Quruvchi tashkilotlar faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish zarur - Konstitutsiyaviy sud
Tartibsiz qurilishlar aholining hayot sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, xavfsizlik choralariga rioya etilmasligi hatto yosh bolalar o‘limiga sabab bo‘lganini inobatga olib, qurilish ishlarida xavfsizlik ta’minlanishi bo‘yicha quruvchi tashkilotlar ustidan nazoratni kuchaytirish, shuningdek, renovatsiyaga oid munosabatlarni qonun darajasida tartibga solish zarur, deyiladi O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi bayonotida.
6 dekabr kuni Konstitutsiyaviy sudning navbatdagi majlisida O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axborot ko‘rib chiqildi va qabul qilindi.
Konstitutsiyaviy sudning qayd etishicha, insonning huquq va erkinliklarini qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar bilan cheklash mumkin emas, bunday normalar bo‘lgan qonun loyihalari “mutanosiblik va yetarlilik konstitutsiyaviy prinsiplariga” qat’iy muvofiq bo‘lishi kerak.
Bunda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazishda uning Konstitutsiyaga muvofiqligi nuqtayi nazardan baholashni eng asosiy, birlamchi mezon sifatida alohida belgilab qo‘yish haqidagi prezident taklifini Konstitutsiyaviy sud qo‘llab-quvvatlagan.
Konstitutsiyaviy sud fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan konstitutsiyaviy huquqlarni ta’minlash bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratgan:
- tartibsiz qurilishlar, qurilish ishlarida xavfsizlik choralari ko‘rilmagani aholi hayoti sifat darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini, shu jumladan, yosh bolalar o‘limiga sabab bo‘lganini inobatga olib, barcha yirik qurilish ishlarida xavfsizlik kafolatlarini hamda ushbu masalada quruvchi tashkilotlar faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, shuningdek, renovatsiyaga oid munosabatlarni qonun darajasida tartibga solish maqsadga muvofiq;
- mas’ul idoralar tergov va sud jarayonida vaqtincha tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarga bayram kunlarida oziq-ovqat, kiyim-kechak kiritish, toza havoda sayr qilish, yaqin qarindoshlari va advokatlari bilan uchrashuvga ruxsat beradigan tizimni joriy etish masalasiga e’tibor qaratishi zarur;
- ba’zi hududlarda fermerlar o‘zlari yetishtirgan mahsulotni erkin tasarruf etishda to‘sqinliklarga uchrashi holatlarini e’tiborga olib, barcha mas’ullardan tovar va xizmatlarning erkin harakatlanishi bo‘yicha konstitutsiyaviy kafolatlarga so‘zsiz rioya qilish talab etiladi.
Konstitutsiyaviy sud muhokama qilingan masalalarni o‘rganib chiqib, konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborotni tasdiqlab, uni Oliy Majlis palatalari va prezidentga yubordi.
Mavzuga oid
18:14 / 11.12.2024
Konstitutsiyaviy sud prokurorlarning ikkita vakolatini bekor qilishga chaqirdi
17:44 / 27.11.2024
Yangihayot tumanidagi yog‘och uylarning buzilishi bo‘yicha izoh berildi. Nimalar qilinadi?
14:59 / 18.11.2024
Shavkat Mirziyoyev qaysi masalalarda yangi qonunlar kerak bo‘layotganini sanab o‘tdi
13:40 / 27.09.2024