Jahon | 22:54 / 13.12.2024
2790
2 daqiqa o‘qiladi

Avstriya vataniga qaytishni istagan suriyalik qochqinlarga 1000 yevrodan to‘laydi

Avstriya kansleri Kalr Nexammerning so‘zlariga ko‘ra, Suriya «qayta tiklanish uchun hozirda o‘z fuqarolariga muhtoj».

Foto: AP

Avstriya hukumati o‘z vataniga qaytishni istagan suriyalik qochqinlarga 1000 yevrodan pul to‘laydi. Bu haqda mamlakat kansleri Karl Nexammer ma’lum qildi.

«Avstriya vataniga qaytishni istagan suriyaliklarni 1000 yevro miqdoridagi bonus bilan qo‘llab-quvvatlaydi. Mamlakat qayta tiklanish uchun hozirda o‘z fuqarolariga muhtoj», — deb yozadi Nexammer o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Kanslerning qo‘shimcha qilishicha, Avstriyada suriyaliklar tomonidan yo‘llangan boshpana bo‘yicha so‘rovlarni ko‘rib chiqish oldingidek muzatilgan.

BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2011 yili Suriyada fuqarolik urushi boshlanganida mamlakat aholisi dunyoning 130 davlatiga qochib ketgan. Ularning aksariyati Turkiya, Livan, Iordaniya, Iroq va Misrdan qo‘nim topgan, yana milliondan ortig‘i — Yevropada.

Suriyada Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin Yevropa davlatlari hukumatlari ommaviy tartibda suriyaliklarga boshpana berish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqishni to‘xtatdi. Avstriyadan tashqari bu turdagi arizalarni hozirda Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Shvetsiya va boshqa davlatlar ko‘rib chiqmayapti.

Avstriyada 7,3 mingga yaqin ariza muzlatilgan, mamlakatda jami 100 mingga yaqin suriyalik bor. Avstriya ichki ishlar vaziri Gerxard Karner avvalroq o‘z idorasiga «Suriyaga repatriatsiya va deportatsiya qilish» dasturini tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatma berganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid