O‘zbekiston elchisi Chexiya prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Dilshod Ahatov o‘rindoshlik asosida mamlakatning Chexiyadagi elchisi etib tayinlandi.
O‘zbekistonning Germaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Ahatov (qarorgohi Berlin shahrida) Chexiya prezidenti Petr Pavelga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Qayd etilishicha, Chexiya prezidentining rasmiy qarorgohi — «Praga qasri»da ishonch yorliqlarini topshirish marosimi doirasida faxriy qorovul ishtirokida tadbir o‘tkazilib, O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilgan va mamlakat madhiyasi yangragan.
Suhbat chog‘ida Petr Pavel O‘zbekistonni Chexiyaning xalqaro hamjamiyatdagi muhim hamkorlaridan biri sifatida e’tirof etgan. Chexiya rahbari rasmiy Praganing O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirishga qiziqishi yuqori ekaniga urg‘u bergan.
«U so‘nggi paytlarda mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy aloqalar mustahkamlanib borayotganini ta’kidlab, O‘zbekiston prezidentining Chexiya bosh vaziri Petr Fiala bilan joriy yil 13 noyabr kuni Bakudagi uchrashuvi va mamlakat tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiyning 21-22 oktyabr kunlari Toshkentga tashrifi yuqori darajadagi muloqotlarning izchil faollashuviga zamin yaratishini qayd etdi», — deyiladi xabarda.
Chexiya yetakchisi transport, mashinasozlik, energetika, tibbiyot kabi sohalardagi hamkorlik ikki tomonlama manfaatli bo‘lishini ma’lum qilgan. Shuningdek, Petr Pavel Yevropa Ittifoqining «Global darvoza» (Global Gateway) strategiyasi doirasida transport sohasida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish bo‘yicha hamkorlikni olib borish ikki mintaqaning iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, Dilshod Ahatov 2023 yilning oktyabr oyida O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi sifatida Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerga ishonch yorliqlarini topshirgan edi. Dilshod Ahatov O‘zbekistonning Shveytsariya va Chexiyadagi o‘rindoshlik asosida elchisi ham hisoblanadi.
Mavzuga oid
15:42 / 20.12.2024
O‘zbekistonlik kadrlarni Chexiyada ishga joylashtirish boshlanadi
09:20 / 19.12.2024
Chexiya parlamenti rossiyaliklar uchun fuqarolik olish huquqini chekladi
14:39 / 07.12.2024
Chexiya uzilishlardan keyin yana Rossiyadan neftni «Drujba» orqali olyapti
23:54 / 19.11.2024