Jamiyat | 13:27 / 14.12.2024
11368
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik yoshlarning IELTS'dagi natijalari sezilarli yaxshilandi

2024 yilda qariyb 53 ming nafar o‘zbekistonlik yoshlar ingliz tilini bilish ko‘nikmalarini baholovchi xalqaro IELTS imtihonidan 5,5 va undan yuqori ball oldi. Bu – 2020 yildagi ko‘rsatkichdan 5 barobarga yuqori. Bu davrda 7–8 ball olganlar 7,4 barobarga ko‘paygan. Joriy yilda 332 nafar o‘zbekistonlik yoshlar IELTS'dan eng yuqori 8,5–9 ballni qo‘lga kiritgan.

Foto: Getty Images

IELTS imtihonidan 5,5 va undan yuqori ball olgan o‘zbekistonlik yoshlar soni oxirgi 4 yilda 5 barobarga oshgan. Bu haqda British Council va IDP taqdim etgan ma’lumotlarga asoslanib, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ma’lum qildi.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, IELTS imtihonidan 5,5 va undan yuqori ball olgan yoshlar soni 2020 yilda 10 152 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda 52 706 nafarga yetgan. 4 yilda 5 barobarga o‘sish kuzatilgan.

Shuningdek, 7–8 ball (C1 daraja)ni qo‘lga kiritganlar soni 2020 yilda 1807 nafar, 2024 yilda esa 13 424 nafarni tashkil qilgan. Bu boradagi o‘sish 7,4 barobarga teng bo‘lgan.

8,5–9 ball (C2 daraja)ga erishganlar soni esa 2020 yilda 14 nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib 332 nafarga yetgan.

Avvalroq yoshlarga Work & Travel dasturlari doirasidagi yo‘lkira xarajatlari uchun ssuda ajratilishi ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid