Janubiy Koreya: sobiq mudofaa vaziri o‘z joniga qasd qilishga urindi; prezident ofisida tintuv
Janubiy Koreyaning sobiq mudofaa vaziri Kim Yong Hyon Seul sharqidagi tergov izolyatorida o‘z joniga qasd qilishga urindi, deb xabar bergan muassasa rahbari Shin Yon He parlamentdagi eshituv vaqtida.
Amaldor hozirda sobiq vazirning holati xavotirli emasligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tergov izolyatori xodimlari vaziyatga tezda aralashgan va Kim Yon Hyon «niyatidan qaytgan».
«Tibbiy tekshiruv natijalari ko‘rsatadiki, mahbusning salomatligi holati yaxshi, hech qanday muammo yo‘q», — deyilgan Janubiy Koreya sog‘liqni saqlash vazirligining AFP iqtibos keltirgan bayonotida.
Hodisa seshanba kuni kechqurun, Seulda sud sobiq vazirni isyon tashkilotchiligiga aloqadorlikda ayblab, hisbga olish uchun rasman hukm chiqarishi arafasida ro‘y bergan.
Tergov ma’lumotiga ko‘ra, Kim Yong Hyon Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yolga mamlakatda harbiy holat e’lon qilib, Milliy yig‘ilish (parlament) binosiga harbiylarni joylashtirishga buyruq berishni maslahat qilgan.
Yun Sok Yol 3 dekabr kuni kechqurun harbiy holat e’lon qilgandi. Parlament esa bu qarorga qarshi ovoz berdi, shundan keyin prezident o‘z qarorini bekor qilishga majbur bo‘ldi. Shundan keyin mudofaa vaziri iste’foga chiqib, unga qarshi tergov ishlari boshlandi.
Prezidentning o‘ziga qarshi ham ish ko‘rilmoqda, unga mamlakatni tark etish taqiqlangan. Chorshanba kuni politsiya uning ofisiga tintuv o‘tkazish uchun kelgan.
Parlament prezident Yun Suk Yolni harbiy holat e’lon qilishdagi ishtiroki uchun «zudlik bilan» hibsga olishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma’qulladi. Rezolyutsiya 190 ovoz bilan qabul qilindi, 95 deputat unga qarshi ovoz berdi. Qonun loyihasi harbiy holat e’lon qilishga aloqador 8 kishini hibsga olishni ko‘zda tutadi. Ular orasida prezident Yun Suk Yol, sobiq mudofaa vaziri Kim Yong Hyon va sobiq ichki ishlar vaziri Li San Min bor.
Yakshanba kuni qo‘lga olingan Kim Yong Hyon seshanba kuni advokatlari orqali uzr so‘radi: «Bu vaziyat uchun barcha javobgarlik faqat mening zimmamda».
U janubiy koreliklardan uzr so‘ragan va uning qo‘li ostidagilar «buyruqqa bo‘ysunib, o‘ziga yuklangan vazifani bajargani»ni aytgan.
Janubiy Koreya politsiyasi prezident ofisidan tashqari Seul politsiyasi va parlament binosini qo‘riqlashga mas’ul bo‘lgan bo‘linma idoralarida ham tintuv o‘tkazgan.
Yonhap ma’lumotiga ko‘ra, tintuv vaqtida prezident bu yerda bo‘lmagan, ammo uning nomi tintuv o‘tkazish uchun berilgan orderda gumonlanuvchilar qatorida keltirilgan.
BBC’ning Seuldagi muxbiri Jyeyk Kvong xabar berishicha, prezident xavfsizlik xizmati tintuv haqida oldindan ogohlantirilmagan.
Ayni vaqtda uning harakatlarini politsiya, prokurorlar va korrupsiyaga qarshi idoralar xodimlari tergov qilmoqda. Tergovchilar agar davlat to‘ntarishga urinishga aloqadorligiga yetarli dalil paydo bo‘lsa, u hibsga olinishini aytishgan.
Mamlakatda hozirda — siyosiy xaos yuzaga kelgan, deya qayd etadi BBC muxbiri. Xususan, ayni vaqtda prezident qanday vakolatlarga egaligi noaniq — parlament unga impichment e’lon qilishga urindi, ammo buning uchun yetarli ovoz to‘play olmadi.
Shanba kuni tongda impichment bo‘yicha navbatdagi ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Namoyishchilar hamon Yunning iste’fosini talab qilib, ko‘chalarga chiqishmoqda.
Chorshanba kuni Shimoliy Koreya tomoni Janubiy Koreya prezidentining harbiy holat etish bo‘yicha muvaffaqiyatsiz urinishi yuzasidan oshkora munosabat bildirdi.
«Nodon sinmun» gazetasining oltinchi sahifasida e’lon qilingan maqolada Yunning «aqlsizlarcha harakati bir necha o‘n yil oldingi harbiy diktatura davridagi davlat to‘ntarishiga o‘xshash holat» ekani aytilgan.
Mavzuga oid
16:31 / 18.12.2024
Isyonda ayblanayotgan Janubiy Koreya prezidenti politsiya so‘roqiga kelmadi
21:54 / 17.12.2024
Janubiy Koreya Toshkent-Samarqand temiryo‘lining yangi tarmog‘ini loyihalashtirishni boshladi
16:45 / 17.12.2024
Janubiy Koreyada armiya bosh shtabi boshlig‘i hibsga olindi
11:00 / 17.12.2024