Jahon | 17:01 / 09.12.2024
7001
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iz hukumati «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi uchun yer ajratdi

Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida 44,29 gektar yer temir yo‘l qurilishi uchun taqsimlandi.

«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi uchun Qirg‘izistonda yer ajratildi. Vazirlar Mahkamasi rahbari Oqilbek Japarov tegishli qarorni imzoladi, deb xabar berdi 24.kg.

Hujjat Jalolobod shahridagi yer maydonlarini xalqaro loyihani amalga oshirish uchun transformatsiya qilishni tartibga soladi. Qarorda qishloq xo‘jaligi va suv fondi toifalaridan 44,29 gektar yerni «sanoat, transport, aloqa, energetika, mudofaa va boshqa maqsadlardagi yerlar» toifasiga o‘tkazish nazarda tutilgan, jumladan: 36,55 gektar sug‘oriladigan ekin maydonlari; 7,54 gektar lalmikor yer; 0,2 gektar botqoqlar.

Jalolobod shahri ma’muriyatiga yer uchastkalarini ro‘yxatga olish hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish, qishloq xo‘jaligi yerlari davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xususiy mulkdagi yer maydonlarini ekvivalent yer uchastkalariga almashtirishni ta’minlash, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq shaharsozlik hujjatlarini tasdiqlash topshirildi. Yerlardan noto‘g‘ri foydalanilgan yoki o‘zlashtirilmagan taqdirda, ularni olib qo‘yish ta’minlanadi.

2022 yil sentabrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Xitoy 454 kilometrlik temir yo‘l liniyasi bo‘yicha kelishib oldi. Qirg‘iziston va O‘zbekistonning qo‘shma loyiha kampaniyasidagi ulushi 24,5 foizdan, Xitoy esa 51 foizdan iborat bo‘ladi. Qirg‘iziston temir yo‘l qurilishiga 11 milliard so‘m sarmoya kiritadi.

«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi 2024 yil oktyabr oyida boshlangan.

Mavzuga oid