Fan-texnika | 21:27 / 14.12.2024
2646
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh raketasi gipertovushli tizim sinoviga mo‘ljallangan apparatni kosmosga olib chiqdi

Amerikaning Electron raketasi Pengaton manfaatlari uchun gipertovushli tizimni sinovdan o‘tkazishga mo‘ljallangan apparatni kosmosga olib chiqqani ma’lum bo‘ldi.

Foto: defense.gov

Hypersonic Accelerator Suborbital Test Electron (HASTE) dasturi doirasida suborbital parvozni amalga oshirgan Amerikaning Electron raketasi Pentagon manfaatlari uchun gipertovushli tizimni sinovdan o‘tkazishga mo‘ljallangan apparatni kosmosga olib chiqqani ma’lum bo‘ldi.

Electron raketasi Virjiniya shtatida joylashgan NASA’ning Uollops kosmodromidan uchirilgan. Natijalar va apparatning parvoziga oid batafsil ma’lumotlar oshkor etilmayapti. AQShning bu turdagi mavzularga ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, apparatning tashuvchi raketadan ajralishi muvaffaqiyatli kechgan.

Qayd etilishicha, bu gipertovushli texnologiya sinovi yo‘lida o‘tkazilgan uchinchi parvozdir. Birinchisi o‘tgan yilning iyunida, ikkinchisi esa 2024 yilning noyabrida o‘tkazilgan.

Yengil sinfga kiruvchi ikki pog‘onali Electron raketasi og‘irligi 700 kilogrammgacha bo‘lgan foydali yukni tashishga qodir.

Avvalroq AQSh harbiy kuchlari Dark Eagle nomi bilan tanilgan uzoq masofali gipertovushli raketani (Long Range Hypersonic Weapon) muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazgan edi. Noyabr oyi o‘rtalarida esa Hindiston o‘zining birinchi uzoq masofali gipertovushli raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazgan. Raketa har xil turdagi jangovar kallaklarni 1500 km masofaga yetkazishga qodir.

Mavzuga oid