Jahon | 15:48 / 10.12.2024
5450
3 daqiqa o‘qiladi

Tailandda ikki kishi massajdan keyin vafot etdi

Ulardan biri singapurlik sayyoh, ikkinchisi 20 yoshli taylik qo‘shiqchi.

O‘tgan hafta Tailandda ikki kishi massaj seanslaridan so‘ng vafot etdi. Bu haqda Bangkok Post xabar bermoqda.

Ulardan biri singapurlik 52 yoshli sayyoh Patong plyajidagi massajchi ayol qabuliga borgan. Yog‘ surib o‘tkazilgan 45 daqiqalik massajdan so‘ng erkak nafas olmay qolgan. Uni jonlantirishga urinishgan, ammo bu yordam bermagan — sayyoh hushiga kelmasdan vafot etgan. O‘lim sababi aniqlanmagan, chunki marhumning xotini murdani yorib tekshirishga ruxsat bermagan va jasadni diniy urf-odatlarga muvofiq dafn etish uchun vataniga olib ketgan.

Ikkinchi jabrlanuvchi — 20 yoshli taylik qo‘shiqchi Chayada Praohom. Qiz konsertlardan so‘ng yelkasidagi og‘riqni bartaraf etish maqsadida birinchi marta oktyabr oyida massajga borgan. U Udontxani provinsiyasidagi salonga murojaat qilgan. Birinchi seansdan keyin tanasining yarmi hech narsani sezmay qolgan — qo‘shiqchi chap qo‘lini mutlaqo qimirlata olmagan.

Shunga qaramay, Chayada Praohom massaj olishni davom ettirgan. Dastlabki ikki seans paytida, go‘yoki og‘riqdan xalos qilish uchun uning bo‘ynini “burashgan”. Uchinchi seansda esa qizga “qo‘li og‘ir” boshqa massajchi ayol xizmat ko‘rsatgan.

Faqat yelka og‘rig‘idan shikoyat qilib kelgan Chayada Praohom, seanslardan so‘ng bo‘yin og‘rig‘ini ham orttirgan, tanasining 50 foizi uvisha boshlab, ko‘karishlar, tana haroratini boshqarishda muammolar va barmoqlarda doimiy sanchishlar kuzatilgan. Qiz og‘riq qoldiruvchi dorilarni qabul qilgan. 18 noyabr kuni xonanda o‘rnidan turolmay qoldi, 8 dekabr kuni ertalab esa reanimatsiya bo‘limida vafot etgan. Unga miya shishi va sepsis (qonga infeksiya tushishi) tashxisi qo‘yilgan.

Rangsit universiteti Sharq tabobati kolleji professori va maslahatchisi Tiravat Xemachudxa ma’lum qilishicha, qurbonlarning bo‘ynini cho‘zish va burash oqibatida miyaning qon bilan ta’minlanishiga mas’ul bo‘lgan uyqu va umurtqa arteriyalari shikastlangan bo‘lishi mumkin. Tailandda massajning tasdiqlangan standart usuli mavjud bo‘lsa-da, ayrim masterlar noan’anaviy va xavfli texnikalardan foydalanadi.

Mavzuga oid