AQShdagi yirik sug‘urta kompaniyasi direktorini o‘ldirishda ayblangan shaxs uchun 70 ming dollardan ziyod mablag‘ to‘plandi
26 yoshli amerikalik Luiji Manjone UnitedHelthcare sug‘urta kompaniyasi ijrochi direktori Brayan Tompsonni o‘ldirganlikda ayblanmoqda. GiveSendGo platformasi orqali Manjoneni qo‘llab-quvvatlash kampaniyasi o‘tkazilmoqda.
UnitedHelthcare sug‘urta kompaniyasi ijrochi direktori Brayan Tompsonni o‘ldirganlikda ayblanayotgan 26 yoshli amerikalik Luiji Manjoneni qo‘llab-quvvatlash uchun GiveSendGo platformasi orqali 70 ming dollardan ziyod mablag‘ to‘plandi.
Manjoneni qo‘llab-quvvatlash kampaniyasi GiveSendGo sahifasida «4 dekabr yuridik qo‘mitasi» (aftidan, bunda qotillik sanasi ko‘rsatilgan) nomli anonim guruh ochilgan. 13 dekabr soat 14:00 holatiga ko‘ra, qariyb 72 ming dollar to‘plangan. Platforma sahifasida maqsad 200 ming dollar yig‘ish ekani ko‘rsatilgan.
Qayd etilishicha, qariyb 2,5 ming kishi xayriyada qatnashgan. Ularning aksariyati turli qo‘llab-quvvatlov izohlarini qoldirmoqda, masalan ularning birida shunday deyiladi: «Yoshligidan bel va tosdagi surunkali og‘riqdan aziyat chekadigan inson sifatida Luijiga achinaman… Men zo‘ravonlikni oqlamayman. Ammo sog‘liqni saqlash tizimimizda nimanidir o‘zgartirish kerak. Odamlar o‘zlarining sug‘urta kompaniyalari sabab sifatsiz yordamga rozi bo‘ladi».
Xayriya qilganlar, shuningdek, tibbiy muammolarga duch kelganliklarini va Manjone saqlanayotgan qamoqxona manzilini aniqlashgani hamda unga maktub yuborishlarini yozmoqda.
Boshqa bir yirik fandrayzing platformasi — GoFundMe Manjoneni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kampaniyani o‘chirib tashlab, buni zo‘ravonlik jinoyatida ayblanayotganlarning yuridik himoyasi uchun mablag‘lar to‘planishi taqiqlangani bilan izohladi.
GiveSendGo vakili ABC News’ga platform «yuridik masalalar bo‘yicha qaror chiqarmasligini» va kampaniya qoidalarni buzmasa, mablag‘lar to‘planishini faol qoldirishini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, Manjone qo‘lga olinganidan keyin qator saytlar uning surati tushirilgan tovarlarni sotishni boshladi, biroq Amazon va Etsy ularni o‘z saytlaridan o‘chirib tashladi.
4 dekabr kuni Manhettenda 2023 yilda daromadi 281 mlrd dollarni tashkil etgan UnitedHelthcare sug‘urta kompaniyasining ijrochi direktori Brayan Tompson otib ketilgandi. Politsiya qotilni bir necha kundan beri qidirib kelayotgan, jinoyatchi haqida ma’lumot berganlarga 10 ming dollar va’da qilingan edi.
Mavzuga oid
23:25 / 22.12.2024
Rossiyada safar sumkasi ichidan o‘zbekistonlik ayolning jasadi topildi
18:43 / 20.12.2024
Google Maps fotosurati Ispaniyadagi qotillikni ochishga yordam berishi mumkin
16:51 / 16.12.2024
Konibodomda yana to‘rt kishining jasadi topildi
19:01 / 10.12.2024