Jamiyat | 21:12 / 14.12.2024
2266
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida 649 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan issiqxona aniqlandi

Nazorat tadbirlari davomida Yuqori Chirchiq tumanidagi 70 sotixli hududda ikkita issiqxona gazdan noqonuniy foydalanib kelgani ma’lum bo‘ldi.

Foto: Hududgaz

«Hududgaz Toshkent» GTF komplayens nazorat tuzilmalari, «O‘zenergoinspeksiya» va prokuratura xodimlari ishtirokida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, o‘rganishlar davomida tumanning «Farovon» MFYda joylashgan xonadonda 70 sotixlik hududda ikkita issiqxona (50 sotix limon, 20 sotix qulupnay) borligi ma’lum bo‘lgan.

Xonadondagi gaz jihozlari tekshirilganda ikki dona gazda ishlovchi isitish apparati (OAGV), ikki dona (2 va 4 yondirgichli) gaz plitasi hech qanday loyiha hujjatlarisiz foydalanib kelinayotgani aniqlangan. Xonadondagi elektron gaz hisoblash uskunasi tekshirilganda, mazkur hisoblagich ro‘yxatdan o‘tkazilmagani va ta’minot korxonasi bilan tegishli shartnoma tuzilmagani ma’lum bo‘lgan.

Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, sarflangan tabiiy gaz hajmi qonunchilikda belgilangan tartibda qayta hisob-kitob qilingan — iste’molchi tomonidan 649 million so‘mlik zarar yetkazilgan. «Barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiriladi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq 3 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan ovqatlanish shoxobchasi aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid