv tizimlaridan foydalanadi — ular eng ilg‘or bo‘lsa-da, xatolar raketaning uchish masofasiga proporsional ravishda to‘planib boradi.
- Uzoq masofali boshqa turdagi raketalar — qanotli, operativ-taktik ballistik raketalar va hokazolar, — yadroviy yoki yadroviy bo‘lmagan jihozlarda qo‘llanadigan raketalar inersial tizimlarga «qo‘shimchalar» qo‘shish orqali xatolarni tuzatishga imkon beradi. Masalan, «Iskander-M» yoki ATACMS raketalarida sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimidan vaqti-vaqti bilan signal qabul qilish yoki parvoz yo‘nalishi ustidagi yuzani oldindan tayyorlangan sputnik xaritasi bilan qiyoslash kabi tizimlar shular jumlasidan. Bundan tashqari, raketa yoki jangovar kallak kursini tez o‘zgartirish uchun katta zo‘riqishga chidamli dvigatellar tizimi ham kerak.
- Bunday muammolarni strategik olis masofali (shuningdek, o‘rta masofali) tezkor raketalar uchun hal qilish juda qiyin vazifa. Atmosferaning zich qatlamlarida gipertovushli raketaning jangovar kallagi plazma bilan o‘raladi, bu har qanday radiosignallarni qabul qilish va uzatishni jiddiy qiyinlashtiradi. Bu muammoni qisman hal qilgan AQShning o‘rta masofali Pershing II raketasi atmosferaga 8–10 MAX tezlikda kirganida 30–40 metrlik O‘ChKga ega bo‘lgan. Bu natija inersial tizimga faol radar ma’lumotlarini va radiodiapazon kartasini qo‘shish orqali erishilgan. Biroq, buning uchun jangovar kallak parvozning so‘nggi fazasida uch MAX’gacha sekinlashishi kerak edi. Lekin mana shunday aniqlik ham yadroviy bo‘lmagan zarbalar uchun yetarli emas.
- AQSh tomonidan o‘tkazilgan keyingi sinovlar gipertovush tezligida va gigant yuklamalar ostida nishonga raketa yetkazishda GPS’dan foydalanishning barcha murakkabliklarini namoyish qildi. Masalalarni nazariy jihatdan hal qilish mumkin deb tan olingan, biroq shunga qaramay, hozirgacha «noyadroviy global zarba» dasturiga qo‘shilishi nazarda tutilgan yuqori aniqlikdagi noyadroviy jangovar kallaklar tashuvchi strategik raketalar yaratilmagan.
- Rossiyaning ming kilometrdan uzoqroq masofaga uchuvchi yuqori aniqlikdagi ballistik raketalar yaratishda muvaffaqiyatga erishgani haqida hanuz ma’lumotlar yo‘q. Rossiyaning (bungacha sovetlarning) barcha qat’alararo va o‘rta masofali raketalarining jangovar kallaklari uchun O‘ChK 100 metrdan katta bo‘lgan, juda ko‘p hollarda sezilarli darajada katta.
Shunday qilib, «Oreshnik»ning Putin aytganidek, «noyadroviy kinetik jihozlanish» bilan qo‘llanishi harbiy nuqtayi nazardan samarali bo‘lishi dargumon. Ammo u kuchli siyosiy signalni o‘z ichiga oladi. Bunday signalni yetkazib berish g‘oyasi 2000-yillar boshidan beri, Rossiyada yadroviy tiyib turish konsepsiyasining muammolari tushunilib yetilgan paytdan ishlab chiqilgan. Muammolarni hal qilish variantlaridan biri strategik raketalarni yadroviy jihozlardan ozod qilib, ular orqali tiyib turuvchi zarbalar berish edi. Bu dushmanga keyingi safar yadroviy zaryad ham kelishi mumkinligini tushuntirishi lozim.
Lekin Rossiya allaqachon yadroviy kallak tashishi mumkin bo‘lgan raketalar bilan zarbalar berib kelmoqda. Unda «Oreshnik» bilan tahdidning yangiligi nimada?
Ko‘plab operativ-taktik ballistik (masalan, «Iskander-M» kompleksi), aeroballistik va qanotli raketalar haqiqatan ham yadroviy kallaklar bilan jihozlanishi mumkin. Biroq bular taktik yadroviy zaryadlar bo‘lib, ular hech qachon doimiy jangovar navbatchilikda turmaydi va maxsus omborlarda saqlanadi. Ular tashuvchilarga o‘rnatilsa, dushman tomonidan tezda ilg‘anadi (bu o‘z o‘zidan yadroviy eskalatsiyaning keyingi bosqichga o‘tganidan darak beruvchi kuchli va xavfli signal bo‘ladi).
Qit’alararo va o‘rta masofali strategik raketalar esa Rossiyaning Strategik raketa qo‘shinlari qurollanishida turibdi. Ushbu qo‘shinlar doimiy jangovar shay holatda bo‘ladi va istalgan vaqtda zarba berishga tayyor bo‘lishi lozim.
«Yadroviygacha bo‘lgan tiyib turish» g‘oyasi mualliflari rejasiga ko‘ra, dushmanga qarshi zarbalar berish uchun strategik kuchlardan foydalanish Kremlning niyatlari jiddiy va uning «qizil chiziqlari» real ekanini namoyish etishdan iborat bo‘lishi mumkin.
«Yadroviygacha bo‘lgan tiyib turish» nimani anglatadi?
SSSRning so‘nggi davrlarida harbiy va siyosiy rahbariyat Varshava shartnomasi qo‘shinlarining Yevropada NATO qo‘shinlari ustidan afzalligi bor, deb hisoblagan va yadroviy qurolni faqatgina AQSh sovet ittifoqining strategik kuchlarini yo‘q qilishga qaratilgan dastlabki zarba urinishlariga javob sifatida ishlatilishi mumkin bo‘lgan vosita deb qaragan. Ammo SSSR va Varshava shartnomasi tarqab ketganidan keyin kuchlar muvozanati keskin o‘zgardi: yadroviy qurolsiz Rossiya NATOning faraziy keng ko‘lamli hujumiga qarshi tura olmasligi oydinlashdi. Shuning uchun Kreml 1990-yillarda «birinchi bo‘lib yadroviy zarba bermaslik» majburiyatidan voz kechdi. Shuningdek, o‘ta zaruriyat tug‘ilganda, jumladan, odatiy qurollar bilan qilingan hujum davlat mavjudligiga xavf solsa, yadroviy zarba berishi mumkinligini belgilab oldi.
Shundan beri bayonotlarda turli o‘zgarishlar bo‘ldi va yadroviy qurol qo‘llash ostonasi tushirildi. Ammo «davlat mavjudligiga xavf tug‘diruvchi hujum» bilan siyosiy irodasini boshqalarga tiqishtirish uchun majburlash maqsadida qilingan oddiy lokal zarbalar (yoki shunday zarba tahdidi) o‘rtasida katta farq mavjud. Bu oraliq farqda strategik kuchlarning to‘liq zarba almashinuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan yadroviy qurolni ishlatish g‘oyasi nomaqbuldek ko‘rinadi. Bu holatni istalgan potensial dushmanlar ham tushunib turibdi, demak, ular «yadroviy shantaj» va «qizil chiziqlar»ga ishonmaslik uchun barcha asoslarga ega.
Rossiya rahbariyati ham bu zaiflikni anchadan beri anglab kelmoqda. Kremlga yaqin bo‘lgan siyosatshunos, yadroviy tiyib turish bo‘yicha tanilgan mutaxassis, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi Andrey Kokoshin 2003 yilda chop etilgan «XXI asrda yadroviy mojarolar (turlari, shakllari, ehtimoliy ishtirokchilar)» kitobida faraziy kelajakdan (masalan, 2024 yildan) misol keltirgan holda «qizil chiziqlarning uzilib qolishi» haqida shunday yozgan edi:
«Yadroviy tiyib turish, o‘zning muhim ahamiyatiga qaramasdan, Rossiyaning milliy xavfsizligini ta’minlashda universal vosita emas. Uning yordamida xavfsizlikka tahdid soluvchi barcha harbiy-siyosiy tahdidlarni neytrallashtirish yoki yo‘q qilish mumkin emas (va bu xavfli). <…> Yadroviy qudrat iqtisodiy va siyosiy sohalardagi, shuningdek, umumiy qo‘shinlar quvvatidagi zaiflikni faqat qisman qoplaydi. Shu sababli, yadroviy tiyib turish boshqa choralar qatorida, samarali «yadroviygacha bo‘lgan tiyib turish» bilan to‘ldirilishi kerak.
Ko‘plab mutaxassislar va siyosiy arboblar «yadroviy ostonani pasaytirish»ning aniqligini asosli ravishda shubha ostiga qo‘ymoqda. Ta’kidlanishicha, buning natijasida yadroviy vositalarni qo‘llash tahdidi kamroq ishonchli bo‘lishi mumkin, hatto tanlangan tartibda, real nishonlarga emas, balki cho‘lda, faqat uni ishlatishga «tayyorlikni namoyish etish» uchun amalga oshirilganda ham.
«Yadroviy ostonani pasaytirish» sharoitida tiyib turishning ishonchliligi muammosi, ham yadroviy davlatlar, ham yadroviy qurolga ega bo‘lmagan davlatlar bilan munosabatlarda, tiyib turishning ishonchliligini va uning samaradorligini oshirishga qaratilgan boshqa choralarni ko‘rib chiqishni talab qiladi.
Bu imkoniyatlar yuqori aniqlikka ega uzoq masofaga uchuvchi turli turdagi qurollarni rivojlantirish va ularni odatiy snaryadlar (shu jumladan, kuchaytirilgan quvvatli jangovar kallaklar) bilan birgalikda qo‘llashda, eng avvalo, suv osti va suv usti harbiy kemalari, shuningdek, uzoq masofaga uchuvchi bombardimonchi aviatsiyani platforma sifatida qo‘llashda mujassam. Yer usti komponentlarida biz o‘rta va kichik masofaga uchuvchi raketalar bo‘yicha shartnoma shartlari bilan chegaralanganmiz.
Odatiy qurollar bilan jihozlangan yuqori aniqlikka ega uzoq masofaga uchuvchi quroldan foydalanish tahdidi, tiyib turishning ishonchli tizimi asosiga aylanishi mumkin. <…>
Bunday qurollardan foydalanish siyosiy jihatdan to‘g‘ri «tiyib turish chorasi» sifatida tashkil etilishi kerak, bu harbiy harakatlar chog‘ida tanlangan tartibda nisbatan past quvvatga ega yadroviy jangovar kallaklarni ishlatish oldidan «so‘nggi ogohlantirish harakati» bo‘lib xizmat qiladi. Bu Rossiya harbiy doktrinasida va RF qurolli kuchlarining Bosh shtabi hamda tegishli bo‘linmalarining operativ hujjatlarida konseptual tarzda aks ettirilishi kerak.
Xo‘sh, Putinning «so‘nggi ogohlantirishi» ta’sir qildimi?
Taxmin qilish qiyin. Hozirgi «qizil chiziq», ya’ni Ukraina tomonidan Rossiyaga qarshi g‘arbdan yetkazilgan qisqa masofaga uchuvchi operativ-taktik raketalardan foydalanish bilan Rossiyaning yangilangan tiyib turish doktrinasidan kelib chiqqan («suverenitet va hududiy yaxlitlikka jiddiy xavf tug‘diradigan») yadroviy quroldan foydalanish chegarasi o‘rtasida katta farq bor.
ATACMS va Storm Shadow raketalari bilan Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi bo‘linmalaridan biri shtab-kvartirasi yoki mahalliy aeroportni urish, Rossiya suverenitetiga jiddiy xavf tug‘dirmasligi aniq. Shuningdek, ehtimol, ular ta’sir ko‘rsata oladigan hududlarda muhim harbiy nishonlar kam qolgan.
Bundan tashqari, «Oreshnik»ning imkoniyatlari Andrey Kokoshin tasvirlagan «yadroviygacha bo‘lgan tiyib turish»ning dahshatli quroli xususiyatlaridan ancha uzoqdaligi ayon.
O‘rta masofaga uchuvchi raketa namoyishkorona qo‘llanishi ko‘proq kelajak uchun ogohlantirish sifatida qabul qilinishi mumkin (ayniqsa, Putinning «Ukrainaga raketalar yetkazib bergan davlatlarga zarba berish» haqidagi va’dasi inobatga olinsa). Kremlning ehtimoliy rejasiga ko‘ra, AQShning yangi ma’muriyati Rossiya bilan mojaroni kuchaytirishdan qo‘rquvni meros qilib olishi kerak.
Mavzuga oid
14:14
Kremlda Putin va Slovakiya bosh vaziri o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
10:43
Tramp Putin u bilan Ukraina masalasida uchrashmoqchi ekanini ma’lum qildi
00:02 / 22.12.2024
Vladimir Putin: «Suriyadagi voqealar benefitsiari - Isroil»
22:14 / 21.12.2024