O‘zbekiston | 15:01 / 17.12.2024
14405
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda fuqarolarning mashinalarini ijaraga olib, ularni yo‘q qilish bilan shug‘ullangan yirik uyushgan guruh ustidan sud boshlandi

14 kishidan iborat jinoiy guruh a’zolari odamlarning avtomobillarini go‘yoki ijaraga olib, ularni qaytarib bermay, ehtiyot qismlarga bo‘lib, yo‘q qilib yuborish bilan shug‘ullangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Jalaquduq sudi ko‘rayotgan ishda 40 ga yaqin avtomobillar topilmagan va egasiga qaytarilmagan.

Andijon viloyati Jalaquduq tumani sudida fuqarolarning mashinalarini ijaraga olib, ularni yo‘qotish bilan shug‘ullangan yirik jinoiy guruh ustidan sud boshlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, jinoiy guruh a’zolari 60 tacha mashinani firibgarlik yo‘li bilan ijaraga olib, so‘ng ehtiyot qismlarga bo‘lib, yo‘q qilib yuborgan.

Tergov vaqtida faqatgina 15 tacha mashina topilib, jarima maydoniga qo‘yilgan. Topilgan mashinalarning deyarli barchasi nosoz holda bo‘lgani, ko‘plab ehtiyot qismlari yechib olingani, o‘rniga yaroqsizlari o‘rnatib qo‘yilgani aytilmoqda.

Kun.uz bilan bog‘langan jabrlanuvchilardan biri Nexia-3 avtomobilini ijaraga berganini, ammo qaytarib ololmaganini ma’lum qildi.

“Biz Muhammadyunus degan odamga ijaraga berganmiz. U Rustam degan odamga bergan, Rustam esa Namanganga, Jalolxon qassob deganiga olib borib bergan, tergovda shunday ko‘rsatmalar berildi. Lekin sudda ular bir birimizni tanimaymiz deyishmoqda”, deydi jabrlanuvchi.

Sud majlislari onlayn jadvalida ko‘rinishicha, sudlanuvchilar 14 kishini tashkil etadi. Ular quyidagilar:

  • Ortiqov Nizomiddin
  • Mirzayev Shoyodbek
  • Dehqonov Valijon
  • Shamsuddinov Sayfiddin
  • Ermatov Rahimjon
  • Urunbayev Rustamjon
  • Xolberdiyev Muzaffar
  • Sodiqov Umidbek
  • Mirzayev Mash’albek
  • Valiyev Muhammadyunus
  • Qahhorov Jaloliddin
  • Tursunov Dilshod
  • Muxtorov Usmonbek
  • Yunusov Botirjon.

Yuqorida ism-shariflari keltirilgan shaxslar Jinoyat kodeksining 168-modda 4-qismi “a” va “v” bandlari (uyushgan guruh tomonidan juda ko‘p miqdorda firibgarlik), 171-modda 3-qismi “a” va “b” bandlari, (jinoiy yo‘l bilan topilgan mulkni olish yoki o‘tkazish), 227-modda 2-qismi “a” bandida (avtomototransport vositalarining davlat raqam belgilarini nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki yashirish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Jinoyat ishida 57 nafar jabrlanuvchi bor.

Mavzuga oid