O‘zbekiston | 11:49 / 13.12.2024
16620
2 daqiqa o‘qiladi

Dam olish kunlari ba’zi joylarda kuchli yomg‘ir va qor yog‘ishi kutilyapti

O‘zbekiston bo‘yicha 13-15 dekabr kunlariga ob-havo prognozi berildi.

Foto: Kun.uz

Bugun respublika hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va kunning ikkinchi yarmida Navoiy viloyatining ba’zi joylarida jadalligi asosan biroz bo‘lgan yomg‘ir yog‘adi, shimolda qorga aylanishi mumkin.

O‘zgidromet xabariga ko‘ra, ertaga, 14 dekabrda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, shimolda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) kuzatiladi. Toshkent, Sirdaryo viloyatlarida faqat kechqurun biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Surxondaryo viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi.

13-14 dekabr kunlari havo harorati kechalari 0...+5, kunduz kunlari +7...+12, ba’zi joylarda +15, shimolda +2...+7 daraja atrofida bo‘ladi.

15 dekabrda O‘zbekiston hududiga shimoli-g‘arbdan nam va sovuq havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Respublika hududida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) kuzatiladi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida ba’zi joylarda biroz qor yog‘adi.

Havo harorati kechasi va ertalab 0...+5, kunduzi -3, shimolda kechasi -5...-10, kunduzi -2...-7 daraja bo‘ladi.

Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13-18 m/s gacha kuchayadi, 15-16 dekabrda ayrim joylarda ba’zida 20-25 m/s gacha kuchayishi mumkin.

15-16 dekabrda yo‘llarda yaxmalak kuzatiladi. Respublikaning ayrim joylariga tuman tushishi mumkin.

Poytaxtda: 13-14 dekabr kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat 14 dekabrda kechqurun biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat kechalari +3...+5, kunduz kunlari +10...+12 daraja bo‘ladi.

15 dekabrda havo bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) kuzatiladi. Shamol tezligi 10-12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat kechasi va ertalab +1...+3, kunduzi -1...-3 darajagacha pasayadi.

16-17 dekabr kunlari havo harorati kechalari -8...-13, ba’zi joylarda -15, kunduz kunlari 0...-5 darajagacha pasayishi kutilmoqda.

Mavzuga oid