Jahon | 20:48 / 09.12.2024
3461
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp saylovda g‘alaba qozonganidan keyin birinchi marta Si Jinping bilan suhbatlashdi

Trampning birinchi prezidentlik davrida ikki davlat rahbarlarining munosabatlariga sovuqlik tushgan edi.

Foto: Bloomberg

Yangi saylangan AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy yetakchisi Si Jinping bilan saylovdagi g‘alabasidan keyin ilk suhbatini o‘tkazganini aytdi. Bloomberg xabariga ko‘ra, Tramp o‘tgan hafta Si bilan «suhbatlashganini» aytgan, biroq suhbat qachon bo‘lib o‘tgani va nimalar muhokama qilinganiga aniqlik kiritmagan.

«Men prezident Si bilan kelishuvga erishdim, u bilan juda yaxshi munosabatdaman», dedi Tramp.

Nashr ta’kidlaganidek, Trampning bayonotlari Pekin va Tramp jamoasi o‘rtasida eng yuqori darajadagi aloqalar qayta tiklanganidan dalolat beradi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Ning 9 dekabr kuni Pekinda bo‘lib o‘tgan navbatdagi matbuot anjumanida ikki yetakchi o‘rtasidagi muloqotga oid savolga javob berar ekan, tafsilotlardan qochdi va faqat Xitoyning Qo‘shma Shtatlarga nisbatan siyosati «izchil va aniq» ekanini aytdi.

«Biz Qo‘shma Shtatlar bilan o‘zaro hurmat, tinch-totuv yashash va hamkorlik asosida ishlamoqchimiz», dedi u.

Trampning saylovdagi g‘alabasidan so‘ng Si unga tabrik yo‘llab, munosabatlarni «sog‘lom va barqaror» saqlash istagini bildirgan edi.

Si va Tramp o‘rtasidagi munosabatlar sobiq AQSh prezidentining birinchi prezidentlik muddati davomida samimiy edi. Ammo ular savdo urushi va pandemiya paytida yomonlashdi: Tramp koronavirusni «Xitoy virusi» deb atagan edi. Tramp va Si oxirgi marta 2019 yil iyun oyida Yaponiyada bo‘lib o‘tgan sammit doirasida shaxsan uchrashgan edi.

Reuters yozganidek, Tramp saylovoldi tashviqoti davomida Xitoy importiga deyarli 40 foizlik boj joriy etishga va’da bergan. Bunday choralar dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyotning o‘sish sur’atlarini 1 foizga kamaytirishi mumkin.

Mavzuga oid