O‘zbekiston | 18:15 / 10.12.2024
4923
10 daqiqa o‘qiladi

«Inson huquqlari qudratli davlatning asosiy belgisidir» - tarixiy deklaratsiyaga 76 yil to‘ldi

Bugun, 10 dekabr – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan kun. Siyosatshunos Hamid Sodiq so‘zlariga ko‘ra, xalqaro tashkilotlar va inson huquqlari faollari shu hujjat prinsiplari asosida ayrimlarga qarata: «sizlar bermagan va inson tug‘ilishi bilan paydo bo‘ladigan shunday huquqlarimiz borligini» takrorlab turadi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, davlat taraqqiyoti va qudrati avvalo inson huquqlariga bog‘liq, shu sabab qudratli davlatlar bu huquqlarni o‘z davlatchiligi uchun asos qilib olgan.

1948 yil 10 dekabr kuni BMT Bosh assambleyasining 217-rezolyutsiyasi bilan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilindi. Joriy yil ushbu sanaga 76 yil to‘ldi. BMT a’zolari uchun tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan ushbu hujjatni tashkilotning 192 ta – barcha a’zo davlatlari imzolagan, jumladan, O‘zbekiston ham. 1950 yildan 10 dekabr Inson huquqlari kuni sifatida nishonlanadi. Kun.uz ushbu sana munosabati bilan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining dunyoda huquqiy tizimda ishlashi, uning tarixiy va bugungi kundagi ahamiyati haqida siyosatshunoslar bilan suhbat tashkil qildi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinishi – inson huquqlarining xalqaro himoyasi va umuman tinchlik borasida qanday rol o‘ynadi? U o‘z davrida muhim va kuchli hujjat bo‘la olganmi?

Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos:

– Ikkinchi jahon urushi dunyo tarixidagi eng katta va eng ko‘p insoniy talafot yetkazgan urush hisoblanadi. Ya’ni olti yil davomida taxminan oltmish million inson hayotiga zomin bo‘lgan. Urushdan keyin dunyo siyosiy elitasida ham, dunyo hamjamiyatida inson huquqlari borasida muayyan qarashlar shakllangan. Inson huquqlari g‘oyasi bir kunda shakllangan g‘oya emas, lekin davlatlarning inson huquqlari masalasida to‘liq suveren ichki ishi degan tafakkur Ikkinchi jahon urushidan keyin o‘zgara boshladi va bu jarayon hozirgacha davom etmoqda.

Dunyoda tinchlik bo‘lishi, davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar diplomatik va urushlarsiz kechishi uchun ichki siyosiy tizim va inson huquqlari bilan uzviy bog‘liqligi haqida tasavvur shakllanmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuziladi va uning fundamental qadriyati inson huquqlari deb belgilanadi. Shundan keyin mana shu Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinadi va dunyo davlatlariga tavsiya etiladi. BMTning qarorlari yoki tamoyillari ijro mexanizmi mavjud emas, ammo bu qattiq tavsiya qilinadi va xalqaro norma sifatida ko‘rsatma beriladi. Lekin bu tavsiyalarga zid keladigan davlatlarga urush qilib, bostirib borish tamoyillarga zid keladi. Shunday qilib, keyingi yetmish-sakson yil davomida dunyo hamjamiyatida siyosiy tizimlar va inson huquqlari to‘g‘risida bu deklaratsiyaning o‘rni juda katta.

Hamid Sodiq, siyosatshunos:

– Inson huquqlari masalasi yangi dunyo yoki zamon muammosi emas – bu har doim insonlarni xavotirga solib kelgan masaladir. Bu «tiranlik va inson o‘rtasidagi kurash» desak bo‘ladi. Masalan, Platon yoki Aristotel davlatchilik tafakkuri va inson huquqlari haqida birinchilardan bo‘lib falsafiy fikrlar yuritgan. Platon tabiiy huquq nazariyasini ilgari surgan. Bu nazariyaga ko‘ra, inson tug‘ilishi bilan barcha huquqlari bilan birga tug‘iladi. Inson tug‘ilishi bilan unga tabiat tomonidan barcha huquqlar beriladi va shunday insonlar siyosatni yoki bugungi kunda demokratiyani tashkil qiladi.

Yangi davrga kelib, Ikkinchi jahon urushi bo‘ldi. Bu urush insonlar o‘limiga sabab bo‘ldi va inson huquqlari masalasi yana diqqat markaziga keldi. Insonlar Platonga asoslangan dunyoni qaytarishni istashdi – bu yerda siyosiy munosabatlar markazida tiran yoki imperator emas, balki inson turishi kerak degan g‘oya qayta tiklandi. Buning natijasida inson huquqlari va azaliy qoidaga qaytishimiz kerak degan fikr kuchaydi – inson tug‘ilishi bilan barcha huquqlari bilan birga tug‘iladi va bu umumjahon bo‘lishi kerak. Bu tushuncha, ya’ni faqat Britaniya yoki Fransiya uchun emas, balki butun dunyo uchun amal qiladi.

30 ta moddadan iborat bo‘lgan, kengaytirilishi mumkin bo‘lgan bir hujjat (deklaratsiya) qabul qilish kerak, biroq u toraytirilmasligi zarur. Shunda agar biror davlat bu qoidalarga amal qilmasa, xalqaro tashkilotlar darajasida yomon davlat sifatida e’tirof etiladi, ya’ni inson huquqlariga amal qilmaydigan davlat deb tan olinadi. Hujjatni ratifikatsiya qilgan davlatlar butun dunyo oldida «men ushbu hujjatni ratifikatsiya qilganman va mana shu chegaralarda kengaytirsam kengaytiraman, toraytirmayman. Qabul qilgan vaqtimga qadar hujjatga zid bo‘lgan ayrim moddalar, masalan, o‘lim jazosi yoki quldorlik bilan bog‘liq masalalar agar mavjud bo‘lsa, o‘sha doiradan chiqarishga harakat qilaman», deb va’da bergan bo‘ladi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 1948 yilda qabul qilingan vaqtda nima uchun majburiy xarakterga ega shartnoma emas, balki tavsiyaviy hujjat sifatida qabul qilingan?

Kamoliddin Rabbimov:

– Shartnoma sifatida qabul qilinmagani sababini, ayrim davlatlar yoki yuristlar shunday bir xulosaga kelganini ko‘rib chiqaylik. O‘zi savol berish kerak: davlatlar nima uchun inson huquqlarini buzadi? Masalan, Sovet ittifoqi misolida tenglikni ta’minlash uchun erkinlikni chetga olib turish kerak va kuch ishlatish orqali, insonlarning huquqlarini buzish orqali mana shu tenglikni yaratishimiz mumkin, degan g‘oya oldinga chiqqan. Bu tarixiy davrda bunday siyosat o‘zini oqlamadi. Aslida, ba’zi davlatlar erkinlikni olib tashlamasdan tenglikni yaratish mumkin deb hisoblaydi. Masalan, G‘arbiy Yevropadagi bugungi kundagi Skandinaviya davlatlari, masalan, Shvetsiya, Norvegiya, Finlandiya va qisman Fransiya. Mana bu davlatlarda repressiya qilmasdan, boylarni yoki zodagonlarni yo‘qotmay, sodda qilib aytganda boylardan soliqlar hisobiga kambag‘allarga tarqatish siyosati mavjud. Bu davlatlarda insonlarning huquqlarini buzmasdan ijtimoiy adolat va ijtimoiy tenglik yaratildi.

Demak, 1948 yilda bu deklaratsiya tavsiyaviy xarakterda qabul qilingan, lekin dunyo davlatlarining yarmi yoki o‘sha liberal, huquqiy davlatlar uni qabul qilgan. Chunki huquqiy-demokratik davlatlarda inson huquqlari taraqqiyot va qudrat masalasi sifatida ko‘riladi. Ya’ni inson huquqlarini buzayotgan davlatning legitimligi, iqtisodiy farovonligi, raqobatbardoshligi yo‘qoladi. Inson huquqlari ta’minlangan davlatlar boy, barqaror va qudratli bo‘ladi, juda kuchli iqtisodiy va harbiy mashina shakllantiradi, degan tafakkur keng tarqalgan. Shuning uchun ular inson huquqlarini ta’minlashni faqat yaxshilik sifatida emas, balki qudrat va farovonlikning asosiy mezoni sifatida ko‘radi.

Xuddi shunday, bu o‘zini tarixiy tasdiqlagan, aslida bir qarashda, ya’ni dunyoning eng boy, harbiy va iqtisodiy jihatdan eng qudratli davlatlari aynan inson huquqlarini ta’minlagan davlatlardir. Avtoritar va totalitar davlatlar ko‘rinishi qudratli bo‘ladi, lekin bir kun birdan yiqilib ketadi.

Hamid Sodiq:

– Yana bir narsani qo‘shimcha qilish kerak. Birlashgan Millatlar Tashkiloti xalqaro tashkilot sifatida ma’lum bir davlatni majbur qilishi, ayniqsa Xavfsizlik kengashidagi davlatni majbur qilishga bo‘lgan harakat umuman olganda uning o‘zini xavf ostida qoldiradi. Masalan, Rossiya veto qo‘ydi, lekin qaror qabul qilindi deylik. Rossiya yoki AQSh BMTdan chiqib ketsa, uning legitimligini yo‘q qilishi mumkin. Shuning uchun bu tashkilotning ichida barcha hujjatlar deklarativ ahamiyatga ega. Bu hujjat qabul qilinayotgan vaqtda inson huquqlarini xalqaro miqyosda eng ko‘p buzayotgan davlatlar, hatto ichki miqyosda ham eng ko‘p buzayotgan davlatlar xavfsizlik kengashidagi davlatlar edi. Ya’ni SSSRni olamizmi yoki keyinchalik turli davlatlarda urush olib borgan AQShmi… Ya’ni Birlashgan Millatlar Tashkiloti shunday dilemmaning oldida turgan ediki, bir vaqtning o‘zida kuchli davlatlar inson huquqlarini eng ko‘p buzayotgani faktini isbotlab, ma’lum bir mustahkam huquqlar chegarasini belgilab berishi kerak edi. Ular doimiy eslatib turishga yordam beradi: o‘rtoqlar, mana bizda shunday bir huquqlar guruhi bor, ular siz bergan emas, balki inson tug‘ilishi bilan shunday huquqlari paydo bo‘lgan. Sen mana shu huquqlarni buzyapsan, deb har doim aytib turish uchun kerak.

Hitlerga o‘xshash tiranlarni javobgarlikka tortishda aslida mana shu inson huquqlari sabab bo‘lgan. Chunki «insonni sudsiz o‘ldirish mumkin emas» deyiladi. Xuddi shunday, mana shu inson huquqlari deklaratsiyasidan kelib chiqib bugun Vladimir Putin va Benyamin Netanyahuni xalqaro sudga berish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Ya’ni siz bir vaqtning o‘zida mazkur hujjatni butunlay foydasiz ko‘rasiz, lekin uzoq muddatli davr mobaynida u hujjat foydali ekanini ko‘rish mumkin bo‘ladi. Har doim kimdir qilayotgan ishi noto‘g‘ri ekanini o‘ziga eslatib turishi zarur. Bunga asos kerak.

To‘liq suhbat bilan yuqoridagi video orqali tanishib chiqishingiz mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid