Jahon | 23:26 / 10.12.2024
6092
2 daqiqa o‘qiladi

Bolgariya Rossiya gazining Yevropaga tranzitini to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi

Bolgariya agarda «Gazprom» tranzit uchun to‘lovlarni amalga oshirish yo‘lini topmasa, Rossiya gazi yetkazib berilishini to‘xtatib qo‘yishini ma’lum qildi.

Foto: Gazprom

Bolgariya agarda «Gazprom» to‘lovlarni amalga oshirish yo‘lini topmasa, «Turk oqimi» orqali Rossiya gazi yetkazib berilishini to‘xtatib qo‘yishini ma’lum qildi. Monopoliya Gazprombankka qarshi Amerika sanksiyalari joriy etilganidan keyin nafaqat o‘z gazi uchun to‘lovlarni qabul qilish, balki ularni yetkazib berganlik uchun to‘lov qilish imkoniyatini ham yo‘qotdi.

«Gazprom» o‘z yoqilg‘isini Serbiya va Vengriyaga tashiydigan Bulgartransgaz’ga to‘lovlarni Gazprombank orqali amalga oshirib kelgan. Ammo 21 noyabr kuni bankka qarshi sanksiyalar joriy etilganidan keyin u bunday imkoniyatdan mahrum bo‘ldi. Besh kun oldin Vladimir Putin qarori bilan to‘lovlar tartibi yangilangan. Ammo bu avvalo gaz xaridorlariga to‘lovni amalga oshirish imkoniyatini taqdim etish maqsadida amalga oshirilgan.

«Bulgartransgaz kelishuvdagi majburiyatlarini qat’iy bajarishni davom etadi va xizmat haqi to‘lanmasa tabiiy gaz tranzitiga yo‘l qo‘ymaydi», — deydi mamlakat energetika vaziri Vladimir Malinov. Malinovning aytishicha, oldingi yetkazib berishlar uchun to‘lovlar olingan, Rossiyada yechim topish uchun 10 dekabrgacha vaqt bor.

Serbiya va Vengriyaga Bolgariya orqali har yili qariyb 18 milliard metr kub gaz yetkazib beriladi. 2022 yil boshida gaz quvuri ishga tushirilganidan beri Bolgariya tranzit uchun 750 million dollardan ortiq to‘lov olgan.

Vengriya allaqachon Yevropadagi energetika xavfsizligi tahdidi haqida xavotirini bildirib bo‘ldi. Yanvar oyidan Ukraina orqali ham tranzit to‘xtatilishi sabab vaziyat murakkab — u yerdan gaz Vengriya va Slovakiyaga yetkaziladi. Kiyev joriy yil oxirida muddati tugaydigan shartnomani uzaytirish niyatida emasligini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid