Jahon | 21:40 / 15.12.2024
6696
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya harbiy razvedka rahbari hibsga olindi

Politsiyaning taxminicha, u prezidentning Janubiy Koreyada harbiy holat joriy etish rejalari haqida oldindan bilgan bo‘lishi mumkin.

Janubiy Koreya politsiyasi mamlakat harbiy razvedka qo‘mondonligi rahbari Mun San Xoni hibsga oldi, deb xabar berdi Yonhap. Undan oldin rahbar bo‘lib ishlagan No Sang Von ham hibsga olingan.

Harbiy razvedkaning amaldagi rahbari 3 dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasi binosiga harbiy xizmatchilarni yuborganlikda gumon qilinmoqda. Politsiyaning taxminicha, u prezidentning Janubiy Koreyada harbiy holat joriy etish rejalari haqida oldindan bilgan bo‘lishi mumkin. Chunki Mun San Xo harbiy holat e’lon qilinganidan ikki daqiqa o‘tgach, harbiylarni Markaziy saylov komissiyasi binosiga yuborish to‘g‘risida buyruq bergan.

Harbiy razvedkaning sobiq rahbari No Sang Von harbiy holat joriy etish rejasini tayyorlashda gumonlanib hibsga olingan. Janubiy Koreya muxolifatining ta’kidlashicha, No Sang Von tegishli farmon matnini tayyorlagan. U, shuningdek, mamlakatning sobiq mudofaa vaziri Kim Yong Xyun bilan yaqin munosabatlarga ega, u harbiy holat joriy etish rejasining asosiy ijrochisi deb ataladi. U 8 dekabr kuni hibsga olingan edi.

3 dekabr kuni Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol parlament va siyosiy partiyalar faoliyatini taqiqlovchi harbiy holat e’lon qildi. Parlament a’zolari, taqiqqa qaramay, harbiy holatni bekor qilish uchun ovoz berishdi. 14 dekabr kuni ular davlat rahbariga impichment e’lon qilishdi. Endi prezident taqdiri Konstitutsiyaviy sudning qaroriga bog‘liq bo‘lib turibdi. Sud yig‘ilishi 16 dekabr kuni o‘tkaziladi.

Mavzuga oid