Fan-texnika | 14:31 / 15.12.2024
13287
7 daqiqa o‘qiladi

Bir umrlik akkumulyator, onlayn mashinalar savdosi va “aqlli” uzuk – hafta texnodayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlarni jamladi.

Google’dan “Deep Research”

Google o‘zining yangi “Deep Research”, ya’ni “Keng qamrovli izlanish” nomli sun’iy idrok funksiyasini taqdim etdi. Ushbu xizmat Gemini premium obunachilariga o‘z tadqiqotlarini yengillashtirish uchun yaratilgan.

Foydalanuvchilar Gemini chatboti orqali istalgan mavzuda batafsil hisobot so‘rashi mumkin. Sun’iy idrok dastlab bosqichma-bosqich tadqiqot rejasini tuzadi, keyin internetdan ma’lumot izlab topgan asosiy faktlarni manbalari bilan birga jamlaydi. Tayyor hisobotni tahrirlash yoki Google Docs’ga eksport qilish mumkin.

Ushbu yangi funksiya Google’ning Gemini 2.0 dasturi yangilanishining bir qismi bo‘lib, bu kompaniyaning mustaqil vazifalarni bajara oladigan sun’iy intellektga o‘tish strategiyasining bir qismi hisoblanadi. "Deep Research" tadqiqotni avtomatlashtirib, foydalanuvchilar uchun vaqtni tejaydi.

Hozircha bu funksiya Gemini premium obunachilari uchun faqat ingliz tilidagina mavjud.

Bir umrlik akkamulyator

Ilm-fan dunyosida energiya manbalari haqidagi tushunchamizni tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan ixtirolar qilinyapti. Xususan, Bristol universiteti va Buyuk Britaniya Atom energiyasi boshqarmasi olimlari 5700 yilgacha xizmat qilishi mumkin bo‘lgan noyob akkumulyator yaratdi.

Akkumulyatorning hajmi juda kichkina bo‘lib, uglerod-14 radioaktiv izotopi olmos qobig‘iga xavfsiz tarzda o‘ralgan. Olimlarning ta’kidlashicha, olmosli batareyalar ko‘z implantlari, eshitish apparatlari va yurak stimulyatori kabi tibbiy asboblar uchun ishlatilishi mumkin. Bu esa almashtirishga bo‘lgan ehtiyojni minimallashtiradi va bemorlar uchun juda katta qulayliklar yaratadi.

Olmosli batareyalardan ekstremal muhit, xususan, kosmosda ham foydalanilishi mumkin. Natijada xarajatlar kamayib, kosmik qurilmalarning ishlash muddati uzayadi.

Onlayn mashinalar savdosi

Amazon avtomobil savdosiga ham kirib keldi. Kompaniya Hyundai bilan hamkorlikda AQShning 48 shahrida mashinalarni internet orqali sotishni boshladi. Endilikda xaridorlar platforma orqali avtomobil tanlash, eski mashinasini yangisiga almashtirish va hatto yetkazib berishni tashkil qilish imkoniyatiga ega.

Sotuvda hozircha faqat Hyundai avtomobillari mavjud, ammo kelajakda boshqa brendlar ham qo‘shilishi kutilmoqda. Amazon ushbu jarayonda vositachi sifatida ishlaydi, ya’ni xaridor avtomobilni to‘g‘ridan to‘g‘ri dilerdan sotib oladi.

Amazon Auto loyihasi orqali xaridorlarga savdo jarayoni qulaylashtiriladi, dilerlar esa yangi mijozlar oqimiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, kompaniya 2025 yil 10 yanvargacha mashina sotib olganlarga 2300 dollarlik sovg‘a kartasini ham taklif qilyapti. Bu loyiha mashina xarid qilishni yanada qulaylashtirishga qaratilgan.

Hozirda Amazon'ning umumiy foydalanuvchilari soni 310 milliondan ortadi, bu esa platformaga yetarli darajada xaridor topish imkoniyatini taqdim etadi.

Aqlli” uzuk

Pandemiya avjiga chiqqan paytda ko‘plab kompaniyalar kasallikning dastlabki belgilarini aniqlashga yordam beradigan gadjet ixtiro qilishni juda ham xohlagandi. Oradan 4 yil o‘tibgina bu g‘oya amalga oshirildi.

Finlandiyaning Oura Health kompaniyasi tomonidan yaratilgan Oura Ring “aqlli” uzugi sizga shunday imkoniyatni taqdim qiladi. Innovatsion qurilmaning yangilangan funksiyasi to‘g‘ridan to‘g‘ri insonlarga diagnoz qo‘ymasa-da, kasalliklarning dastlabki belgilarini aniqlashda yordam beradi. Tadqiqotlarga ko‘ra, inson tanasi kasallik boshlanishidan bir yoki ikki kun avval o‘z faoliyatini o‘zgartiradi. Aqlli uzuk kasallik turini aniqlay olmasa-da, uning mavjudligi haqida foydalanuvchini oldindan ogohlantirishi mumkin.

Aqlli uzukning ichki yuzasida tana harorati, yurak urishi, nafas olish tezligi, faollik darajasi, uyqu sifati va foydalanuvchi tanasining boshqa parametrlarini kuzatuvchi bir nechta datchiklar mavjud. Shu asosida u ma’lumotlarni to‘playdi va tanada kasallik alomatlari bor yoki yo‘qligi haqida xabardor qiladi.

Oura Ring 4 o‘n ikki xil o‘lcham va oltita rangda sotuvga chiqarilgan. Uning boshlang‘ich narxi 349 dollar.

Dunyodagi eng uzun haydovchisiz metro

Saudiya Arabistonida dunyodagi eng uzun haydovchisiz metro ishga tushirildi. Joriy yilning 1 dekabridan ish boshlagan Ar-Riyod metropolitenining umumiy uzunligi 176 kilometr bo‘lib, oltita asosiy yo‘nalishdan iborat.

Poyezdlarning mashinisti yo‘q, ularning harakati tezlik, ravonlik va xavfsizlikni nazorat qiluvchi zamonaviy tizim bilan himoyalangan, eshiklar avtomatik ochilib yopiladi. To‘liq konditsionerlar bilan jihozlangan stansiyalardagi platformalar yo‘lovchilarning poyezd yo‘liga chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaydigan zamonaviy to‘siqlarga ega. Shuningdek, metropoliten stansiyalari va vagonlari ovoz kuchaytirgich hamda ma’lumotlar ekrani kabi ilg‘or tizim bilan jihozlangan.

Tizim har kuni 3,6 millionga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Umumiy hisobda shahar 85 ta metro stansiyasiga ega bo‘ladi. 

Ma’lumot uchun, ushbu loyiha 2012 yilda boshlangan bo‘lib, dastlab 2018 yilda yakunlanishi rejalashtirilgan edi. Ammo turli xil sabablarga ko‘ra ishlar kechikib ketdi. Umumiy qiymati 35 mlrd dollarga baholanayotgan yangi metro Ar-Riyoddagi tirbandlikni 30 foizga kamaytirishi kutilmoqda.

Yorug‘lik va suvdan vodorod yonilg‘isi olishga qodir reaktor

Yaponiyaning Shinshu universiteti olimlari suvdan foydalanib, quyosh energiyasini vodorod yonilg‘isiga aylantira oladigan tajribaviy reaktor yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Garchi jarayonning samaradorligi hali kutilgan darajadan pastroq bo‘lsa-da, bu kashfiyot allaqachon mutaxassislar orasida katta qiziqish va hayrat uyg‘otmoqda.

Tajribada 100 kvadrat metr maydoniga fotokatalitik varaqlar o‘rnatildi. Ular quyosh nuri ta’sirida kimyoviy reaksiyani boshlab, suvni kislorod va vodorodga ajratadi. Hosil bo‘lgan vodoroddan ekologik toza yonilg‘i sifatida foydalanish mumkin.

Yangi texnologiyaning asosiy xususiyati ikki bosqichli jarayondan iborat. Birinchi bosqichda kislorod ajratib olinadi, ikkinchisida esa vodorod. Bunday yondashuv “bir bosqichli” katalizatorlardan foydalanishda yuzaga keladigan qator muammolarning oldini olishga imkon beradi.

Vodorod yonilg‘isi iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishning eng istiqbolli yechimlaridan biridir. U nafaqat issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytiradi, balki transport, ishlab chiqarish va maishiy ehtiyojlar uchun barqaror energiya manbai ham hisoblanadi.

Mavzuga oid