“Yo deport bo‘lasan, yo armiyaga qo‘shilasan deyishdi” – Moskvaga o‘qishga borib, urushda qatnashgan talabaga hukm o‘qildi
22 yoshli farg‘onalik yigit Rossiya armiyasi safida 2023 yil 13 oktyabr kunidan 2024 yil 10 fevralgacha Luhansk va Donetskdagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan. Tan jarohati olib, gospitalda davolanib chiqqach komandirining turli xil haqoratomuz so‘zlari sabab O‘zbekistonga qaytgan. U sudda onkologik kasallikka chalingan onasini davolatish va operatsiya qildirish uchun shu ishga qo‘l urganini aytgan.
Qo‘shtepa tumanida Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda qatnashgan yigit jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, 2002 yil Qo‘shtepa tumanida tug‘ilgan A.X 2022 yil 30 noyabr kuni o‘qish maqsadida Rossiya Federatsiyasining Moskva shahriga borgan. Xususiy oliy ta’lim muassasalaridan birida tahsil olib yurgan A.X. moddiy manfaatdorlik evaziga Rossiya armiyasiga yollangan. U 2023 yilning 23 avgust kuni Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda qatnashish uchun oyiga 350-400 ming rubl haq evaziga Rossiya Qurolli kuchlari bilan bir yil muddatga shartnoma tuzgan. So‘ngra A.X. 2023 yil 13 oktyabr kunidan 2024 yil fevral oyiga qadar 4 oy davomida Luhansk va Donetsskdagi jangovar harakatlarda ishtirok etgan.
A.X. sudda aybiga to‘liq qiror bo‘lgan.
“2021 yilning sentabr oyi oxirlarida Moskva shahridagi xususiy oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirdim. O‘qish davomida mavsumiy ishlar bilan ham shug‘ullanib keldim. 2023 yil taxminan yoz oylarida politsiya yashash hujjatlarim yo‘qligi sababli ushlab, Moskva shahridagi politsiya boshqarmasiga olib bordi. U yerda hujjatlarim yo‘qligini, Rossiyadan deport qilinishimni, jinoyat ishi qo‘zg‘atilishini yoki armiya safiga qo‘shilsam Rossiya fuqaroligi berilishini taklif qilishdi. O‘z ixtiyorim bilan rozi bo‘ldim.
Politsiya xodimlari menga chaqiruv qog‘ozi berishdi. 2023 yil 17 avgust kuni chaqiruv qog‘ozi bilan Moskva shahridagi “Yablochko” chaqiruv punktiga borib, Rossiya Qurolli kuchlari tarkibida Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda qatnashish uchun bir yillik shartnoma tuzdim. Chaqiruv punktida ko‘rikdan o‘tib, Moskva viloyatidagi vaqtinchalik saqlash lageriga yuborildim. Shartnoma bo‘yicha oylik ish haqim 195 000 rubl atrofida bo‘lgan.
Keyin Samara viloyati Tolyatti shahridagi harbiy qismga yuborildim. Harbiy qismda menga Rossiya Qurolli kuchlari harbiy guvohnomasi berildi. U yerda bir yarim oy harbiy tayyorgarlikdan o‘tganimdan so‘ng, boshqa shaxslar bilan birga, 2023 yil 10 oktyabr kuni Rossiya-Ukraina chegarasi yaqinidagi lagerga joylashtirildik. 2023 yil 13 oktyabr kuni men va boshqa shaxslarni Luhansk shahridagi jangovar harakatlarda ishtirok etish uchun olib borishdi. U yerda to‘rt oy davomida harbiy harakatlarda ishtirok etib, 2024 yil 10 fevral kuni Donetsk viloyatiga bordik. Harbiy harakatlarda olgan tan jarohatlari sababli 2024 yilning 26 fevral kuniga qadar Donetsk shahridagi gospitalda davolandim”, deya ko‘rsatma bergan sudlanuvchi.
Shundan so‘ng A.X. Tolyatti shahridagi harbiy qismga borgan. Harbiy harakatlarda qatnashganligi uchun berilgan mablag‘ga mashina va Tolyatti shahridan ipoteka krediti asosida kvartira sotib olgan. Shuningdek, unga medal va Rossiya fuqaroligi berilgan.
A.X. 2024 yilning 14 sentabr kuni mashinani nomiga o‘tkazib olish maqsadida harbiy qism hududidan yashirincha chiqqan. Shunda Andrey ismli komandiri qo‘ng‘iroq qilib, uni haqoratlagan. U esa shartnomani bekor qilishini aytib, mashinasida O‘zbekistonga qaytgan.
Yigit onkologik kasallikka chalingan onasini davolatish va operatsiya qildirish uchun pul zarur bo‘lganligi sababli noilojlikdan shu ishga qo‘l urganini, qilmishidan pushaymonligini bildirgan hamda suddan o‘ziga yengillik berishni so‘ragan.
Sud hukmi bilan A.X. Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida (yollanish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan tayinlangan jazo shartli hisoblanib, 3 yil sinov muddati belgilangan.
Oldinroq Rossiya armiyasiga yollangan qo‘shtepalik erkak 5 yilga qamalgani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
23:25 / 22.12.2024
Rossiyada safar sumkasi ichidan o‘zbekistonlik ayolning jasadi topildi
00:36 / 22.12.2024
Moskva aeroportida Rossiya ta’lim vazirining sobiq o‘rinbosari qo‘lga olindi
14:20 / 21.12.2024
RF atletlariga neytral maqomda OO‘ga yo‘llanma olish uchun ruxsat berildi
11:41 / 21.12.2024