Jamiyat | 17:30 / 11.12.2024
2390
3 daqiqa o‘qiladi
Reklama

OKMKda investitsiya loyihalari ishga tushirilmoqda: kombinatning yangi bosqichi va kelajagi haqida ma’lumot berildi

11 dekabr kuni Toshkentda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining (OKMK) investitsiya loyihalarining ijrosi bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda OKMK rahbariyati, mutaxassislari va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Unda OKMK mas’ullari kombinatda amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari va modernizatsiya jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berishdi. Aytilishicha, OKMK O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda mis va polimetall ishlab chiqarishda yetakchi o‘ringa ega bo‘lib, jahondagi yirik mis ishlab chiqaruvchi korxonalardan biridir.

Qabul qilingan 2030 yilgacha rivojlanish konsepsiyasiga asosan, kombinatda ishlab chiqarish quvvatlari sezilarli darajada oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bu doirada “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish va 3-Mis boyitish fabrikasi qurilishi olib borilmoqda. 2024 yilning oxiriga qadar 4 milliard dollardan ortiq investitsiyalar o‘zlashtirilgan.

2030 yilga qadar OKMK mis ishlab chiqarish hajmini 500 ming tonna, oltin 50 tonna va kumush 270 tonnaga oshirishni maqsad qilgan. Bu hamda yangi metallurgiya majmuasining qurilishi bilan kombinatning ishlab chiqarish quvvatlari bir necha barobarga oshadi. Shuningdek, yangi fabrikalar va avtomatlashtirish tizimlari ishga tushiriladi.

OKMK shunga qo‘shimcha ravishda ekologik tozalik va energiya tejashga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirmoqda. 2026 yildan boshlab Namangan viloyatidagi 500 MVt quyosh fotoelektr stansiyasidan elektr energiyasini xarid qilish rejalashtirilgan. Shunga muvofiq, Toshkent viloyatida 150 MVt quvvatga ega yangi quyosh stansiyasini ham ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

OKMK xalqaro bozorda ham qiziqish qozonishda davom etmoqda. 2024 yilda 1,8 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy kreditlar olishni ta’minlashga erishilgan, bu esa mahalliy va xorijiy banklarining OKMKga bo‘lgan ishonchini bildirib turibdi. Shuningdek, Yaponiya, Koreya, Germaniya, Xitoy, Buyuk Britaniya va boshqa rivojlangan mamlakatlar bilan yangi investitsion va innovatsion loyihalar ustida ish olib borilmoqda.

Joriy yilning 15 oktyabrida OKMKda 4-sonli Mis boyitish fabrikasi qurilishiga start berilgan. Fabrika ishga tushirilsa, yilda 60 million tonna ma’dan qayta ishlanib, 800 ming tonnadan ortiq mis konsentrati ishlab chiqariladi. Bu yangi fabrika texnologik va ekologik talablarga javob bergan holda ishlab chiqarish jarayonini amalga oshiradi.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid