O‘zbekiston | 16:48 / 09.12.2024
1390
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi Zelandiya, Venesuela, Bosniya va Hersegovinaning O‘zbekistondagi yangi elchilari tayinlandi

Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Bosniya va Hersegovinaning O‘zbekistondagi birinchi elchisi Ivan Orlichdan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi. Bu haqda u o‘zining Telegramʼdagi kanalida yozib qoldirdi.

Foto: TIV

«Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada jadal rivojlantirishga bo‘lgan samimiy intilishni qadrlaymiz. Darhaqiqat, ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama, ayniqsa, iqtisodiy sohada samarali hamkorlik qilish uchun ko‘plab imkoniyatlarni ko‘rmoqdamiz. Janob elchiga yurtimizdagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolamiz», — deb yozadi vazir.

Shuningdek, TIV rahbari bugun, 9 dekabr kuni Yangi Zelandiyaning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlangan Mark Julian Treynorni qabul qildi.

Qayd etilishicha, muloqot davomida barqaror qishloq xo‘jaligi, sanoatni rivojlantirish, «yashil» iqtisodiyot, tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlik va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarga e’tibor qaratilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Yangi Zelandiya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yil 11 martda o‘rnatilgan. 2019 yil 1 fevraldan boshlab O‘zbekiston Yangi Zelandiya fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejimni joriy qildi.

Bundan tashqari, Baxtiyor Saidov Tashqi ishlar vazirligida Venesuelaning O‘zbekistondagi elchisi Rosalba Lo Bue Antiko xonim bilan ham uchrashdi.

«Geografik joylashuv jihatdan uzoq masofaga qaramay mamlakatlarimizni bir-biriga yaqinlashtirish uchun aloqalarni bog‘lashga qaratilgan ko‘priklar barpo etishga kelishib oldik», — deya ta’kidlaydi TIV rahbari.

Qayd etilishicha, uchrashuvda yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish, parlamentlararo hamkorlikka ko‘maklashish, bilim almashinuvini qo‘llab-quvvatlash va boshqa masalalar yuzasidan batafsil fikr almashilgan.

Mavzuga oid