O‘zbekiston | 15:08 / 13.12.2024
33738
3 daqiqa o‘qiladi

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan huquq organlariga ariza berdi

Iqtisodchi Otabek Bakirov Sag‘bon podstansiyasidagi avariyalar va ta’mirlash ishlari haqida 2023 yil iyun oyida yozgan tanqidiy posti yuzasidan energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vazir Telegram'dagi postda o‘ziga nisbatan haqorat va obro‘sizlantirish holatlari mavjud deb hisoblashini bildirgan.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi, jamoatchilik faoli Otabek Bakirovning ustidan prokuratura va IIVga shikoyat arizasi kiritgan. Bu haqda Bakirov o‘z Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Shikoyatga Bakirovning Toshkeng shahri Sag‘bon podstansiyasidagi avariyalar va ta’mirlash ishlari haqida 2023 yilning yozida o‘z Telegram-kanalida e’lon qilgan posti sabab bo‘lgan.

“Vazir Mirzamahmudovga ko‘ra, post mundarijasida haqorat va obro‘sizlantirish holatlari mavjud va bu bo‘yicha menga nisbatan tegishli tartibda chora ko‘rilishi lozim.

Qiziq tarafi, qachondir haykal qo‘yiladigan Sag‘bon podstansiyasi bilan bog‘liq surunkali muammo yoritilgan post 2023 yil 5 iyunda yoki 1 yil-u 7 oy avval yozilgan. Mirzamahmudov organlarga shikoyat arizasini 2024 yil 10 oktyabrda, ya’ni 1 yil-u 4 oy o‘tib taqdim etmoqda”, – deya yozdi Bakirov.

Uning qayd etishicha, vazir o‘z arizasini “Lolazor” podkasti mehmoni bo‘lganidan 6 kun o‘tib kiritgan.

“Adashmasam, Lolazor'ning birinchi sonidan keyin energetiklarning taklifi bilan (vazir keladi deyishgandi) tinimsiz ta’mirlanayotgan Sag‘bon podstansiyasiga ham borgandik va kichik reportaj ham uyushtirgandik.

Nima bo‘lgandayam, o‘shandan keyin bizning Toshkent tumani Sag‘bondan uzilgan va elektr energiyasini boshqa, tumanimizdagi podstansiyalardan olmoqdamiz”, – deya ma’lum qilgan iqtisodchi.

Otabek Bakirovning aniqlik kiritishicha, shikoyat arizasi fuqaro Mirzamahmudov tarafidan emas, vazir Mirzamahmudov tomonidan kiritilgan. Ariza hozirda poytaxt IIB Kiberxavfsizlik bo‘linmasi tomonidan o‘rganilmoqda.

Buyog‘iga nima bo‘ladi?

Bakirovning qo‘shimcha qilishicha, ekspertiza vazir Mirzamahmudov arizasi bo‘yicha ko‘rsatilgan holatlarda haqorat va obro‘sizlantirish bor yoki yo‘qligini aniqlashi kerak.

“IIB shikoyat arizasiga mening bugungi tushuntirish va ko‘rsatmalarimni qo‘shib ekspertizaga yuborishi kerak. Balki zaruriyat tug‘ilsa, qo‘shimcha ma’lumot va ko‘rsatmalar to‘planishi mumkin.

Nima bo‘lgandayam vazirning xatti-harakatini energosenzuraga urinish deb qabul qildim, qisqa aytganda, ahvoli tobora og‘irlashayotgan energetikadagi muammolarni yechish, bartaraf etish o‘rniga, tanqidni to‘xtatishga, yopiqlik muhitini yaratishga va kuchaytirishga urinish deb baholayman.

Bu urinishlar qancha ma’muriy resurs yo‘naltirilmasin, samarasiz.

Hozircha mavjud imkoniyatlar sharoitida energetikadagi og‘ir ahvol haqida o‘rganish, sabablari to‘g‘risida yozish va mas’ullarga yoqimsiz savol berish mumkin ekan, bu davom etaveradi. 

Qolaversa, hammaning ovozini baribir o‘chirib bo‘lmaydi”, – deyiladi postda.

Mavzuga oid