Sport | 15:42 / 13.12.2024
45757
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik bokschi qozog‘istonlik raqibini tishlab oldi va oltin medali olib qo‘yildi

Qoidabuzarlik final jangi vaqtida ro‘y bergan.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

O‘zbekistonlik bokschi Havasbek Asadullayev qozog‘istonlik raqibi Ablayxon Jusupovni tishlab olgani tufayli diskvalifikatsiya qilindi. Osiyo boks konfederatsiyasi qaroriga ko‘ra, uning oltin medali raqibiga berildi.

-71 kg vazn toifasida jang qiluvchi Havasbek Asadullayev 11 dekabr kuni Tailandda o‘tkazilgan Osiyo chempionati finalida qozog‘istonlik Ablayxon Jusupovni mag‘lub etgandi. Ammo jang vaqtida u raqibining yelkasidan tishlab olgan.

Ammo Asadullayev IBA o‘yin qoidalarining 21.1.8 bandi bo‘yicha tasniflangan harakat, ya’ni raqibni tishlagani hakam tomonidan e’tibordan chetda qolgan. Qozog‘iston boks konfederatsiyasi Osiyo chempionatiga bu haqda norozilik xati yuborib, qoidabuzarlikni isbotlovchi surat va videolar borligini ma’lum qilgan.

Shundan so‘ng boks chempionatining texnik vakili, irlandiyalik Sadi Daffi Havasbek Asadullayevni jangdagi jiddiy qoidabuzarligi uchun diskvalifikatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Cheklov qancha muddat amal qilishi ma’lum emas.

«Raqib tishlashi referi tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan, ammo keyingi bosqichda aniqlangan», — deya qayd etgan konfederatsiya.

Turnir yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston 8 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, birinchi o‘rinni egallagandi. Keyingi o‘rinni Qozog‘iston (4–6–1) egallagandi.

Qoidalarga ko‘ra, agar bokschi biror sababga ko‘ra diskvalifikatsiya qilingan bo‘lsa, uning raqibi jang g‘olibi deb e’lon qilinadi. Shu tufayli qozog‘istonlik Ablayxon Jussupovni ushbu vazn toifasi g‘olibiga aylandi va O‘zbekiston jamoasining Osiyo chempionatida qo‘lga kiritgan oltin medallari soni ham bittaga kamaydi.

Mavzuga oid